Home / MAQOLALAR / “ABVAB TASRIF MANZUMA” ASARIDA LЕKSIK QATLAM

“ABVAB TASRIF MANZUMA” ASARIDA LЕKSIK QATLAM

Arab tili grammatikasiga bagʻishlangan asarlar koʻp boʻlib, ular ichida turkiy tilga sheʼriy shaklda tarjima qilingani sanoqli. Shulardan biri “Abvab tasrif manzuma” asaridir. U uch qismdan iborat. Asar haqida 2014 yilda nashrdan chiqqan “Oʻzbek tilidagi toshbosma kitoblar katalogi” kitobida quyidagicha maʼlumot keltiriladi:
Birinchi kitob 3410/1 inventar raqam bilan saqlanuvchi اول علم ترکی “Avvali ilmi turkiy” asari [1].
Maktab bolalari uchun Islom dinidan birinchi darslik. Tashkent, “Litografiya Gulamʼ Xasanʼ Arifdjanova”, 1325/1907. –B. 13 (1-13), 25×17 sm [5: 204].
Ikkinchi kitob 3410/2 inventar raqam bilan saqlanuvchi منثورۀ بدان ترکی Mansure bedon turkiy asari [2].
Asar nazm va nasr uslubida yozilgan. Arab tili morfologiyasi va sintaksisiga oid. Tashkent, “Litografiya Gulamʼ Xasanʼ Arifdjanova”, 1325/1907. –B. 41 (14-54), 29×19 sm [5: 175].
Uchinchi kitob biz tadqiqot manbai qilib olgan ابواب تصریف منظومه “Abvab tasrif manzuma” asari boʻlib, 3410/3 inventar raqam bilan saqlanadi [3].
Asar basmala bilan boshlangan boʻlib, soʻngra arab tilidagi nasriy jumlalar bilan keltiriladi. Asarning sheʼriy qismi esa quyidagi satrlar bilan boshlangan:
Bābï tasri:f erdi ottuz beš,
Altïsïdur sula:sï kul yoq beš.

Ushbu keltirilgan misradagi “bāb”, “tasri:f” va “sula:sï” soʻzlari arab tilidan kirib kelgan soʻzlardir. “Bāb” soʻzining lugʻaviy maʼnosi “eshik” [6: 83] boʻlib, bu soʻz oʻzining yondosh maʼnolari bilan hozirgi kunimizda arablarda ham oʻzbek tilimizda ham deyarli bir xil maʼnolarda ishlatiladi va uning anglatadigan maʼnolari barchaga maʼlumdir. Biroq “tasrif” va “sulosiy” soʻzlari hozirgi kunda tilimizda faqat arab tili grammatikasiga oid kitoblardagina ishlatiladi. “Tasrif” soʻzi “tuslanish”, “turlanish” [6: 455] maʼnolarida ishlatiladi. “Sulosiy” soʻzi esa “uchtalik”, “uch tomonlama” [6: 107] kabi maʼnolarda boʻlib, grammatikada uch oʻzakli (undoshli) soʻzlarga nisbatan ishlatiladi. Birinchi va ikkinchi misralarning kesimi boʻlib kelgan “erdi ottuz beš” va “Altïsïdur” soʻzlari esa turkiy tilga xos boʻlgan soʻzlardir. Shunga koʻra bu misralarda muallif ikki tildan deyarli tengma-teng foydalangan deyishimiz mumkin. Biroq quyidagi baytda bu holat kuzatilmaydi:

Bābï avvalki fatha aynï avval,
Yaʼni māδisï δammalï mustaqbal.

Sharh: birinchi bob oʻtgan zamonining oʻrta oʻzagi (undoshi) harakati fatha, hozirgi –kelasi zamonda esa bu undoshning harakati damma boʻladi.

Keltirilgan misralardagi barcha soʻzlar arab tiliga oid boʻlgan soʻzlardir. Bular: bob (bu soʻzning maʼnosi yuqorida aytib oʻtildi), avval (birinchi maʼnosida) [6: 38], fatha (“a” qisqa unlisi boʻlib, bu soʻz “fataha” “ochmoq” [6: 604] soʻzidan kelib chiqqan. “a” unlisini talaffuz qilganda ogʻiz ochilgani uchun ham bu harakatning nomi “fatha” deb nomlangan), ʼayn (arab alifbosidagi 18-harf), yaʼni (bu soʻz عني يعنى  — “nazarda tutmoq” [6: 570] soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “nazarda tutilyapti” degan maʼnodadir.), moziy (oʻtgan) [6: 788], damma (“u” qisqa unlisi), mustaqbal (kelasi zamon) [6: 646] maʼnolaridadir. Ushbu soʻzlardan “avval”, “yaʼni” va “moziy” soʻzlari hozirda tilimizda mavjud boʻlib, birinchi misradagi “avval” soʻziga qofiyadosh qilib ikkinchi misrada “mustaqbal” soʻzini keltirgan. Qizigʻi shundaki, misralarda keltirilgan soʻz arabcha yoki arab tilidan oʻzlashgan soʻzlar. Bu soʻzlarning oʻzaro sintaktik munosabatga kirishishi esa esa fors tilining taʼsirini kuzatishimiz mumkin, yaʼni soʻzlar oʻzaro forsiy izofa shaklida birikkan. Muallif qoidani keltirib oʻtgandan soʻng har bir qoidaga amaliy tarzda vazn va har bir vaznga esa misol beradi Masalan, yuqorida keltirib oʻtilgan fikrlarga amaliy tarzda quyidagilarni keltirib oʻtadi:

Faʼala yafulu-ki bābï uni,
Ṭalaba yaṭlubu-ki mavzunï

“Mavzun” soʻzi arab tilida vaznga solingan [6: 909] degan maʼnoni anglatadi. Misradagi jumlalarning umumiy maʼnosi shuki, “faʼla yafʼulu” bobiga tushadigan soʻz bu “tolaba yatlubu”dir degan maʼnodadir. Soʻngra ushbu bobda keladigan feʼllarning semantik – sintaktik xususiyatlarini keltirib oʻtadi. 

Taʼdiyaga bu bāb bolmïš köp –
Kim, misālï uṭlubi al-maṭlub.

“Taʼdiya” soʻzi “oʻtimli” [6: 528] maʼnosidadir. Bu soʻz ham hozirgi kunda faqat grammatikada qoʻllaniladi xolos. Eʼtibor beriladigan boʻlsa, birinchi misradagi “koʻp” soʻziga ikkinchi misradagi “utlubil matlub (talab qilinadigan yoki izlashga arziydigan narsani izla)”  misolini qofiyadosh qilib deb keltirgan. Ayni paytda shuni ham aytib oʻtish lozimki, “misol” soʻzi ham arab tilidan kirib kelgan boʻlib “misol keltirmoq”, “oʻxshatmoq” [6: 771] degan maʼnoni bildiradi. Hozirgi kunimizda ham kishilar orasida “misli koʻrinmagan” kabi iboralar ishlatilib turadi. Albatta, bu ibora “oʻxshashi yoʻq” degan maʼnodadir. Birinchi misraning kesimi “boʻlmish” va unga nisbatan miqdor holi boʻlib kelgan “koʻp” soʻz hamda “bu” koʻrsatish olmoshi turkiy tilga oid soʻzlardir. Demak, bu misralarda ham qoidaga misol keltirilish hisobiga arabiy soʻzlarning ustunligini kuzatishimiz mumkin. Quyidagi misralarda ham xuddi shunday holatni koʻramiz:

Gāh bolğay bināsï lāzim üčün,
Misāl uxruj ayyuhal-maknun:

“Bino” soʻzi arab tilida “soʻzning morfologik shakli”, “turlanmaydigan shakl” [6: 80] maʼnosida qoʻllaniladi. “Lozim” soʻzi esa “oʻtimsiz” (AN.748) maʼnosidadir. Birinchi misraga qofiyadosh qilib keltirilgan “uxruj ayyuhal maknun” jumlasi “Ey yashirinib olgan, chiq!” degani. Koʻrinib turibdiki, misrada kelgan 9 ta soʻzdan 6 tasi arab tilidan kirib kelgan soʻz yoki tamoman arabcha soʻzdir. 

