Home / MAQOLALAR / SAROB HЕCh QACHON HAQIQAT BOʻLA OLMAYDI (Mahmud Abdulmoʻmin (“Hizbut tahrir”)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

SAROB HЕCh QACHON HAQIQAT BOʻLA OLMAYDI (Mahmud Abdulmoʻmin (“Hizbut tahrir”)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

Nasroniylikda “Iegovo shohidlari”, “Pyatidesyatnik” kabi radikal oqimlar mavjud boʻlgani kabi musulmonlar orasida mutaassiblik gʻoyalariga asoslangan guruhlar tarixda ham, hozir ham yetarlicha topiladi. Bunday toʻdalar, qaysi oʻzini dinga mansub deb koʻrsatishidan qatʼiy nazar, faoliyati din va jamiyat ravnaqiga emas, aksincha, tor doiradagi gʻarazli shaxs yo guruhlar, yaʼni uchinchi tomon manfaatlariga xizmat qilishga qaratilgan. Ana shunday oqimlardan biri “Hizbut tahrir”dir. Bunday fikrni bayon qilishimiz uchun yetarlicha asos bor. Bu va shunga oʻxshash oqimlar kirib borgan va faoliyat yuritayotgan mamlakat va jamiyatlar notinchlik va beqarorlikka mahkumdir. Xususan, “Hizbut tahrir” qaysi davlat hududida faoliyat yuritmasin, jamiyatda musulmonlar orasiga nifoq solib, ularni qarama-qarshi fikrlar, notoʻgʻri aqidalar girdobiga uloqtiradi.

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularning aniq bilan tasvirlab berganlar: Men (Huzayfa): “…Oʻsha yaxshilikdan keyin yomonlik bormi?” dedim. U zot: “Ha, jahannam eshigida turgan daʼvatchilar. Ularga kim ijobat qilsa, uni jahannam ichiga uloqtirurlar”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, ularni bizga taʼriflab bering”, dedim. “Ular oʻzimizning qavmdandir. Oʻzimizning tilimizda gapiradilar”, dedilar.[1] Yaʼni, ular biz mansub boʻlgan din – islomda boʻlib, bizning tilimiz – islom dinidan gapirib, musulmonlarni jahannamga yetaklaydigan “duʼo ala abvobi jahannam” – jahannam eshigi oldida turib, otashga chaqiruvchi daʼvatchilardir.

“Hizbut tahrir” aʼzolari xalifalik oʻrnatish haqida islom nomidan gapiradi va oʻz daʼvolarining tasdigʻi uchun quyidagi hadisni dalil sifatida keltiradi. Bu hadis haqiqatan ham ularning xalifalik oʻrnatish haqidagi daʼvolariga dalilmi? Buni oydinlashtirish uchun asl matnning maʼnosi va sharhlariga toʻxtalib oʻtamiz.

 18430 — ثنا سليمان بن داود الطيالسي حدثني داود بن إبراهيم الواسطي حدثني حبيب بن سالم عن النعمان بن بشير رضي الله عنه الله، قال: كنا جلوساً في المسجد فجاء أبو ثعلبة الخشني فقال: يا بشير بن سعد أتحفظ حديث رسول الله صلى الله عليه وسلم في الأمراء، فقال حذيفة: أنا أحفظ خطبته. فجلس أبو ثعلبة. فقال حذيفة: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: تكون النبوة فيكم ما شاء الله أن تكون، ثم يرفعها الله إذا شاء أن يرفعها، ثم تكون خلافة على منهاج النبوة فتكون ما شاء الله أن تكون، ثم يرفعها الله إذا شاء أن يرفعها، ثم تكون ملكًا عاضًا فيكون ما شاء الله أن يكون، ثم يرفعها إذا شاء الله أن يرفعها، ثم تكون ملكًا جبرية فتكون ما شاء الله أن تكون، ثم يرفعها الله إذا شاء أن يرفعها، ثم تكون خلافة على منهاج النبوة، ثم سكت.

Bizga Sulaymon ibn Dovud Tayasoliy[2] soʻzlab berdi: Menga Dovud ibn Ibrohim Vositiy[3] soʻzlab berdi: Menga Hubayb ibn Solim[4] Noʻmon ibn Bashir[5] roziyallohu anhudan rivoyat qildi: Biz Nabiy sollalohu alayhi vasallam masjidlarida oʻtirgan edik Abu Saʼlaba Xashaniy kelib qoldi. U: “Ey Bashir ibn Saʼd! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan amirlar haqida hadis eshitganmisan?” deb soʻradi. Huzayfa (ibn Yamon): “Men u zot (sollallohu alayhi vasallam)ning xutbalarida shu haqda hadis eshitib, yodimda saqlab qolganman”, dedi. Abu Saʼlaba oʻtirdi, shundan soʻng Huzayfa hadisni rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Paygʻambarlik orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo paygʻambarlikni Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda (orangizdan) koʻtaradi. Shundan soʻng orangizda paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik (boshqaruvi) boʻladi. Xalifalik orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo xalifalikni Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda (orangizdan) koʻtaradi. Shundan soʻng orangizda zoʻravon podshoh (boshqaruvi) boʻladi. Bunday podshohlik tuzumi orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda u podshohlikni (orangizdan) koʻtaradi. Shundan soʻng orangizda zolim podshoh (boshqaruvi) boʻladi. Bunday podshohlik tuzumi orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda u podshohlikni (orangizdan) koʻtaradi. Shundan soʻng orangizda paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik (boshqaruvi) boʻladi”, dedilar.” Shu soʻzlarni aytgandan keyin Huzayfa sukut qildi.[6]

Hadisning umumiy maʼnosi:

“Paygʻambarlik orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo paygʻambarlikni Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda (orangizdan) koʻtaradi. Shundan soʻng orangizda paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik (boshqaruvi) boʻladi. Xalifalik orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo xalifalikni Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda (orangizdan) koʻtaradi”.

Darhaqiqat, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarlik davrlari yigirma uch yil davom etib, Alloh iroda qilgan hukmlarni odamlarga yetkazib boʻlganlaridan soʻng Yaratganning xohishi bilan nihoyasiga yetdi. Bu muddat davomida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam nafaqat islom shariatini odamlarga yetkazdilar, balki muqaddas dinimizni yer yuziga tarqatadigan davlatchilik asosidagi bir ummatni ham shakllantirdilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan soʻng jamiyatni boshqarish uslubi paygʻambarlik minhoji (dasturi, yoʻli)ga asoslangan davlat – xalifalik yuzaga keldi va u, Paygʻambarimiz alayhissalom aytganlaridek, oʻttiz yil[7] davom etdi. Bu muddat davomida xalifalik boshqaruvida boʻlgan xalifalar: Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abdulmuttolib (Alloh ularning barchasidan rozi boʻlsin).[8] Bu soʻzga islom dinining barcha ulamolari ittifoqdir.

Hadis matnidan maʼlum boʻladiki, paygʻambarlik boshqaruvi bilan u zotdan soʻng keladigan paygʻambarlik minhoji asosidagi boshqaruv oʻrtasini ajratuvchi farq (boshqa bir boshqaruv tuzumi) yoʻqdir. Ammo Imom Boniy barcha ulamolarimizga zid oʻlaroq, hadis matnida bashorat qilingan choriyorlar xalifalik davrini Umar ibn Abdulaziz xalifaligi deb sharhlagan. Albatta, bu xatodir. Chunki, hadis matnida aytilgan ikki xil podshohlik tuzumi Umar ibn Abdulaziz xalifaligidan keyin emas, aksincha, oldin boʻlgan. Jumladan, Imom Boniyning mazkur sharhi Paygʻambarimiz alayhissalomning “mendan soʻng xalifalik oʻttiz yil” degan hadislariga ziddir.

“Shundan soʻng orangizda zoʻravon podshoh[9] (boshqaruvi) boʻladi. Bunday podshohlik tuzumi orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda u podshohlikni (orangizdan) koʻtaradi. Shundan soʻng orangizda zolim podshoh (boshqaruvi) boʻladi. Bunday podshohlik tuzumi orangizda Alloh xohlagan vaqtgacha boʻladi, shundan soʻng Alloh taolo Oʻzi koʻtarishni xohlagan vaqtda u podshohlikni (orangizdan) koʻtaradi”.

Ulamolarimiz hadisning ushbu matnini oʻz hukmini mahkam tutgan podshohlar va raiyatga (xalqqa) zulm qiladigan zolim shohlar deb sharhlangan. Ulamolarimiz bu ikki xil podshohlikning birinchisi Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuga tegishli, deb aytgan. Chunki, uning boshqaruv tuzumi islom ahkomlariga asoslangan boʻlsa-da, hokimiyat tepasiga musulmonlar bayʼati orqali kelmagan. Shunday boʻlishiga qaramay, musulmonlarga islom ahkomlariga koʻra, unga itoat etish vojib sanaladi. Garchi, Muoviya boshqaruvida zoʻravonlik mavjud boʻlgan esa-da, unga qarshi isyon qilishga islom ahkomlari yoʻl bermaydi. Muoviya vafotidan soʻng uning oʻrniga boshqaruv (h. 60-64 yillar) hadisda aytilgan zolim va qonxoʻr Yazid ibn Muoviya qoʻliga oʻtadi. Uning xalifaligi davrida juda koʻp sahobaning qoni toʻkiladi, jumladan, Imom Husayn oʻldirilgan Karbalo fojiasi ham bilvosita Yazid ibn Muoviya tufayli sodir boʻladi.

“Shundan soʻng orangizda paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik (boshqaruvi) boʻladi”, dedilar. Shu soʻzlarni aytgandan keyin Huzayfa sukut qildi”.

Paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalikdan soʻng oradan oʻttiz besh yil oʻtib boshqaruvga kelgan xalifa Umar ibn Abdulaziz[10] oʻz hukmronligi davrida misli koʻrilmagan islohotlar oʻtkazib, qonunlar ijrosi va adolatni oʻrnatadi. U bor yoʻgʻi ikki yil xalifalik qiladi. Ikki yil – juda qisqa davr, ammo Umar ibn Abdulaziz mana vaqt davomida juda ulkan xayrli ishlarni amalga oshiradi. Xalq shunchalik farovon yashaydiki, hatto islom olami jamiyatlarida zakot oluvchi topilmay qoladi. Shu sababli ham Umar ibn Abdulaziz tarixda “adolatli hukmdor”, “beshinchi xalifa” nomlarini olgan. Davlat ishlaridagi islohotlari bilan bir qatorda, tarixda birinchi boʻlib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini yigʻib, kitoblarga yozish ham aynan ushbu xalifa tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Albatta, xalifa Umar ibn Abdulazizning xalq, din, ilm-maʼrifat rivoji, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bardavomligini saqlab qolish uchun qilgan xizmatlarini bu moʻjazgina maqolada sanab, nihoyasiga yetkazib boʻlmaydi. Ulamolar Paygʻambarimiz alayhissalomning hadislari soʻngidagi “Shundan soʻng orangizda paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik (boshqaruvi) boʻladi” soʻzlarida aynan ummaviylarning sakkizinchi xalifasi Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh nazarda tutilganini aytadi. Bu moʻtabar hadis sharhlarida oʻz ifodasini topgan.

Hubayb dedi: Umar ibn Abdulaziz xalifa boʻlganda, Yazid ibn Noʻmon ibn Bashir uning yonida edi. Unga maktub yozib joʻnatganimda, shu hadisni ham eslatdim. “Paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifa” Umar ibn Abdulaziz boʻlishi mumkin, deb oʻylashimni aytdim. U Umar ibn Abdulaziz huzuriga kirib, maktubimni beribdi. Umar ibn Abdulaziz uni oʻqib xursand boʻlibdi, ammo mening soʻzlarimdan ajablanibdi.

Oʻsha asr ulamolari va keyin yashab oʻtgan muhaddis allomalarning birortasi Hubaybning mazkur hadisni taʼvil qilgan soʻzlariga eʼtiroz bildirmagan. Aksincha, bu hadisni keltirganda, ostidan Hubaybning soʻzlarini ham, albatta, taʼkidlab oʻtgan. Chunki, muhaddislar notoʻgʻri taʼvil oqibatlari ummatga qanday zararlar keltirishini yaxshi bilgan. Ular xavotir olgan zararlardan biri oʻtgan asrda “Hizbut tahrir”ning xalifalik haqidagi daʼvosida oʻz aksini koʻrsata boshladi. Ushbu hadisni sharhlagan salaf ulamolar kazzobga, ummatga xiyonat qilganga chiqarilib, ularning sharhlari inkor qilindi, solih ulamolarimizning soʻzlarini tasdiqlaydigan hozirgi davr olimlariga “saroy mullasi”, “demokratiya quli” tamgʻalari qoʻyildi va hadis botil fikrlarga moslab sharhlandi.

