Home / MAQOLALAR / JAMIYAT QOʻSHNILIK MADANIYATI BILAN TARAQQIY TOPADI

JAMIYAT QOʻSHNILIK MADANIYATI BILAN TARAQQIY TOPADI

Har bir jamiyatning tinchligini taʼminlashda qoʻshnilik madaniyatiga rioya qilishning oʻrni beqiyosdir. Qoʻshnilar bir-biri bilan ahil va inoq boʻlsa, oʻsha jamiyatda tinchlik-totuvlik hukm suradi va taraqqiyot boʻladi. Bordiyu aksi boʻlsa, jamiyat parokandalikka yuz tutadi. Shuning uchun ham ota-bobolarimiz “Hovli olma, qoʻshni ol”, “Qoʻshning tinch – sen tinch” degan naqllarni oʻrgatish bilan birga, ularga qatʼiy amal qilib kelgan.

Muqaddas dinimiz taʼlimotida qoʻshnilik aloqalariga alohida eʼtibor beriladi. Qoʻshniga yaxshilik qilish ibodat darajasiga koʻtarilgan. Qoʻshnilikda millat, din yo nasabning ahamiyati yoʻq. Qoʻshni kim boʻlishidan qatʼi nazar, uni hurmat qilish – vojib, ozor yetkazish esa haromdir. Shuning uchun har bir musulmon qoʻshnisiga yaxshilik qilish qoʻlidan kelmasa, hech boʻlmasa, yomonlik qilmaslikka va ziyon yetkazmaslikka harakat qiladi.

Qoʻshnilik madaniyatini targʻib qiluvchi koʻplab oyat va hadislar mavjud. Jumladan, “Niso” surasining 36-oyatida bunday marhamat qilingan:

“Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga hamda qarindosh-urugʻ, yetim va miskinlarga, qarindosh qoʻshni va begona qoʻshniga, yoningizdagi hamrohingizga, yoʻlovchi musofirga va qoʻllaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta, Alloh mutakabbir va maqtanchoq boʻlgan kimsalarni sevmaydi”.

Ushbu oyatning tafsirida qoʻshnining qoʻshnida uchta haqqi borligi aytiladi. Ular:

  • agar qoʻshni boshqa din vakili boʻlsa, uning qoʻshnilik haqqi;
  • agar qoʻshni musulmon boʻlsa, uning qoʻshnilik va musulmonlik haqqi;
  • agar qoʻshni qarindosh va musulmon boʻlsa, uning qoʻshnilik, qarindoshchilik va musulmonlik haqqi.

Deyarli barcha muhaddislarning toʻplamlarida qoʻshnilik madaniyatiga oid hadislar keltirilgan. Ular orasida Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” asari alohida ajralib turadi. Chunki, undagi oʻn oltita, yaʼni 55-70 boblardagi 28 ta hadis aynan qoʻshnilik madaniyati va haq-huquqlariga oiddir. Ularda qoʻshnining haqqi, unga yaxshilik qilish, ozor bermaslik, yaxshi va yomon qoʻshnilarning vasfi kabi masalalar bayon qilingan.

Jumladan, 101-hadisda Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qoʻshniga yaxshilik qilish va muruvvat koʻrsatish borasida qilgan tavsiyasi quyidagicha bayon qilingan:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا عَنْ النَّبِيِّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّم قال:مَا زَالَ جِبْريلُ يُوصِينِي بِالجَارِ حَتَّى ظَنَنْتُ أَنَّهُ سَيُوَرِّثُهُ[1].

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga Jabroil alayhissalom qoʻshniga yaxshilik qilishni shu qadar koʻp tavsiya qildiki, hatto uni yaqinda merosxoʻrim qilib qoʻysa kerak, deb oʻyladim”, dedilar”.

Haqiqatan ham baʼzan Jabroil alayhissalom oʻta muhim masalalarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qayta-qayta tavsiya qilgan. Jumladan, qoʻshnining haqqi, unga yaxshilik qilish va muruvvat koʻrsatish ham oʻta savobli va eʼtiborli amallardan boʻlgani uchun Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga buni shu qadar koʻp taʼkidlaganki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning koʻngillaridan beixtiyor “gap shu tarzda davom etadigan boʻlsa, yaqinda merosingni ham qoʻshning oladi, deb qolarmikan”, degan oʻy oʻtgan ekan.

Asardagi 102-hadisda kim Allohga va qiyomat kuniga imon keltirgan boʻlsa, oxiratdan umidvor boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilishi lozimligi taʼkidlangan.

عَنْ أَبِي شُرَيْحٍ الْخُزَاعِيِّ عَنْ النَّبِيِّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّم قَالَ: مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيُحْسِنْ إلَى جَارِهِ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ، فَلْيُكْرِمْ ضَيْفَهُ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوْ لِيَصْمُتْ[2].

Abu Shurayh Xuzoiydan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilsin. Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, mehmoniga izzat-ikrom koʻrsatsin. Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin”, dedilar”.

Ushbu hadisda Allohga va qiyomat kuniga imon keltirishni zikr qilishdan maqsad mazkur ishlarga targʻib mubolagʻali boʻlishi uchundir. Allohga boʻlgan imon doimo U zotga muhabbat ila itoat qilishga chorlaydi. Oxirat kuniga imon keltirish esa, savob va gunohlarni eslab turishning asosidir. Yaʼni, kimki oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshilik qilishga va ëmonlikdan tiyilishga harakat qiladi.

Demak, qoʻshniga yaxshilik qilish Allohga va qiyomat kuniga imonning alomati ekan. Kim Allohga imon keltirgan boʻlsa, qiyomat kunidan umidvor boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilishi lozim boʻladi. Qoʻshniga yaxshilik qilish uning hojati tushgan vaqtda yordamni ayamaslik va unga yomonlik qilmaslikda namoyon boʻladi. Qoʻshniga koʻp yaxshilik qilib, u bilan chiroyli muomalada boʻlgan kishi, albatta, Alloh taoloning huzurida eng yaxshi qoʻshni sanalar ekan.

عَنِ الْحَسَنِ الْبَصْرِي أَنَّهُ سُئِلَ عَنِ الْجَارِ، فَقَالَ: أَرْبَعِينَ دَارًا أَمَامَهُ، وَأَرْبَعِينَ خَلْفَهُ، وَأَرْبَعِينَ عَنْ يَمِينِهِ، وَأَرْبَعِينَ عَنْ يَسَارِهِ[3].

Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: U kishidan qoʻshnilar haqida soʻraldi. U: “Oldidan qirq hovli. Ortidan – qirqta. Oʻngidan – qirqta. Chapidan – qirqta”, dedi.

Ushbu hadisdan maʼlum boʻladiki, shariatda oʻng, chap, old va orqa tomondan qirqtadan xonadon qoʻshni hisoblanib, ularda qoʻshnilik haqqi boʻlar ekan. Yuqorida zikr etilgan va shu kabi boshqa hadislarda qoʻshnilik munosabatlariga alohida eʼtibor berilgan. Qoʻshnining haqqi yuqori koʻtarilgan.

Darhaqiqat, qoʻshnisidan xabar olib turadigan, qoʻshnisini och, yupun qoldirmaydigan kishilar jamiyati juda taraqqiy etgan, tinch-totuv, ahil jamiyat boʻladi. Aksincha, odamlari qoʻshnisining ahvoli bilan ishi yoʻq, oʻzi esa keragidan ortiq maishat qiladigan jamiyat, albatta, tanazzulga yuz tutib, halokatga uchraydi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, hozirgi kunda ham imonini mahkam tutib, qoʻshnilik madaniyatiga qatʼiy amal qilib kelayotgan moʻmin-musulmonlar bunday savobli ishlar lazzatidan bahramand boʻlib kelmoqda. Har bir shaxs qoʻshni bilan chiroyli muomalada boʻlsa, uning och va yupun qolishiga yoʻl qoʻymasa, u yashayotgan jamiyat bagʻrikenglik va totuvlik tamoyillariga amal qilgan, tinch-totuv va ahil jamiyat boʻladi. Qoʻshnilik madaniyatiga rioya qilgan jamiyat va mahallalarda koʻpgina muammoli masalalar Yaratganning inoyati bilan oʻz-oʻzidan hal boʻlib ketaveradi.        

[1] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Aadabul mufrad (arab tilida). – T.: Movarounnahr, 2013. – B.31.
[2] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Aadabul mufrad (arab tilida). – T.: Movarounnahr, 2013. – B.31.
[3] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Adabul mufrad (arab tilida). – T.: Movarounnahr, 2013. – B.32.
Yoʻldoshxon Isayev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …