Globallashuv jarayonida diniy bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik, oʻzaro hamkorlik masalasi taraqqiy etgan mamlakatlarning tinchligi va rivoji uchun eng muhim tamoyillardan biri boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda oʻzaro hamjihatlikda yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yoʻlida mehnat qilib kelmoqda.
Taʼkidlash joizki, jamiyatimizda doʻstlik va bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkazilmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Diniy bagʻrikenglik – xalq diplomatiyasining poydevori” mavzusida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Ibrohim Inomov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy Morar, dinshunos va huquqshunos olimlar, soha boʻyicha ekspertlar, OAV vakillari, Akademiya oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zohidjon Islomov ochdi va olib bordi. Anjumanda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov soʻzga chiqib, hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbir ikki tomon uchun ham juda manfaatli boʻlishiga umid bildirdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalaridan mamnun ekanligini qayd etdi.
– Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻli chorrahasida, turli madaniyat va sivilizatsiyalar tutashgan muborak zamin hisoblanadi, – deydi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Shu sababli asrlar davomida yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va diniy eʼtiqod vakillar yagona oiladek ahil-inoq yashab kelmoqda. Mehmondoʻstlik, oʻzaro hurmat, barchaga ezgulik sogʻinish, umuman, bagʻrikenglik bizning xalqimizga xos fazilat sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida ham “Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb belgilab qoʻyilganini eʼtirof etish joiz. Bu – yurtimizdagi barcha insonning huquq va burchlari tengligi kafolatidir.
ShHT Tashkilotining Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov yigʻilganlarni seminar bilan qutlar ekan, markaz tomonidan soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohaga katta eʼtibor qaratilayotganini maʼlum qildi. Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati gumanitar tarkibiy qismi turli xalqlar va etnik guruhlar, madaniy anʼanalar va diniy eʼtiqodlar vakillarini bir platformada toʻplash imkonini berishini taʼkidladi.
Aytish kerak, markaz davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 iyunda “Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan.
Qobuljon Sobirov nutqida davom etarkan, ShHT Tashkilotining Oʻzbekistondagi xalq diplomatiyasi markazi ShHT mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga koʻmaklashishga xizmat qilishi haqida soʻz yuritdi.
Eslatib oʻtamiz, Akademiyada 2021 yilning 8 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan edi. Mazkur muloqotda tomonlar hamkorlikda ShHTga aʼzo davlatlar diniy vakillari va respublikadagi diniy konfessiyalar hamda islomshunos olimlar oʻrtasida seminar oʻtkazishga kelishib olishgan edi.
Davra suhbatida “Diniy fundamentalizm va ekstremizmning vujudga kelishidagi yot gʻoyalar tarqalishini oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar”, “Konfessiyalararo munosabatlarda ziddiyatlarni bartaraf etish va bagʻrikenglikni taʼminlashda fanning oʻrni va imkoniyatlari”, “Ajdodlarimiz ilmiy-maʼnaviy merosida bagʻrikenglik masalalarini yoritilishi”, “Xalq diplomatiyasining diniy bagʻrikenglik tamoyillariga amal qilishdagi oʻrni” kabi mavzularda maʼruzalar olib borildi.
Qizgʻin munozara ostida oʻtgan seminarda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan soʻnggi yillarda diniy-maʼrifat, turli diniy eʼtiqodlar vakillari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganiga urgʻu berdilar. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasidagi beshinchi yoʻnalish xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik masalalariga bagʻishlangani haqida eslatib oʻtildi.
Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari yagona oila sifatida Oʻzbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat boʻlib, yurtimiz ravnaqi yoʻlida sidqidildan mehnat qilayotganliklarini taʼkidlashdi.
Tadbir yakunida tomonlar mazmunli oʻtgan seminar barcha uchun foydali boʻlgani, bu kabi uchrashuvlar oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etishdi.
Manba: iiau.uz