Hizbchilar hadis matnida aytilgan ikki podshohlik “arablar va usmoniy turklar podshohligi”ni deya sharhlab, “Paygʻambarimiz alayhissalom aytgan shunday xalifalikni biz oʻrnatamiz”, deb chiqdi. Biz “ikki podshohlik” soʻzlarini ular aytgan maʼnoda tushunadigan boʻlsak-da, hizbchilarni “paygʻambarlik minhojiga asoslangan xalifalik”ka munosib deb hisoblamaymiz. Bunga bir qancha asoslar mavjud.

Birinchidan, matnda “paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik boʻladi”, deyilmoqda, “oʻrnatiladi” emas. Hizbiylar esa “xalifalikni oʻrnatamiz”, deydi. Shunga koʻra, ularning aytgani Paygʻambarimiz alayhissalomning “boʻladi” deganlariga xilofdir. Hadisga koʻra xalifalik oʻz-oʻzidan, tabiiy ravishda vujudga keladi. Imom Mahdiy Dajjolni qatl etganidan keyin uning fitnalaridan, jamiyatdagi zulm va kufrdan zada boʻlgan xalqlar tabiiy ravishda Imom Mahdiy tomonidan taklif etilgan “paygʻambarlik minhoji asosidagi xalifalik” tuzumini tanlaydi. Yaʼni, xalifalik hizbiylar tomonidan oʻrnatilmaydi.

Ikkinchidan, Taqiyuddin Nabahoniy (1909-1979) “Hizbut tahrir” oqimiga asos solgan dastlabki yillarda[11]  xalifalikni 13 yilda qurishini aytgan edi. Ammo 13 yilda xalifalik boʻlmadi, keyin “23 yilda xalifalik oʻrnatamiz” deyishdi, bu ham boʻlmadi. Keyin “40 yilda” deyishdi, u ham boʻlmadi, keyin “60 yilda”… Koʻrib turganimizdek, hech narsa barpo boʻlmadi. Boʻlmaydi ham! Ular yana necha yilni vaʼda qilsa, qilaversin, baribir boʻlmaydi. Chunki, xalifalik, ular aytganidek, oʻrnatilmaydi, balki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, paygʻambarlik minhoji asosida boʻladi – oʻzi vujudga keladi.

Uchinchidan, “Hizbut tahrir”ning vujudga kelishidagi yana bir nozik nuqtani diqqat bilan koʻrib chiqamiz. Bunda Taqiyuddin Nabahoniy sotsiolog olim boʻlganini, “Hizbut tahrir” partiyasi esa diniy emas, siyosiy tashkilot ekanini ham eʼtiborga olishimiz kerak. Maʼlumki, sotsializm taʼlimotida feodalizm (yoki kapitalizm)dan sotsializmga, sotsializmdan kommunizmga, yaʼni ikki bosqichdan soʻng kommunizm tuzumiga oʻtish gʻoyasi mavjud. Karl Marks va Fridrix Engels nazariyasi taʼsirida ulgʻaygan Nabahoniy ularning gʻoyasini oʻzi tugʻilib oʻsgan xalqlar orasida targʻib etmoqchi boʻladi. Ammo arablar dahriylikka asoslangan kommunistik mafkurani qabul qilmasligini yaxshi bilgani uchun uni islom diniga moslashtirishga harakat qiladi, qisman buning uddasidan chiqadi ham. Taqqoslab koʻrsak, sotsializm targʻibotchilari, yuqorida aytib oʻtilganidek, ikki bosqichdan soʻng xalqlarni kommunizmga yetkazish gʻoyasini ishlab chiqqan. Nabahoniy esa mazkur hadisda aytilgan “ikki podshohlik”ni oʻz maqsadi yoʻlida taʼvil qilib, sotsialistlar gʻoyasiga moslashtiradi va ularning taʼlimotidagi “kommunizm qurish”ni “xalifalik barpo etish” deb talqin qiladi. Karl Marks va Fridrix Engels nazariyasi puch gʻoyalardan iboratligi, kommunizm shunchaki choʻpchak ekanini vaqt koʻrsatib berdi. Endi shu nazariya taʼsirida vujudga kelgan hizbchilarning gʻoyalariga ergashish ham sahroda sarobga intilish bilan barobardir. Vaholanki, sarob hech qachon haqiqat boʻla olmaydi, u faqat koʻziga yoqadigan roʻyo boʻlib, odamlarni adashtirishdan boshqa narsaga yaramaydi.

[1] Hadisning toʻliq matni:
حذيفة بن اليمان رضي الله عنه قال: كان الناس يسألون رسول الله عن الخير وكنت أسأله عن الشر مخافة أن يدركني، فقلت: يا رسول الله، إنا كنا في جاهلية وشرًّ، فجاء الله بهذا الخير، فهل بعد هذا الخير من شرًّ؟ قال: نعم. قلت: وهل بعد هذا الشر من خير؟ قال: نعم وفيه دخن. قلت: وما دخنه؟ قال: قوم يهدون بغير هديي، تعرف منهم وتنُكر. قلت: فهل بعد ذلك الخير من شر؟ قال: نعم، دُعاة على أبواب جهنم، من أجابهم إليها قذفوه فيها. قلت: يا رسول الله، صفهم لنا. قال: هم من جلدتنا ويتكلمون بألسنتنا. فقلت: فيما تأمرني إن أدركني ذلك؟ قال: تلزم جماعة المسلمين وإمامهم. قلت: فإن لم يكن لهم جماعة ولا إمام؟ قال: “فاعتزل تلك الفرق كلها ولو أن تعضًّ بأصل شجرة حتى يدركك الموت وأنت على ذلك” “رواه البخاري”.
“Odamlar Rasululloh alayhissalomdan yaxshiliklar (savob ishlar) haqida soʻrar edi. Men oʻzimga yetib qolmasin deb xavfsirab, yomonliklar (gunoh amallar) haqida soʻrar edim. U zotga: “Ey Allohning Rasuli! Albatta, biz johiliyatda va yomonlikda edik. Bas, Alloh bizga ushbu yaxshilikni keltirdi. Ushbu yaxshilikdan keyin yomonlik bormi?” dedim. U zot: “Ha”, dedilar. “Oʻsha yomonlikdan keyin yana yaxshilik bormi?” dedim. “Ha. Uning tutuni ham bor”, dedilar. “Uning tutini nedir?” dedim. “Hidoyatsiz yoʻl boshlaydigan qavmdir. Ulardan (baʼzi narsalarni) yoqtirasan va (baʼzi narsalarni) inkor qilasan”, dedilar. “Oʻsha yaxshilikdan keyin yomonlik bormi?” dedim. “Ha, jahannam eshigida turgan daʼvatchilar. Ularga kim ijobat qilsa, uni jahannam ichiga uloqtirurlar”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, ularni bizga taʼriflab bering”, dedim. “Ular oʻzimizning qavmdandir. Oʻzimizning tilimizda gapiradilar”, dedilar. “Oʻsha narsa menga yetsa nima qilishimga amr qilasiz?” dedim. “Musulmonlar jamoasini va ularning imomini lozim tutasan”, dedilar. “Agar ularning jamoati ham, imomi ham boʻlmasa-chi?!” dedim. “Oʻsha firqalarning barchasidan chetda boʻl. Agar daraxtning tomirini tishlab boʻlsa ham. Senga oʻlim kelganda ham oʻshal holda boʻlishga harakat qil”, dedilar”.
Imom Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilgan.
[2] Abu Dovud Sulaymon ibn Dovud Tayolisiy Forisiy (133h/750m. — 204h./819m.)– roviy, hadis huffozlaridan biri, muhaddis , “Musnad” hadis toʻplami muallifi. Basrada vafot etgan.
[3] Sanaddagi Dovud ibn Ibrohim Vositiy al-Uqayliy – hadisi matruk, muttahamun bil-kizb (yolgʻon soʻzlagani bilan ihtimom qilingan). Aksar hadis ilmi ulamolari, jumladan Ibn Javziy “az-Zuʼafoou va –l-matrukun” kitobida Dovud ibn Ibrohimni “shaxsi nomaʼlum, kazzob” degan. Sanaddagi bir roviyning sifatiga yetgan jarohat sababli ulamolar ushbu hadisni zaif sanaganlar.
Suriyalik muhaddis alloma Salohiddin ibn ahmad al-Idlibiy ushbu hadisni roviylaridan biri Dovud ibn Ibrohimning holati majhul (nomaʼlum) boʻlgani sababli hamda sifati toʻgʻrisida shak boʻlgani uchun u hadisdan hukm chiqarishdan toʻxtash vojibdir, deganlar (2014y).
[4] Hubayb ibn Solim – sahoba Noʻmon ibn Bishrning ozod qilgan quli va kotibi, ishonchli roviy.
[5] Noʻmon ibn Bashir ibn Said ibn Saʼlaba ansoriy xazrajiy, hijratdan soʻng eng birinchi tugʻilgan sahoba, u tugʻilganda onasiga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan “U hamd aytib yashaydi, shahid qilinadi va jannatga kiradi” deb jannatga kirishi bashorat qilingan.
[6] Imom Ahmad ibn Hanbal. Musnad. 4-juz. –B273. 18430-hadis.
[7] Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon. Sahih ibn Hibbon bi tartibi Ibn Bulbon. 15-juz. –B 392. 6943-hadis. Maqolaning birinchi qismida hadisning toʻliq matni va sharhi berilgan.
[8] Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotdan soʻng boshqaruvga kelgan toʻrt xalifa tarixi juda mashhur va ulkan tarix boʻlib, bu xususda moʻjazgina maqolada batafsil toʻxtalishning imkoni yoʻq.
[9] Matnning aslida “mulukan oozzon – bir narsani mahkam tishlab olgan shoh” deb keltirilgan.
[10] Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon (m. 680-720) – ummaviylarning sakkizinchi xalifasi, tobeinlardan, adolatli hukmdor. Hijriy 99-101 yillarda davlatni boshqargan. Adolati va davlatni idora qilish ishlaridagi islohotlari, xalqparvarligi sababli xalifa Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)ga qiyos qilib, uni “Ikkinchi Umar” deb atashgan. Umar ibn Abdulaziz islom ilmlari borasida ham zamondoshlari orasida tengsiz boʻlgan.
Imom Zuhriydan bunday rivoyat qilinadi: “Ubaydulloh ibn Abdulloh: “Ulamolar Umarning oldida shogird boʻlib qoladi”, degan”.
Mujohid aytadi: “Umar ibn Abdulazizning oldiga keldik, u bizning ilmimizga muhtoj deb oʻylardik, huzuridan chiqqanimizda esa, uning ilmiga muhtoj ekanimizni bildik” (“Bidoya van nihoya”).
Maymun ibn Mehron aytadi: “Umar ibn Abdulaziz olimlarning muallimi edi”.
Ulamolar sayyidi Ayub Suxtiyoniy aytadi: “Biz koʻrgan ulamolardan hech kim paygʻambar ilmini uningchalik bilmas edi” (“Tahzibut tahzib”).
Hofiz ibn Saʼd: “Umar ibn Abdulaziz ishonchli roviy, omanatdor, unda yetarlicha fiqh, ilm, taqvo bor. Koʻp hadis rivoyat qilgan odil amir edi, Alloh rozi boʻlsin” (“Siyaru aʼlomin nubala”).
Imom Zahabiy aytadi: “Faqih imom, sunnatni yaxshi bilgan mujohid, shaʼni ulugʻ hujjat edi” (“Tazkiratul huffoz”).
Lays ibn Saʼd aytadi: “Menga Umarning qoʻl ostida ishlagan bir kishi aytib berdi: “Biror masalani bilmay qolsak, Umar ibn Abdulazizdan soʻrardik, u ilmning aslini ham, qoʻshimcha masalalarini ham yaxshi bilardi, ulamolar unga shogird edi” (Ibn Kasir. “Bidoya van nihoya”).
[11] “Hizbut tahrir” 1953 yili Isroilda tashkil topgan.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …