Allomalarimiz ilmiy-maʼnaviy merosiga oid boʻlgan har bir manbaning qoʻlyozmalarini aniqlash va ularni alohida-alohida oʻrganish davrimizning muhim vazifalaridan sanaladi. Shundagina asar va uning ahamiyati, u bilan bogʻliq barcha holatlarni toʻlaqonli ochish imkoniyati yaratiladi. Bu qonuniyatni istisnosiz barcha manbalarga nisbatan tatbiq etish lozim. Chunki, boy qadimiy madaniy yozma merosga ega Sharq olamining yirik markazi boʻlmish Oʻzbekistonda bu borada keyingi yillarda katta hajmdagi ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbek xalqining koʻp asrlik tarixi davomida yozilgan manbalarni oʻrganish orqali bevosita ajdodlardan yetib kelgan millatimizning tarixi, dini, fani, adabiyoti, diplomatiyasi, anʼanasi va urf-odatlariga oid manbalar bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun mintaqa ilmiy-maʼnaviy merosi bilan bogʻliq yozma manbalarni izlab topish, tartibga solish, tavsif etish, turli yoʻnalishdagi matnlarini yaratish, ularga bagʻishlangan ilmiy tadqiqotlar olib borish lozim boʻladi. Shuningdek, matnlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish, izoh, sharh, lugʻat va faksimilelari bilan nashr etib, ommalashtirish ishlari ham maʼnaviy merosni oʻrganishda muhim oʻrin tutadi. Shu nuqtai nazardan Sharq qoʻlyozmalarining ilmiy-tavsifiy kataloglarini tuzish birlamchi vazifalar qatorida turadi.
Oʻzbekistonning minglab allomalari orasida alohida ahamiyat kasb etadigan Imom Buxoriy nafaqat yirik olim, balki oʻzining goʻzal xulq-atvori, muruvvatliligi va beqiyos saxovati bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni oʻtkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida gʻoyat katta shuhrat qozongan – manbalarda Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.
Imom Buxoriy avlodlarga 24 nomdagi asardan iborat boy va nodir ilmiy meros qoldirgan. “Al-Jomeʼ as-sahih”, “Al-Adab al-mufrad”, “At-Tarix as-sagʻir, “At-Tarix al-avsat”, “At-Tarix al-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Birr al-volidayn”, “Asomi as-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqa qimmatli manbalar shular jumlasidandir.
Allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-Jomeʼ as-sahih” – ishonchli hadislar toʻplami sanaladi. U islom dini taʼlimotlariga koʻra Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manba hisoblanadi. Asar manbalarda “Al-Jomeʼ as-sahih al-musnad min hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi” (“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislari, sunnatlari va kunlari toʻgʻrisida ishonchli musnad toʻplam”), (tarixchi Badruddin Ayniyning yozishicha,) “Al-Jomiʼ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umuri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi” (“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlari, sunnatlari va kunlari haqida qisqa musnad ishonchli toʻplam”), degan nomlar bilan atalgan. Hadis ilmida u qisqacha “Al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”), aksar hollarda esa “Sahihul Buxoriy” (“Buxoriyning ishonchli toʻplami”)nomi bilan mashhur.
Ushbu asarning yozilish sabablari haqida hadisshunoslikda ikki xil fikr-mulohaza mavjud. Ulardan biri olim Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy (vaf. 854/ 1450) Imom Buxoriyning nomidan bunday hikoya qiladi: “Bir kun biz Isʼhoq ibn Rohavayhning huzurida edik. Ustoz: “Birortangiz Rasulluloh (s.a.v.)ning sahih hadislarini muxtasar bir kitob tarzida jam qilsangiz edi”, dedi. Bu gap mening qalbimga chuqur oʻrnashib qolib, oʻshanda “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini yozishga kirishdim”.
Navaviy keltirgan ikkinchi fikr quyidagicha talqin qilingan: “Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris “Men Imom Buxoriy hazratlari bunday deganini eshitganman: “Tushimda Paygʻambar alayhissalomni koʻribman, goʻyoki men u zotning qarshilarida turibmanu qoʻlimdagi yelpigʻich bilan u zoti sharifdan nimalarnidir haydayapman. Men bu voqea haqida tushning taʼbirini aytuvchilardan soʻrasam, Siz Paygʻambar alayhissalom qavllarini kizbdan tozalagansiz. Mana shu gap mening zimmamga “Al-Jomeʼ as-sahih”ni yozishni yukladi”, deb hikoya qiladi.
Imom Buxoriy sahih hadislarni toʻplashga juda katta masʼuliyat va halollik bilan yondashgan. U: “As-Sahih” kitobimga tahorat qilib ikki rakat namoz oʻqimasdan turib, bironta ham hadis kiritmaganman”, deya taʼkidlaydi. Tarixiy manbalarda asar 16 yil davomida yozilgani zikr qilinadi.
Imom Buxoriyning hadis ilmi va uning turli tarmoqlari, roviylar tarixlaridan har tomonlama toʻliq va keng qamrovli ilmga ega boʻlishi, hadislarni toʻplash maqsadida turli mamlakatlarga ilmiy safarlar qilishi, koʻp sonli va xilma-xil saviyadagi ustoz-shayxlardan hadislar yozib olgani va nihoyat uning quvvai hofizasi aql bovar qilmaydigan darajada kuchliligi, uning noyob qobiliyati va fidoiyligi allomaga “Al-Jomeʼ as-sahih”dek ilmiy va amaliy jihatdan yuksak saviyada boʻlgan yirik asar yaratish imkonini berdi.
Imom Buxoriyning oʻziga xos uslubi boʻlib, bu oʻrinda u yiqqan hadislar roviylarining hissasi alohida oʻrin tutadi. Chunonchi, bu xususda manbalarda “Sahih”ni Imom Buxoriydan yetmish, toʻqson, yuz ming roviy rivoyat qilgani qayd etiladi. Ular orasida Imom Muslim ibn Hajjoj, Abu Zurʼa, Imom Termiziy, ibn Huzayma kabi hadis ilmining yetuk dargʻalari ham boʻlgan. Hadislarni roviylardan yozib olishga ham Imom Buxoriy juda katta masʼuliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashib, faqat eng ishonchli olimu ulamolardangina qayta-qayta tekshirib hadis yozib olgan. Bu xususda allomaning oʻzi “ming yoki undan ortiq ishonchli (siqot) ulamolardan hadis yozib oldim, mening asarimga isnodi keltirilmagan bironta ham hadis kirmagan”, deb taʼkidlaydi. Shu boisdan hadis rivoyat qiladigan shaxslarning ahvollari, ularning nasl-nasabi, u hadisni kimdan eshitgan va boshqa qator masalalarni toʻliq bilgach, ulardan hadis yozib olgan. Bu haqda Imom Buxoriy “Biron kishidan hadis yozib olishim boshqalarnikiga oʻxshamas edi. Men agar biron shaxsdan hadis yozmoqchi boʻlsam, eng avvalo uning ismi sharifi, kunyasi, nasl-nasabi, aytayotgan hadisini qanday manbadan olgani, uning nusxalari haqidagi xabarlarni soʻrab-surishtirar edim, boshqalar esa bu masalalarga koʻp ham eʼtibor bermasdi”, deb hikoya qiladi.
