Home / YANGILIKLAR / UCHINCHI MUALLIM

UCHINCHI MUALLIM

Suhbatlarning birida taniqli faylasuf Omonulla Fayzullayev “Agar muallimi avval — birinchi muallim Aristotel, muallimi as-soniy — ikkinchi muallim Forobiy boʻlsa, akademik Muzaffar Xayrullayev muallimi as-solis — uchinchi muallimdir”, deya atoqli olim ilmiy-ijodiy merosiga yuksak baho bergandi. Bu akademik Xayrullayevning Abu Nasr Forobiy ilmiy merosini qayta tiklashga qoʻshgan ulkan hissasi hamda jahon forobiyshunosligi borasida dunyo faylasuflari orasida katta obroʻ qozonganligiga bir ishora edi.

Omonulla Fayzullayev ilm-fan fidoyisi haqida shunday yozgan: “Muzaffar Muhiddinovich Xayrullayev fanimiz va madaniyatimiz sohasida koʻzga yalt etib koʻringan iqtidorli shaxs. Uning nomisiz XX asrning ikkinchi yarmida falsafamiz rivojini tasavvur qilib boʻlmaydi. Axir 40 yildan ortiq ikkita oliy dargoh — I. Moʻminov nomidagi Falsafa va huquq hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutlari rahbari, shuningdek, Markazqoʻmda boʻlim boshligʻi boʻlib ishlashga hamma ham muyassar boʻla olmaydi, hammaning qoʻlidan ham kelmaydi.

Abu Nasr Forobiyni qaytadan kashf etgan faylasuf ham shu zotdir. Dunyoning yarmida boʻlib oʻtgan ilmiy kongresslarda Oʻzbekistan falsafasi yutuqlarini targʻib qilgan vakilimiz ham shu kishi!”

Keng jamoatchilik akademik Muzaffar Xayrullayevni isteʼdodli olim, jamoat va davlat arbobi, toza qalbli, samimiy inson sifatida eslaydi. Darhaqiqat, bu kishi Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar, xususan, falsafa fani taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan zabardast olimlardan biri edi. U akademik Ibrohim Moʻminov rahbarligida Abu Nasr Forobiyning ulkan ilmiy merosini tahlil etib, alloma yashagan davrning Markaziy Osiyo fani va madaniyati tarixida oʻziga xos uygʻonish davri boʻlganligini dadil isbotlab bera olgan edi.

Bu davr, bir tomondan, Markaziy Osiyoda shakllangan islom madaniyati taʼsirida ilm-fan taraqqiyotiga eʼtiborning kuchaygan payti boʻlsa, ikkinchidan, yurtimizda buyuk mutafakkirlar merosining qadimgi xalqlar, jumladan, yunon falsafasi anʼanalari bilan chatishib ketganligi hamda mazkur merosni arabchaga tarjima qila oladigan yuqori malakali olimlarning yetishib chiqqanligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Abu Nasr Forobiyning oʻzi ham juda koʻp qadimiy tillarni yaxshi egallagan, xotirasi nihoyatda kuchli shaxs boʻlgan.

M. Xayrullayevning taʼkidlashicha, “arab madaniyati, arab fani, arab falsafasi nomi ostida dunyoga tanilgan mutafakkirlarning aksariyati Markaziy Osiyodan — bizning yurtimizdan chiqqan olimlar edi. Ularning alohida bir xususiyati — xotirasining kuchliligida edi”.

Bu hodisaning sababini biz Abu Rayhon Beruniyning “Osori al boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarida ham uchratamiz. Markaziy Osiyoga bostirib kelgan bosqinchilar har safar ajdodlarining bilimlarini egallagan olimlarni qilichdan oʻtkazishgan, yozma manbalarini esa gulxanga tashlashgan. Natijada qimmatli fikrlar bayon qilingan asarlar yoʻqolib ketmasligi uchun odamlar ularni xotirada saqlashga majbur boʻlishadi. Shu tariqa Markaziy Osiyoda yod olish sanʼati vujudga kelgan. Butun boshli yirik epik asarlarni yoddan aytadigan baxshilar ham paydo boʻlgan. Qimmatli fikrlarni sheʼrga solib hikoya qilish rasmga aylangan. Shu sababli xotirasi kuchli kishilar paydo boʻladi. Kuchli xotira koʻp tillarni oson egallashga imkon beradi. Shu bois qadimgi ajdodlarimiz kamida uch-toʻrt tilda erkin gaplasha olgan. Bu ilm-fan taraqqiyotida, ayniqsa, tarjima sohasida juda qoʻl kelgan.

Ota-bobolarimiz qadimgi suriyon, yahudiy, yunon, sanskrit va boshqa unutilib ketayotgan tillardan ham qimmatli asarlarni oʻz tillariga tarjima qilishgan. Ayniqsa, bu odat Markaziy Osiyoga islom dini kirib kelib, Qurʼoni karimni yod olish ehtiyoji vujudga kelgan davrlarda hamda shu din orqali ilm-maʼrifatni egallashga keng yoʻl ochilgandan soʻng nihoyatda ommalashdi.

Bu davrda koʻplab asarlar, jumladan, qadimgi yunon faylasuflari Suqrot, Aflotun, Arastu, Arximed, Yevklid, Gipparx, Gippokrat, Ptolomey va boshqalarning asarlari ham arab tiliga tarjima qilina boshlandi. Bu, bir tomondan, islom diniga eʼtiqod qiluvchi mamlakatlarda ilm-fanning rivojlanishiga, ikkinchi tomondan, keyinchalik Yevropa mamlakatlarida ham antik davr fan va madaniyatining qayta jonlanishiga, Yevropa uygʻonish davriga zamin boʻldi.

Muzaffar Xayrullayev bu davrni “Sharq uygʻonish davri” deb atadi. Totalitar kommunistik mafkura oqni qora deb, Oʻrta Osiyo xalqlarini “madaniyati past, qoloq, turmush tarzi ibtidoiy darajadagi feodal munosabatlar taʼsirida qotib qolgan xalqlar” tarzidagi gʻayri ilmiy baholashni zoʻr berib targʻib etayotgan bir davrda bunday atamani ishlatish haqiqatdan ham katta ilmiy jasorat edi. Olimning bu jasorati oʻsha davrda keng eʼtirof etildi. Jumladan, oʻtgan asrning 70-yillari boshida Toshkentda boʻlib oʻtgan “Hozirgi zamon fanlarining falsafiy muammolari” mavzuidagi ilmiy-nazariy konferensiyada Moskvada nashr etiladigan “Filosofskiye nauki” jurnalining bosh muharriri V. Gott soʻz olib, “Muzaffar Xayrullayevning falsafa tarixiga, falsafiy fanlar taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqiqatdan ham tahsinga loyiq. U falsafa tarixida forobiyshunoslik yoʻnalishini taraqqiy ettirib, fanda butun boshli ilmiy maktab yaratishga erishdi”, degan edi.

M. Xayrullayev (1951 — 1954) aspiranturada mantiq ilmi boʻyicha tadqiqot olib borgan va shu fanning ravnaq topishi yoʻlida buyuk vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy katta ishlarni amalga oshirganini chuqur anglab yetgan. Darhaqiqat, Abu Nasr Forobiy Aristoteldan keyin mantiq ilmini yuqori choʻqqiga koʻtara olgan eng yirik mutafakkirdir. Ayniqsa, uning sillogizmlar nazariyasiga qoʻshgan hissasi mantiq fani tarixida alohida ahamiyatga ega. M. Xayrullayev Forobiyning ulkan ilmiy merosini bitta ilmiy-tadqiqot instituti doirasida amalga oshirish mumkin emasligini tushunib yetib, hamkorlikka Falsafa va huquq institutidan tashqari Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, moskvalik va olma-otalik olimlarni ham daʼvat etadi.

Alloma asarlari qoʻlyozmalarini oʻrganish uchun butun boshli tarjimonlar guruhini shakllantiradi. Ular Forobiyning arab tilida yozilgan qoʻlyozmalarini peshma-pesh tarjima qilib, ularga sharhlar ham yozishadi.

Shu tariqa, Forobiy zamondoshlari va mutafakkir haqida izlanishlar olib borgan keyingi davr olimlarining ham ilmiy merosi tadqiq etila boshlandi. Oʻzbekistonda Oʻrta asrlar falsafa tarixini tadqiq etuvchi ilmiy-ijodiy maktab shakllandi.

Biz Muzaffar Xayrullayevni yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratgan jonkuyar ustoz va murabbiy, masʼuliyatli rahbar sifatida ham yaxshi bilamiz. U 1970 yilning boshlarida Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) falsafa boʻlimi talabalariga “Oʻrta va Yaqin Sharq falsafasi tarixi” boʻyicha maxsus kursdan saboq bergan. Kamina ham shu kursni tinglash sharafiga muyassar boʻlganman. Ustozning jussasi kichik boʻlsa-da, harakatlari chaqqon, koʻzlari yonib turar, gaplari vazmin va fikrlarida mantiq kuchli edi. Murakkab masalalarni ham sodda va tushunarli qilib ifoda eta olar, maʼruzalarini oʻta mahorat bilan oʻqirdi. Auditoriyaning holatini sinchkovlik bilan kuzatib turar, agar tinglovchilarning toliqqanini sezsa, maʼruzani joyida toʻxtatib, “Endi bir rivoyat eshitinglar”, deb mavzuga aloqador biror sharqona rivoyatni hikoya qilar edi. Bu usul bilan tinglovchilarning charchogʻini olardi.

Ustoz ilm yoʻlida hech kimdan qimmat­li maslahatini ayamasdi. Uning uchun laborant ham, kichik ilmiy xodim ham, aka­demik ham birdek edi. Shu sababli kattayu kichik ilm ahli hech tortinmasdan domla qabuliga kirib kelaverardi. Ustoz haqiqiy fan fidoyilarini hurmat qilar va ularga ilm bilan shugʻullanish uchun zarur sharoit yaratib berardi. Bu haqda shogirdlaridan biri shunday degan edi: “Muzaffar Muhiddinovichning rahbarligida ishlash rohat. Ilmda muvaffaqiyatga erishsang, maqtoviga sazovor boʻlasan, ishlashga barcha sharoitlarni yaratib qoʻyadi, kamchilikka yoʻl qoʻysang, seni koyish oʻrniga, ularni oʻzi tuzatib qoʻya qoladi. Sen esa yoʻl qoʻygan xatolaringga oʻzing hijolat chekib, bunday kamchilikka qayta yoʻl qoʻymaydigan boʻlasan. Ustoz ana shunday bagʻrikeng insondir”. Muzaffar Xayrullayev Markaziy Osiyoda yashab oʻtgan mutafakkirlarning kelib chiqishi haqida gap borganda, “ular Markaziy osiyolik Sharq mutafakkirlaridir”, degan nuqtai nazarni qatʼiy turib himoya qilar edi. Bu fikrni Ibrohim Moʻminov ham, Omonulla Fayzullayev ham yoqlagan. Lekin oʻtgan asrning 70 — 80-yillarida roʻy berayotgan milliy uygʻonish jarayoni taʼsirida har bir respublika ziyolilari “bu — bizning bobokalonimiz, bunisi esa seniki” qabilidagi ayirmachilik siyosatini avj oldirishgan, buning oqibatida hammamiz uchun birday qadrdon bobokalonlarimizni boʻlishib olish boshlangandi. Ammo, shunga qaramasdan, atoqli olim “Markaziy Osiyoda yashagan xalqlarning etnik kelib chiqishi birdir. Oʻtmishda oʻtgan har bir mutafakkir oʻzbekka ham, tojikka ham, qozoqqa ham, qirgʻizga ham, turkmanga ham, qoraqalpoqqa ham birday aziz va ular har birimizning bobokalonimizdir. Biz “boʻlib tashla va ularning ustidan hukmronlik qil”, degan siyosatga qarshi birlashish, hamjihatlik yoʻlidan borishimiz kerak. Shunda bizning ustimizda hukm yuritishga jurʼat qila olishmaydi”, degan qatʼiy fikrda turardi.

Ustozning bu fikrlari bugungi mustaqil taraqqiyot yoʻlidan borayotgan mamlakatimiz olimlari uchun ham dolzarb ahamiyatga ega yondashuvdir.

Muzaffar Xayrullayev Markaziy Osiyo mutafakkirlari merosini tadqiq etish asnosida mintaqamizda bundan ming yillar ilgari ham taraqqiy etgan yaxlit, mo­nolit madaniy qatlam boʻlganligi va biz, Markaziy Osiyo xalqlari ana shu yuksak madaniy merosning qonuniy vorislari ekanligimizni keng ilmiy jamoatchilik oldida atroflicha asoslab bergan olimlardan biri sifatida bugungi yoshlar uchun ibrat boʻlishga munosibdir.

Akademikning ilmiy mehnatlari mustaqillik yillarida munosib baholanib, Beruniy nomidagi davlat mukofoti hamda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangani ham fikrimizga dalil boʻladi.

Allomaning salohiyatli shogirdlaridan Asomiddin Oʻrinboyev, Ubaydulla Uvatov singari olimlar milliy maʼnaviyatimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshishgan, taniqli manbashunos olimlardan Ashraf Ahmedov, Abdumajid Madraimov, akademik Dilorom Yusupova, Mahmud Hasanov, Surayyo Karimova, Bahrom Abduhalimov, Mahbuba Abdullayeva, Royiq Bahodirov, Shovosil Ziyodov, Muhammadjon Qodirov, Mahmudjon Nuriddinov, Abduqodir Zohidov va boshqalar ustoz boshlab bergan maʼnaviy merosimizni rivojlantirishdek sharafli yoʻlda, Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda.

Agar akademik Muzaffar Xayrullayev hayot boʻlganida bugungi kunlarda 90 yoshga kirib, yurtimizda qad koʻtarayotgan Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy taraqqiyotiga hamda boʻlajak uchinchi Renessansning roʻyobga chiqishiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan boʻlar edi.

Baxtiyor TOʻRAYEV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Bosh maslahatchisi,
falsafa fanlari doktori, professor.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 7 yanvar, № 4 (8066)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …