Imom Buxoriyning shogirdlari nihoyatda koʻp boʻlgan. Ular safida mashhur muhaddislar Muslim ibn Hajjoj, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Abu Talha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy, Abu Abdulloh Mahomiliy va boshqa ulugʻ olimlar bor.
Ilm ahli oʻz kitobini yetkazishda joriy qilgan odatga muvofiq, Imom Buxoriy ham “Sahihul Buxoriy”ni dars berish uchun bir necha joyda tahsil halqalari tashkil qilgan. Ularda allomani tinglashga mushtoq boʻlgan va eshitganlarini rivoyat qilishga katta ishtiyoq bilan qaraydigan koʻp odam toʻplangan.
Bu talabalar orasidan dastlabki roviylar tabaqasi yetishib chiqdi. Odamlar ana shu roviylardan “Sahihul Buxoriy”ni taʼlim oldi. Ushbu tabaqadagi roviylar “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qilgan shogirdlari hisoblanadi.
Imom Buxoriyning nasaflik shogirdlaridan biri Pazda qishlogʻining boshligʻi Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Ali ibn Qorina ibn Saviyya Pazdaviy Nasafiydir.
Hofiz Zahabiy uni “U katta va suyanadigan shayxdir”, deb vasf etgan. Abu Nasr Amir ibn Mokula: “U Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni taʼlim olgan. Vaholangi, u buyuk muhaddisdan bu kitobni taʼlim olganlarning eng oxirgisidir. U siqa (ishonchli) kishi boʻlgan”, degan.
Hofiz Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy “Nasaf tarixi” kitobida bunday degan: “U Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganlarning eng oxirgisidir. U “Sahihul Buxoriy”ni tinglagan paytida kichkina boʻlgani uchun ulamolar uning rivoyatini zaif deb hisoblagan. Ular aytadi: “Uning eshitgani Amirul moʻmininning doʻsti, Toʻbon qishlogʻining boshligʻi Jaʼfar ibn Muhammadning xatidan maʼlum boʻlgan. Ular (Abu Talha Nasafiy, Jaʼfar ibn Muhammad va boshqalar) kitobning hammasini Hammod ibn Shokirning nusxasidan oʻqigan. Undan oʻz shahrining ahli “Sahihul Buxoriy”ni tinglagan va hayotlik chogʻida eshitish uchun uning oldiga kelgan”.
Abu Talha Pazdaviy “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati bilan mashgʻul boʻlgan. Lekin uning rivoyati zaif deyilgani uchun mashhur boʻlmagan.
Maʼlumki, Abu Abdulloh Firabriy: “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi tinglagan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa hech kim qolmadi”, degan. Hofiz ibn Hajar Asqaloniy Firabriyning ushbu soʻzlarini izohlab bunday deydi: “Abu Abdulloh Firabriy bu gapini oʻzi bilgan narsaga muvofiq aytgan. Yaʼni, Firabriy Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa hech kim qolmadi, deb uylagan. Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Ali ibn Qorina Pazdaviy esa Imom Firabriydan toʻqqiz yil keyin, yaʼni 329/941 yilda vafot etgan”.
Abu Talha Pazdaviy “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganlarning eng oxirgisi, deyilgan. Vaholanki, Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni tinglagan Qozi Husayn ibn Ismoil Mahomiliy undan keyin yashagan. Lekin uning huzurida “Sahihul Buxoriy” kitobi boʻlmagan. Albatta, u Imom Buxoriy Bagʻdodga oxirgi kelishida hadis aytib yozdirgan majlislarda undan tinglagan.
Yuqorida nomi zikr qilingan alloma “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan tinglagan shogirdlaridan biri hisoblanadi. Ushbu olimning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Chunki, bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar Imom Buxoriyning hayoti va ijodi haqida muhim boʻlgan maʼlumotlarni yuzaga chiqaradi.