Abul Fazl Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Abdulmajid ibn Ismoil Sulamiy Marvaziy Balxiy 855 yili Marv shahrida tugʻilgan. Samʼoniyning maʼlumotiga koʻra, u Buxoro qozikaloni boʻlgan va Somoniylar amiri Nuh ibn Nasrga fiqhdan taʼlim bergan. Amir katta hurmat va ixlos bilan uni bosh vazir etib tayinlagan.
Abdulkarim Samʼoniy uning oʻn toʻrt ustozi nomini keltirib, oltmish ming hadisni yoddan bilganini va doimo vaqtini mutolaa va ibodat bilan oʻtkazgani sababli davlat ishlariga juda oz vaqt ajratganini yozgan. Bu harbiylarning noroziligiga sabab boʻlgan va koʻtarilgan isyon natijasida u qatl etilgan[1]. Shu sababli uning ismiga “shahid” nomi qoʻshib aytilgan va “Hokim shahid” nomi bilan mashhur boʻlgan.
Narshaxiyning yozishicha, oʻsha norozilik isyoniga Abul Fazlning vazirlik davrida askarlarning maoshi kechiktirilishi sabab boʻlgan.
Abul Fazl Muhammad ham yirik faqih, ham yetuk muhaddis boʻlgan. U Xuroson, Eron, Misr va Movarounnahr diyorlarida safarlarda boʻlib, koʻplab muhaddislardan hadis rivoyat qilgan.
Alloma Marvda Abu Rajo Muhammad ibn Hamdavayh Hurqoniy va Yahyo ibn Sosuyadan, Naysoburda Abdulloh ibn Sheruyadan, Rayda Ibrohim ibn Yusufdan, Bagʻdodda Haysam ibn Xalaf Quduriydan, Makkada Mufazzal ibn Muhammad Jandiydan, Misrda Ali ibn Ahmad ibn Sulaymondan, Buxoroda Hammod ibn Ahmad, Hasan ibn Sufyon Nasaviy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan.
Abul Fazldan esa Xuroson va uning atroflaridan chiqqan koʻplab muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Abu Bakr Muhammad ibn Said Zaraxshiy, Abu Mansur Husayn ibn Ali Firabriy va boshqalar shular jumlasidandir. Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Muhammad Xizriy (vaf. 1010-y) ham Abul Fazldan hadis ilmidan taʼlim olgan[2].
Allomaning huquqiy bilimni kimlardan oʻrgangani maʼlum emas. Uning islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy mazhabiga koʻrsatgan katta xizmati “Al-Kofiy” asaridir[3].
Abul Fazl Muhammad fiqhga oid jami sakkizta, jumladan, “Al-Kofiy” (“Kifoya qiluvchi kitob”), “Al-Muntaqiy” (“Tanlangan kitob”), “Sharhul jomiʼ” (“Jomiʼ toʻplamga sharh”), “Usulul fiqh” (“Fiqh asoslari”) kabi asarlar yozgan[4]. Bulardan “Al-Kofiy” va “Al-Muntaqiy” asarlari hanafiy mazhabida Muhammad Shayboniyning kitoblaridan keyingi oʻrinda turuvchi asosiy manbalar hisoblanadi. Ammo “Al-Muntaqiy” asari bizgacha yetib kelmagan.
“Zohirur rivoya” turkumidagi asarlar hanafiylik fiqhida murojaat qilinadigan asosiy manbalar boʻlib, “Zohirur rivoya” mazhab asoschilaridan toʻgʻri va ishonchli yoʻl bilan rivoyat va naql qilingan masalalar toʻplamidir. Shu sababli ham ulamolar avvaldan bu kitoblarga katta eʼtibor qaratgan, ularni sharhlagan, usullarini aniqlagan, masalalarini furuʼlarga ajratgan[5]. Bu turkumdagi asarlarni bir kitobga jamlashga urinish koʻp boʻlgan. Imom Muhammad Shayboniy (749 805)ning muhim asarlari “Zohirur rivoya” deb atalgan oltita fiqhiy asar boʻlib, quyidagilardan iborat:
- Al-mabsut;
- Ziyodot;
- Al-jomiʼul kabir;
- Al-jomiʼus sagʻir;
- As-siyarul kabir;
- As-siyarus sagʻir.
“Zohirur rivoya” kitoblarini Hokim Shahid oʻzining “Al-Kofiy” asarida toʻplagan[6].
Hokim Shahid Muhammad Shayboniyning “Al-jomiʼus sagʻir”, “Al-jomiʼul kabir” va boshqa kitoblarida takror kelgan masalalarni olib tashlagan va qisqartirgan hamda shu asosda “Al-Kofiy” asarini tuzgan. Uning bu xizmati keyingi hanafiy faqihlar tomonidan yuksak darajada eʼtirof etilgan[7].
“Al-Kofiy” asarining ahamiyati shundan iboratki, u “Zohirur rivoya” turkumiga kiruvchi olti asarda takror kelgan normalarni cheklab, bitta yagona tizimga jamlagan. Bu asarga keyingi olimlar sharhlar yozgan. Masalan, Shamsulaimma Saraxsiy (vaf. 1096) oʻzining “Al-Mabsut” nomli kitobida “Al-Kofiy” asarini sharhlagan.
Narshaxiy oʻzining “Buxoro tarixi” kitobida: “Muxtasari Kofiy”ning muallifi marhum Abul Fazl ibn Muhammad ibn Ahmad Marvaziy Sulamiy koʻp yillar davomida Buxoroda qozilik qildi va oʻziga zarracha ham ayb yuqtirmadi; u barchaga (barobar) adolat va insof yuzasidan ish koʻrar hamda uning davrida olimlik va zohidlikda butun dunyoda unga teng keladigan kishi yoʻq edi”[8], deb keltiradi.
Zirikliyning “Aʼlom” asarida keltirilishicha, Abul Fazl Muhammad 945 yilda Rayda vafot etgan.