Islom taʼlimoti asoslarini oʻrganishga qaratilgan mana shunday nodir manba juda koʻplab nusxalarda kitobat qilingan va uning qoʻlyozmalari dunyo fondlariga tarqalgan. Dunyo fondlaridagi maʼnaviy merosimiz durdonalarini aniqlash, tavsiflarini tuzib kataloglarini yaratish birlamchi vazifalardan sanaladi. Allomalarimizning fondlardagi qoʻlyozmalari katalogi tuzilmas ekan, bu muhim vazifani bajarish mushkul. Mana shu maqsadda Yangi Oʻzbekistonda allomalar ilmiy merosining kataloglarini tuzish ishlari yoʻlga solingan. Jumladan, termizlik olimlar asarlari katalogi, nasaflik olimlar katalogi, Ustrushona olimlari katalogi shular jumlasidan hisoblanadi. Bu borada Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozma nusxalari katalogini tuzish navbatdagi xayrli ishlar sirasiga kiradi. Dubay Amirligidagi Markaz Jumʼa al-majid li as-saqofa va at-turos — Madaniyat va meros oid Jumʼa-l-majid markazi fondida dunyo mamlakatlari qoʻlyozma fondlaridagi “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining mavjud 1000ga yaqin qoʻlyozmadan olingan elektron nusxalari saqlanadi.
Ish jarayonida bugunga qadar tuzilgan qoʻlyozma manbalarning tarixiy, zamonaviy kataloglari aniqlandi va keng foydalanildi. Mazkur kataloglardagi tavsif uslublari bevosita tahlil etilib, amalda foydalanishga harakat qilindi. Katalogning ilmiy ahamiyatini oshirishga xizmat qiluvchi omillarga ham eʼtibor qaratildi. Dastlab tavsif qoidasi uchun mos boʻlgan kalit soʻzlar tuzilib, unga koʻra oʻsha tavsifi qilinayotgan qoʻlyozma haqida maʼlumotlar berildi. Kataloglardagi maʼlumotlarga koʻra “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining dunyo fondlaridagi eng qadimiy nusxasi Bolgariya milliy kutubxonasida №801 raqam ostida saqlanadi. Mazkur nodir nusxa 407/1017 yilda xattot Ali ibn Muhammad Ishlimiy tomonidan koʻchirilgan, jami 109 varaqdan iborat.
“Al-Jomeʼ as-sahih” qoʻlyozmalari katalogi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Jumladan, katalogda har bir fondning nusxalari alohida tartib raqami bilan koʻrsatilgan. Shuningdek, asar nomi, inventar raqami, manbasi, koʻchirilgan yili, joyi, kotibi, varaqlar soni, varaq oʻlchami, matn oʻlchami, satri, tili, yozuv turi, hoshiyasiga oid qoʻshimcha maʼlumotlar berilgan. Qoʻlyozmaga oid oʻlchamlarni berishda dastlab muqova, varaq va matn oʻlchamlari keltirilgan. Lekin katalogning kalit soʻzlarida baʼzi maʼlumotlar umuman yoritilmay qolgan oʻrinlar ham mavjud. Buning sababi dunyo fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarning kataloglarida oʻsha band boʻyicha maʼlumotning mavjud emasligi yoki yetarlicha oʻrganilmagani bilan bogʻliq.
“Al-Jomeʼ as-sahih” qoʻlyozmalari katalogiga dunyoning 33 ta davlatidagi 70 dan ziyod eng yirik fondlardagi 800 dan ortiq nusxa kiritildi. Jumladan, Avstriya Respublikasidagi fondlarda asarning 6 ta qoʻlyozmasi aniqlangan boʻlsa, ulardan 3 tasi XV asr, 1 tasi XVII asr, 2 tasi XVIII asrda kitobat qilingan. AQSHdagi fondlarda 14 ta nusxa mavjud, ularning XIV asrga – 2 ta, XV asrga – 4 ta, XVI asrga – 1 ta, XVII asrga – 1 ta, XVIII asrga – 6 tasi mansub. Afgʻoniston va Bahraynda 6 tadan nusxa, Fransiya fondlarida – 18 ta, Eron qoʻlyozma fondlarida – 14 ta, BAAda asarning 39 ta qoʻlyozma saqlanadi. Turkiyadagi Ayo Sofiya, Fotih, Laʼlili, Damad Ibrohim Posho kabi 12 qoʻlyozma fondlari kataloglari ham oʻrganib chiqildi. Ayo Sofiya fondida 36 ta, Fotih fondida 26 ta, Laleli fondida 10 ta, Domod Ibrohim Posho fondida 35 ta jami 208 qoʻlyozma mavjudligi aniqlandi. Xorijiy fondlarda aniqlangan 820 qoʻlyozmalarning asosiy qismi XIV-XVIII asrlarda kitobat qilingan.
“Al-Jomeʼ as-sahih” asarining katta hajmli eng qadimiy qoʻlyozmasi Germaniyadagi Berlin davlat kutubxonasi 1326 saqlanish raqami ostida roʻyxatga olingan. Qoʻlyozmaning umumiy hajmi 263 varaqni tashkil etadi. Manba xotimasidagi maʼlumotga koʻra, qoʻlyozma 550/1155 yil kitobat qilingan. Asosiy matni nasx xatida qora siyohda, sarlavha nomlari qizil siyohda koʻchirilgan. Muqovasi qalin kartondan ishlangan, ustiga och sariq rangli qogʻoz yopishtirilgan. Tayaki va dastaki qismlari jigar rangli charmdan ishlangan.
Asar qoʻlyozmalari orasida nodir tarixiy oʻtmishga ega nusxalar ham mavjud. Buyuk Britaniyadagi Manchester universiteti Jon Rilends kutubxonasida saqlanayotgan 957/1550 yili koʻchirilgan qoʻlyozma kolofonidagi yozuvga koʻra, ushbu Arabic MS 69 inventar raqamli qoʻlyozma forsshunos olim Nataniel Blend (1803-1865)ning fondidagi qoʻlyozmalar qatorida 1866 yilda Bernard Kuorich tomonidan Kroufordning 25-grafi Aleksandr Lindsiyga sotilgan. 1901 yilda Enriketa Rilends Kroufordning 26-grafi Jeyms Lyudovik Lindsidan Jon Rilends kutubxonasi uchun sotib olgani toʻgʻrisidagi maʼlumot keltirilgan. Angliya Birmingem universiteti kutubxonasidagi Islamic Arabic 853 saqlanish raqamli nasx xatida koʻchirilgan, unvon bilan bezatilgan Sharq qoʻlyozmasi namunasi. Bob nomlari qizil va yashil siyohda ajratib yozilgan. Matn jadvalga olingan. Muqovasi qopqoqli toʻq jigar rangli charmdan ishlangan. Qoʻlyozma soʻngida boshqa shaxs tomonidan 874/1470 yil sanasi koʻrsatilgan.
Avstriya milliy kutubxonasida 1369 inventar raqami ostida saqlanayotgan moʻtabar qoʻlyozma. Nusxa kotib Muhammad ibn Maʼruf ibn Muhammad tomonidan 890/1485 yil nasx xatida koʻchirilgan, 745 varaq. Bu nodir nusxa Usmonlilar imperiyasining sultoni Sulton Salim I kutubxonasida saqlangan. 2b, 745a sahifalarida Sulton Salimning muhri bosilgan. 1931 yilda Istanbuldagi kitob doʻkonidan sotib olingan. Muqova jigarrang charmdan ishlangan va keyinchalik taʼmirlangan. Matn tilla suvi yuritilgan jadvalga olingan. Qoʻlyozmaning 1b-2a sahifalari naqshlar bilan bezatilgan.
“Al-Jomeʼ as-sahih” asarining AQSHdagi Michigan universiteti Maxsus kolleksiyalar kutubxonasida Isl. Ms. 182 inventar raqamli Shoh Muhammad ibn Ibrohim ibn Husayn Zirbaiy kotib tomonidan 976/1568 yili koʻchirilgan qoʻlyozma nusxasi mavjud. Manbaning eʼtiborli jihati – qoʻlyozma turk sultoni Abdulhamid II ning shaxsiy kutubxonasida saqlangan, keyinchalik 1924 yilda Qohiradan sotib olingan yuqoridagi fondga olib kelingan.
Germaniyadagi Leypsig universiteti kutubxonasi qoʻlyozmalar fondi Ms. or. quart. 1345 inventar raqamli qoʻlyozmasi. U kotib Muhammad ibn Abdulloh ibn Halabiy tomonidan nasx va riqo xatlarida 1358/1759 yili koʻchirilgan. Nusxa tarkibiga asarning ikkita jildi kiritilgan.
Qoʻlyozmaning unvon qismi mavjud boʻlib, unda tilla rang, qizil, qora, koʻk ranglardan bezak berilgan. Qoʻlyozmaning 40 dan ortiq sahifasiga turli hayvonlar, kosmografik belgilar va xat yozayotgan kishining suratlari kabilardan iborat rasmlar chizilgan. Rasmlar kitobning narxini oshirish maqsadida XIX asrdan keyin chizilgan boʻlishi mumkin. Muqovasi toʻq qizil rangli charmdan ishlangan, tamgʻasida “Alloh kofiy” yozuvi bitilgan.
Daniyaning Qirollik kutubxonasida ham “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining nodir nusxasi saqlanadi. Kotib Abdulqodir ibn Shayx Nuriddin Ali Tusiy tomonidan 1168/1754 yili koʻchirilgan: cod.arab. add.8 inventar raqamli qoʻlyozma hoshiyasida Abduholiq Solihiy Hanafiyning 884/1479 yili yozilgan va Abduqodir ibn Mustafo Qurayshiy Shofeʼiy 701/1301 yili bitilgan sharhi bor. Birinchi sahifada qoʻlyozmaning Mustafo ibn Ahmad Mushtariy (vaf.1130/1717) fondiga mansubligi va 1921 yil fevralda Markers va Petters Leypsig shahrida sotib olgani toʻgʻrisida muhr bor.
Misr Arab Respublikasi Al-Azhar kutubxonasi azhariya/331804 raqamli kotib Mustafo ibn Muhammad Shalshaluniy tomonidan koʻchirilgan va 1294/1877 yili Hoji Muhammad Ali Posho kutubxonasiga yil vaqf qilingan nodir qoʻlyozma saqlanadi.
Saudiya arabistoni podshohligi qirol Saud universiteti Al-Maktaba al-markaziya kutubxonasi fondi “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining 7631/1-2 raqamli 974-976/1567-1569 yillar oraligʻida koʻchirilgan nodir nusxasi mavjud. Kotib Muhammad ibn Said Nomiliy tomonidan magʻribiy xatida koʻchirilgan qoʻlyozma tarkibiga Imom Buxoriyning 91 varaqdan iborat “Maʼrifa rijol al-Buxoriy bi asmoihim va ansobihim man amlaa Muhammad ibn al-Hasan an-Nahhot” risolasi kiritilgan.
Oʻzbekistonda ham “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining nodir qoʻlyozmalari saqlanadi. Jumladan, Fanlar akademiyasining Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti asosiy fondida asarning 3257/I saqlanish raqamli qadimiy qoʻlyozmasi mavjud. Kotib Amir Shams ibn Amir Ibod ibn Amir Shams Nuhsiy qoʻli bilan 801/1399 yili koʻchirilgan mazkur nusxaning 1a sahifasida ushbu nusxaning Alouddin Kamoliy Buxoriy tomonidan 848/1444 yil voyaga yetmagan Muhammad Porsoning oʻgʻli Abu Nasr Porsoga sotilgani haqidagi maʼlumot yozilgan. Varaqning soʻngida kitob 1109/1697 yilda Shimoliy Hindistonning Shohjahonobod nomli mavzesida saqlangani qayd etilgan. Bundan tashqari qoʻlyozmaga egalik qilgan 6 nafar shaxsning muhri mavjud.
Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” ishonchli hadis toʻplami qoʻlyozmalarini aniqlash borasidagi tadqiqotlarni davom ettirish davrimiz islomshunosligining dolzarb masalalaridan sanaladi. Bu nodir manbaning dunyo qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarini yoki nusxalarini yurtimizga olib kelish, ularni aynan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida jamlash, matnlarini qiyosiy oʻrganish buxoriyshunoslik sohasining olamshumul ahamiyatga molik yutugʻi boʻladi.