Yurtimizda vijdon erkinligini taʼminlash, xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, oʻsib kelayotgan avlodni azaliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi diniy-maʼrifiy islohotlar, shubhasiz, oʻtmish ajdodlarning boy maʼnaviy merosini yanada chuqur oʻrganishga xizmat qilmoqda.
Ayni haqiqat “Ajdodlar merosining barkamol avlod tarbiyasidagi oʻrni” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ishtirokchilari tomonidan ham alohida eʼtirof etildi. Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Unda soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan nashrlarning allomalarimiz ilmiy va diniy merosini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati va hozirgi globallashuv jarayonida islomning insonparvarlik mohiyatini ochib berishda tutgan oʻrni haqida fikr-mulohazalarini bayon qildi.
Ishtirokchilar talaba yoshlar bilan ulugʻ allomalarimiz, xususan, Imom Buxoriy hayoti va asarlari haqida jonli muloqot qildi.
Savol-javob tarzida oʻtgan qizgʻin muloqot davomida yoshlar Imom Buxoriy haqidagi va hadislarga oid bilimlarini namoyish etdi.
Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini yoshlar orasida keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari 30-juzi, Abdulloh ibn Muborakning “Musnad”, Imom Buxoriyning “Sulosiyot ul-Buxoriy”, Jaloliddin Suyutiyning “Lubob ul-hadis”, Abu Bakr Roziyning “Tuhfat ul-muluk” asarlarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari, shuningdek, markaz muassisligida chop etila boshlagan “Imom Buxoriy saboqlari” maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnalining nashrdan chiqqan yangi soni taqdim etildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, ilmiy xodimlarning keng koʻlamli tarjima va kitobnavislik ishlari yirik ilmiy natijalar sifatida markazda tadqiqot olib borish uchun yetarli sharoit yaratilganining samarasidir. Yangi Oʻzbekiston shakllanishi davrida tashkil topgan markazning bugungi salohiyati erishilgan yutuqlar vositasida ilm va maʼrifatning yangi choʻqqilari sari dadil odimlashga zamin hozirlamoqda.
Taqdimotda bu kabi nashrlar din sohasida ilmiy-maʼrifiy faoliyatni yanada jadal tashkil etish va islom dinining sofligini saqlash, yot gʻoyalarning yosh avlod ongini zaharlashiga yoʻl qoʻymasligini taʼminlash nuqtai nazaridan mazkur yoʻnalishdagi tadqiqot ishlariga boʻlgan boqiy ehtiyoj mavjudligi qayd etildi.
— Yoshlarimiz ilmiy markazlar, nashriyotlar tomonidan chop etilayotgan boy maʼnaviy asarlardan xabardor boʻlib borishlari gʻoyat muhim. Chunonchi, ular ajdodlarimizning ilmiy salohiyatiga munosib baho bera olish barobarida, ular qoldirgan noyob asarlarning mazmun-mohiyatini ham chuqur anglashi kerak. Bunda yangi nashr etilayotgan kitoblar, ilmiy jurnallarning oʻrni beqiyos, — dedi Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Vohid Ahmedov.
Tadbir yakunida markaz nomidan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoasiga adabiyotlar toʻplami hadya qilindi. Mazkur adabiyotlar jurnalistikamizning boʻlgʻusi vakillarining ilmiy salohiyatini, ajdodlarimiz merosi haqidagi bilimlarini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.