Bābï sāniy-ki fathalï kečmiš,
Fahm qïl munda kasralïkečmiš.
Faʼala yafʼilu bu dur ham bir,
Bābïdïn dāraba bu bāba nazir.

“Soniy” soʻzi arab tilida “ikkinchi” [6: 110] degan maʼnoni bildiradi. “Kasra” esa “i” qisqa unlisidir. Ushbu satrlarda “zoraba” soʻzi misol qilib koʻrsatilgan. Maʼnosi urmoqdir [6: 478]. Oʻzbek tilidagi “zarb”, “zarba” soʻzlari ham shu soʻz bilan oʻzakdoshdir. “Nazir” soʻzi “oʻxshash” [6: 835] maʼnosida keltirilgan. 

Ğāyre lāzim bu bābï ğālib,
Ka idribi nazia kaza as-sālib.

“Lozim” soʻzining “oʻtimsiz” maʼnoda ekanini yuqorida ham aytib oʻtgan edik. “Gʻayri lozim” esa “oʻtimsiz boʻlmagan” maʼnosida keltirilgan. Aslida “gʻayr” soʻzi “boshqa” [6: 602] degan maʼnoni anglatadi. Soʻzma-soʻz tarjima qilinganda “oʻtimsizdan boshqasi” degan maʼnoni bildiradi. Shu oʻrinda yana bir jihatni aytib oʻtish lozimki, asarda kelgan soʻzlarning etimologik jihatiga eʼtibor bergandagina arab tiliga oid boʻlgan soʻzlar turkiy soʻzlarga nisbatan anchagina koʻproq qoʻllanilgan. Biroq arab tilidagi soʻzlarning aksariyatini tilimizga oʻzlashib ketganini hisobga olinadigan boʻlsa, u holda asarda ikki til, yaʼni arab va turkiy soʻzlar deyarli tengma-teng qoʻllanilgan deyishimiz mumkin. 

 Lāzim ammā kelür välek aqāl,
Misliijlis huna vala taʼmal.

 “Aqoll” soʻzi “juda kam” [6: 679] degani boʻlib, xalqimiz orasida bu soʻz “aqalli (hech boʻlmasa ozgina)” deya qoʻllaniladi. Ikkinchi satr toʻliq arabcha boʻlib,  “Shu yerda oʻtir va ishlama” deb izohlanadi .

 Bābï sālisda avval va sāni,
Keldi maftuh bilki aynāni.

 “Solis” soʻzi “uchinchi” [6: 107] maʼnosidadir. “Maftuh” soʻzi undoshning harakati “a” qisqa unlisi bilan kelgan, degan maʼnoda. “ʼaynani” soʻzi “ikkita ʼayn” degan maʼnoda ifodalangan.

Harfïhalqï bašartï esä anda,
Aynï feʼlïnda yāki lāmïnda.

“Harfi halqiy” soʻz birikmasi “halqumdan chiqadigan harf” degani. “Basharti” soʻzidagi “ba (bilan)” old qoʻshimchasi fors tilidan ekani maʼlum. “Shart” soʻzi esa arab tilidan kirib kelgan. Biroq bu soʻz arab tilidan fors tiliga soʻng bizning tilimizga kirib kelgani koʻrinib turibdi.

Harfïhalq altïdur-ki ha-u xā,
Aynu ğayn-u hamza sādisuha.

“Sodis” soʻzi “oltinchi” [6: 366] degan maʼnoda boʻlib, bu soʻz ham arabchadir.

 Taʼdiyada ğālib duāda nazir,
Futiha qufluha lijayšil amir.

“Futiha qufluha lijayshil amir” jumlasi “Uning qulfi amirning qoʻshini uchun ochildi” maʼnosidadir.

Gāh lāzim kelürki aŋa misāl,
Inšā allah yazhabul qaffāl.

“Inshoalloh” soʻzi xalqimiz uchun tanish soʻz boʻlib, arab tilida “Xudo xohlasa” manosidadir. “yazhabu alqaffol” “qulfsoz ketyapti” degan maʼnoni anglatadi.

Bābï rābeki kasra ayn sābiq,
Fatha ayn ermiš munda-ki lāhiq.
Faʼila yafʼalu-ki mizanani,
Alima yaʼlamuki mavzunani:

“Robiʼ” soʻzi ham arabcha boʻlib, “toʻrtinchi” [6: 293] degan maʼnoni bildiradi. Xalqimiz orasida toʻrtinchi qiz farzandga “Robiʼa” deb nom qoʻyishi ham shundandir. “sobiq” “oldingi” [6: 358], “lohiq” esa “ortda kelayotgan” [6: 744] degan maʼnolarni bildirib, bu ikki soʻz ham arabchadir. Bulardan “sobiq” soʻzi oʻz tilimizda ham xuddi shunday “avvalgi” maʼnosida ishlatiladi. “Miyzan” soʻz xalqimiz orasida ishlatiladigan “mezon” soʻzidir. Biroq bu soʻz ham arab tilidan oʻzlashgan boʻlib “tarozu” [6: 910] degan maʼnoni bildiradi. Arab tili grammatikasida esa bu soʻz “oʻlchov qolipi” maʼnosidagi termin desak xato boʻlmaydi, deb oʻylaymiz.

Taʼdiyaga bu ham bināda kop,
Misluha alima ridāal maktub.
Gāh lāzim üčün kelgän misāl,
Vajila zaydun sor-ki kayfal hāl.

“Masaluha” soʻzi “uning misoli” maʼnosidadir. Oʻz tilimizda qoʻllaydigan “masalan” soʻzimiz shu soʻz bilan oʻzakdosh soʻzlardir. “ʼalima rizo almaktub” esa “Rizo maktubni bildi” maʼnosini anglatadi. Keyingi satrlarda kelgan jumlalarning tuzilishi yanada boshqacha. Aniqrogʻi, bir satrning oʻzida ikkita tilda aralash jumlalar keltirilgan. “Vajila zayd” Zaydni titroq bosyapti maʼnosida boʻlib, bu maʼnodagi gapdan soʻng oʻzbek tilida “soʻrki” gapi va undan keyin yana arab tilida “kayfa alhol” “ahvol qanday” jumlasi qoʻllanilgan. 

Asarda kelgan leksik qatlam borasida xulosa qilib shuni aytish mumkinki, etimologik nuqtai nazardan arab tiliga doir boʻlgan soʻzlar turkiy tilga oid boʻlgan soʻzlarga qaraganda kengroq koʻlamda qoʻllanilgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Buning sababi bir tomondan tilimizdagi soʻzlarning aksariyati arab tilidan oʻzlashgan soʻzlar boʻlgani boʻlsa, boshqa bir tarafdan asarning arab tili grammatikasiga bagʻishlanganidir. Feʼl vaznlari, boblarining har birini yoritib berishda arab tilidan misollarning keltirilishi esa arabcha soʻzlarning turkiy soʻzlarga nisbatan koʻproq qoʻllanilishiga sabab boʻlgan asosiy omillardan biridir.

Misralar yoki, umuman, baytlarga eʼtibor qaratiladigan boʻlsa, gaplarning kesimlari, asosan, turkiy soʻzlardan tashkil topgan. Baʼzi bir old qoʻshimchalarni hisobga olmaganda, asarda forsiy soʻzlar deyarli uchramaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. №3410/1 Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanuvchi toshbosma.
  2. №3410/2 Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanuvchi toshbosma.
  3. №3410/3 Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanuvchi toshbosma.
  4. Ibrohimov N., Yusupov M. Arab tili grammatikasi. 1 jild. – T.: Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi, 1997.
  5. Qosimxonov B., Lutfullayev H., Islamov Sh. Oʻzbek tilidagi toshbosma kitoblar katalogi. 1-jild. – T., 2014.
  6. Nishonov A, Muhiddinov M, Rahmatullayev Yu, Yusupov M, Nosirov O. An-Naʼiym. – T.: Abdulla Qodiriy, 2003.
  7. Nurmonov A., Sobirov A., Qosimova N. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. – T., 2013.
  8. Talabov E. Arab tili. – T.: Oʻzbekiston, 1993.
  9. Xolidov B.Z. Uchebnik arabskogo yazыka. – T.: Oʻqituvchi, 1981.
  10. Sharbatov G.Sh. Uchebnik arabskogo yazыka. – Moskva: Vostochnaya literatura, 1998.
Shirin QURBONOVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tadqiqotchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …