Home / MAQOLALAR / SABR VA SHUKRONALIK RIZQNI ZIYODA QILADI

SABR VA SHUKRONALIK RIZQNI ZIYODA QILADI

Qurʼoni karimning yuzga yaqin oyati karimasida moʻmin-musulmonlarni sabr qilishga chaqiradi. Jumladan, Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اصْبِرُوا وَصَابِرُوا وَرَابِطُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

“Ey imon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila gʻolib keling. Kurashga bel bogʻlab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyad najot topsangiz.”![1]

Bu dunyoda kishiga yetgan musibat Alloh taoloning bandasiga yaxshilikni ravo koʻrishi hisoblanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

“إِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِعَبْدِهِ الْخَيْرَ عَجَّلَ لَهُ الْعُقُوبَةَ فِي الدُّنْيَا وَإِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِعَبْدِهِ الشَّرَّ أَمْسَكَ عَنْهُ بِذَنْبِهِ حَتَّى يُوَافِيَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ”

“Qaysi bir bandaga Alloh taolo yaxshilikni ravo koʻrsa, unga shu dunyoning oʻzida uqubat (jazo)  beradi. Yomonlikni ravo koʻrsa, toʻliq jazosini berish uchun gunohining hukmini  qiyomatga qoldiradi”[2]

Agar biz sabr va shukr qilsak, Alloh taolo neʼmatlarini ziyoda etishini vaʼda qildi va itoat qilsak, bu neʼmatlar davomiyligining kafolatini berdi. Alloh taolo Qurʼoni karimning bir qancha oyatlarida shukr qiluvchilarni madh qilib, bunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ وَاشْكُرُوا لِلَّهِ إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَ

“Ey imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi boʻlsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!”. [3]

Said ibn Jubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U aytadi: “Bandalarning Alloh taologa sevimlirogʻi shukrli va sabrlisidir. Musibat kelsa, sabr qiladi, neʼmat berilsa, shukr qiladi”. [4]

 Inson sabr va shukr qilsa, rizqi yana ziyoda boʻlishi toʻgʻrisida Ali roziyallohu anhu bunday degan:

“إِنَّ النِّعْمَةَ مَوْصُولَةٌ بِالشُّكْرِ، وَالشُّكْرُ مُتَعَلِّقٌ بِالْمَزِيدِ، وَلَنْ يَنْقَطِعَ الْمَزِيدُ مِنَ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ حَتَّى يَنْقَطِعَ الشُّكْرُ مِنَ الْعَبْدِ”

“Neʼmat shukrga, shukr esa ziyodalikka bogʻlangandir. Banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom boʻladi”.[5]

Yurt ravnaqi va ikki dunyo saodatiga erishish uchun hamisha ibodatlarda sobit va mustahkam boʻlib, halol-pokiza va taqvodorlik bilan hayot kechirish, hamma narsaga masʼuliyat bilan yondashish ayni muddao boʻladi. Zero, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

إتَّقِ اللهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ

“Qayerda boʻlsang ham taqvo qilgin, agar birorta gunoh qilsang, albatta, uning ketidan biror savobli ish ham qilginki, gunohingni oʻchirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin”.[6]

Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratib, unga behisob neʼmatlarni ato etgani haqida bunday marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik”.[7]

Barcha insonlarning baxtli va farovon yashashiga va ulardagi mushkulotlarni bartaraf etishga koʻmaklashish har bir moʻmin-musulmonning aziz va mukarram zot sifatidagi insoniy burchidir. Bu xususda Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday deydi: “(Ey ummati Muhammad), sizlar odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi boʻldingiz. Zero sizlar yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga imon keltirasiz”.[8]

Inson manfaatlari va baxt-saodati yoʻlida xizmat qilish rivojlangan jamiyatning oliy fazilati hisoblanadi. Bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Rahmdillarga Ulugʻ va Muborak Rahmon rahm qiladi, yer yuzidagi insonlarga rahm qilinglar, osmondagi Zot – Alloh sizlarga rahm–shafqat qilur”.[9]

Rahm va sabr ayniqsa ota-onalar uchun juda ahamiyatlidir. Ota-ona hech qachon unutmasinki, unga berilgan farzand doim bolalikda qolmaydi. Shuning uchun fursatni gʻanimat bilib, bugunning bolasi ertaning ulugʻ insoni boʻlishi yoʻlida harakat qilmoq kerak.

Darhaqiqat islom dinida farzand tarbiyasiga sabr-toqat, molu davlat va vaqt talab qiladigan uzluksiz jarayon, juda masʼuliyatli vazifa va uzoq vaqt davom etuvchi ibodat deb qaraladi. Mana shu vositalar orqali uning ruhi kamol topib, aqli va jismu tani quvvatli boʻladi.

Bola tarbiyasi ota-ona va jamiyatdan sogʻlom fikr, sogʻlom eʼtiqod, ilm-maʼrifat va amal hamda namunani talab etadi. Shu sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tarbiyada ota-onaning ahamiyati va masʼuliyatini taʼkidlab, bunday deganlar: “Har bir chaqaloq islom fitratida tugʻiladi, toki tili chiqquncha (shu holda boʻladi). Keyin esa, ota-onasi uni yahudiylashtiradi yoki nasroniylashtiradi yoki majusiy qilib qoʻyadi”.[10]

Ushbu hadisdan islom fitratida qalbi pokiza boʻlib dunyoga kelgan farzand ota-ona sababli turli notoʻgʻri yoʻllarga kirib ketishi mumkinligi anglashiladi. Demak, yoshlardagi yomon axloq va uning noxush oqibatlari uchun avvalo ota-ona va qolaversa butun jamiyat masʼuldir. Alloh taolo ota-onalarga bunday xitob qiladi: “Ey imon keltirganlar! Oʻzingizni va ahli ayolingizni yoqilgʻisi odamlaru toshdan boʻlgan oʻtdan saqlang. Uning tepasida qoʻpol, dargʻazab farishtalar boʻlib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar.[11]

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, ota-ona farzandining nafaqat kelajagi, balki oxirati uchun ham eng masʼul shaxslar hisoblanadi. Shu bois zurriyotining ikki dunyosini obod etish uchun gʻoyatda sabrli boʻlish bilan birga oʻta sergak, bosh maʼrifatparvar, toʻgʻri yoʻlga boshlovchi asosiy peshvo boʻlishi kerak. Ana shunda “Sabr tagi – oltin” naqlining ham moddiy, ham maʼnaviy inʼikosi namoyon boʻladi. 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati  
[1] “Oli Imron” surasi, 200-oyat.
[2] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[3] “Baqara” surasi, 172-oyat.
[4] Imom Ahmad va Imom Tabariy rivoyat qilgan.
[5] Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.
[6] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[7] “Isro” surasi, 70-oyat.
[8] “Oli Imron” surasi, 110-oyat.
[9] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[10] Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan.
[11] “Tahrim” surasi, 6-oyat.
Abduhalim Muhiddinov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …