Home / ALLOMALAR / HOFIZ SADAFIY – “SAHIHUL BUXORIY”NING ANDALUSIYADAGI MASHHUR XATTOTI

HOFIZ SADAFIY – “SAHIHUL BUXORIY”NING ANDALUSIYADAGI MASHHUR XATTOTI

Hofiz Sadafiy XI-XII asrlarda hadis roviylari va hofizlarining oʻziga xos bilimdonlaridan biri boʻlgan. U “Sahihul Buxoriy”ni oʻz ustozi Abul Valid Bojiy rivoyati asosida oqqa koʻchirgan. U Abu Zarr Haraviydan, u Firabriydan, u Buxoriydan rivoyat qilgan.

Toʻliq ismi – Qozi Hofiz Abu Ali Husayn ibn Muhammad ibn Firruh ibn Hayyun Sadafiy Andalusiy. Ibn Sukkara nomi bilan ham tanilgan. 454/1062 yili Andalusiyaning shimoli-sharqidagi maʼmuriy va harbiy boʻlinma yerlarida, hozirgi Saragosaga yaqin bir qishloqda tavallud topgan[1].

Abu Ali tugʻilgan joyida voyaga yetib, u yerdagi uztozlardan taʼlim olgan. Abul Valid Sulaymon ibn Xalaf Bojiy, ibn Savof va boshqalardan hadis tinglagan. Almeriyada Abu Abdulloh Muhammad ibn Saʼdon Qurviy, Abu Abdulloh ibn Marobit va boshqa ustozlardan hadisshunoslik ilmini oʻrgangan. Abu Abbos Uzriyning ijozati bilan Valensiyada dars bergan.

Alloma 481/1088 yilda Yaqin Sharqqa safar qilgan. Misrda unga ijoza bergan Abu Isʼhoq Habbol, Qozi Abul Hasan Ali ibn Husayn Xalʼiy, Abu Abbos Ahmad ibn Ibrohim Roziy va boshqa muhaddislar bilan uchrashgan, hadis tinglagan. Shuningdek, Iskandariyada Abul Qosim Mahdiy ibn Yusuf Varroqdan, Makkada imomul haramayn Abu Abdulloh Husayn ibn Ali Tabariydan, Abu Bakr Tartushiydan, Basrada Abul Qosim ibn Shuʼba, Abu Yaʼlo Molikiy, Abul Abbos Jurjoniydan, Vositda Abul Maoliy Muhammad ibn Abdussalom Isfahoniydan hadis tinglagan.

482/1089 yili Bagʻdodga kelib, u yerda besh yil davomida muhaddislardan taʼlim olgan. Jumladan: Vatandoshimiz Abu Bakr Qaffol Shoshiy, Abu Husayn Tuyuriy, Abul Fazl Ahmad ibn Hasan ibn Xayrun va boshqalardan hadis tinglagan. Keyin Shomga borib, hadis ilmini oʻrganishda davom etgan.

Alloma ana shunday uzoq safaridan soʻng 490/1097 yili Andalusiyaga qaytgan. Shundan soʻng ikki marta Marokash shimolidagi Seuta shahriga safar qilgan. U yerda Qozi Iyoz ibn Muso Yahsubiy (1083-1149) kabi ustoz va shogirdlardan boʻlgan bir jamoa undan hadis tinglagan.  

Keyin Mursiya shahriga borib, hadis rivoyat qilish bilan shugʻullangan. Undan koʻp odamlar hadis eshitgan. Tinglovchilar orasida unga qachonlardir ustozlik qilgan Ibn Dovud Muqriy kabi muhaddislar ham boʻlgan. Odamlarning unga ixlos va ishonchi ortishiga, allomaning Yaqin Sharqqa safar qilib, hadis ilmi va roviylarini mukammal oʻrgangani, zaiflaridan kuchlilarini ajrata bilgani, odob-axloqi va omonatgoʻyligi asosiy sabab boʻlgan.

505/1111 yili Ali ibn Yusuf ibn Toshfin hukmronlik qilgan paytda Mursiya shahri qoziligiga tayinlangan. Keyinchalik Sevilya qoziligiga taklif qilingan, ammo qabul qilmagan.

514/1120 yili amir Abu Isʼhoq Toshfin bilan urushga chiqqan. Shu yilning 23 iyunida shahid boʻlgan[2].

Alloma hadis va rivoyat yoʻllarini, hadis illatini, roviylar nomi va rivoyat qilish usullarini yaxshi bilgan. Jarh va taʼdil (roviylarning ishonchli yoki ishonchsizligi)ni ajrata olgan. Xati chiroyli boʻlib, koʻp hadis kitoblarini koʻchirgan, yod olgan. Hadis matnlari, sanadlari va roviylarini yodida saqlagan. Safarlari davomida “Sahihul Buxoriy”, “Sahihi Muslim” va Abu Iso Termiziyning asarlarini oqqa koʻchirgan[3].

Jarh va taʼdil hamma ham uddalay oladigan ish emas. Hofiz Sadafiy roviylarning tugʻilgan va vafot etgan sanalarini, qachon qayerlarga safar qilganini, ustozu shogirdlarini, xulqi va taqvosini, yodda saqlab qolish qobiliyatini izchil oʻrganadi. Bir roviy rivoyatini boshqasiniki bilan solishtiradi.

Olimning oʻz qoʻli bilan yozgan nusxalar haqida aytadigan boʻlsak, ulamolar ular Andalusiyaning qulashi bilan butunlay yoʻqolib ketgan, deb hisoblagan. Ammo hadisshunoslarning hech biri Sadafiy nomini unutmagan va uning nusxalarini qidirishdan toʻxtamagan. Ayniqsa, marokashliklar qatʼiyat bilan uning ilmiy merosini isbotlashga harakat qilgan.

Shayx Muhammad Madaniy Ibn Hasaniy (1889-1959) Sadafiy xatidagi qoʻlyozmani topgan marokashlik tadqiqotchilar rahbari boʻlgan. U oʻzining “Miftohus sahih” asarida Ibn Hajar Asqaloniyning Hofiz Sadafiy qoʻlyozmasiga alohida eʼtibor berganini taʼkidlagan. Shayxning bildirishicha, Asqaloniy oʻz xati bilan bu qoʻlyozmaga hoshiya yozgan.

Hozirgi kunda Hofiz Sadafiyning oʻz qoʻli bilan koʻchirgan “Sahihul Buxoriy” nusxalarining ikkitasi maʼlum. Bittasi Rabotdagi milliy kutubxonada 5053-raqamda saqlanadi. Uni ustozi Abul Valid Bojiy nusxasidan koʻchirgan. Ikkinchisi Liviyaning Jugʻbub shahridagi kutubxonada saqlanadi. U Muhammad ibn Ali ibn Mahmud nusxasidan koʻchirilgan.

Dunyoning turli kutubxonalarida “Sahihul Buxoriy” asarining eng qadimgi ishonchli nusxalari saqlanmoqda. Ular hammasi ham toʻliq tadqiq qilinmagan. Shu sabab bu qoʻlyozmalar orasida Hofiz Sadafiy nusxalari ham mavjud boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

“Sahihul Buxoriy”ni keyingi avlodlarga yetkazishda Hofiz Sadafiyning ham xizmati katta boʻlgan. U qoʻlyozmalari, darslari, ilmiy majlislari bilan hadis ilmi rivojiga xizmat qilgan. Allomalarning shunday mehnati mahsulini qidirib topib, asrab-avaylab, oʻrganib, odamlarga yetkazish bugungi avlodning muqaddas burchidir.

[1] Kamoliddin ibn Adim. Bugʻyatut talab fi tarixi Halab. –Bayrut. Dorul fikr. –B. 2773.
[2] Qozi Iyoz. Gʻunya. J. 3. –Bayrut. Dorul gʻarbil islomiy, 1982. –B. 129-131; Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad Muqriy. Azhorur riyoz. J. 3. (–Marokash). Matubuotu fuzola, 1939 –B. 151-154.
[3] Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad Muqriy. Azhorur riyoz. J. 3. (–Marokash). Matubuotu fuzola, 1939 –B. 152.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …