(1-qism)
Qurʼoni karimda tamsillarni tashbeh usulida keltirish ham uning xususiyatlaridan biri boʻlgan va arablarni lol qoldirgan. Chunki, tamsiliy tashbehda hodisa ham, ifoda ham ochiq-oydin koʻrinib turadi va uni eshitgan odam gap nima haqda ketayotganini darrov toʻlaligicha fahmlaydi. Masalan:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِائَةُ حَبَّةٍ
«Alloh yoʻlida mollarini ehson (savob) qiluvchilar misoli goʻyo bir donga oʻxshaydiki, u har bir boshogʻida yuztadan doni boʻlgan yettita boshoqni undirib chiqaradi»[1].
وَمَنْ يُشْرِكْ بِاللَّهِ فَكَأَنَّمَا خَرَّ مِنَ السَّمَاءِ فَتَخْطَفُهُ الطَّيْرُ أَوْ تَهْوِي بِهِ الرِّيحُ فِي مَكَانٍ سَحِيقٍ
«Kim Allohga shirk keltirsa, bas, u goʻyo osmondan qulagan va uni qushlar (oʻlja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joylarga uchirib ketgandek»[2].
Ijodiy asarlarda boʻlganidek, Qurʼoni karim suralarining bayonida ham bir usul qoʻllash bilan kifoyalanilgan emas. Turli suralarda turli usul ifoda etilgan. Masalan: baʼzi suralar alifbo harflari — الم , ق , حم bilan boshlangan boʻlsa, baʼzilari Allohga hamdu sano — الحَمْدُ لِلَهِ bilan, yana baʼzilari xitob يَا أَيُّهَا bilan boshlangan. Baʼzi suralarning boshlanishidayoq bevosita maqsadga kirishilgan. Masalan:
الَّذِينَ كَفَرُوا وَصَدُّوا عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ أَضَلَّ أَعْمَالَهُمْ
«Kofir boʻlgan va (oʻzgalarni ham) Alloh yoʻlidan toʻsgan kimsalarning amallarini (Alloh) zoye ketkazur»[3].
بَرَاءَةٌ مِنَ اللَّهِ وَرَسُولِهِ إِلَى الَّذِينَ عَاهَدْتُمْ مِنَ الْمُشْرِكِينَ
«(Bu) Alloh va uning paygʻambaridan sizlar (bilan) ahdlashgan mushriklarga (nisbatan) ora ochiqdir»[4].
Qurʼoni Karimning yana bir moʻjizaviy jihati shundaki, uning oyatlari oʻta balogʻatli va fasohatli, ammo lafzi qisqa boʻlishi bilan birga bir nechta maʼnoga dalolat qilishi bilan ham ajralib turadi. Masalan:
قَالَ مَعَاذَ اللَّهِ إِنَّهُ رَبِّي أَحْسَنَ مَثْوَايَ
«Yusuf dedi: «Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojamku?! Menga yaxshi joy bergan boʻlsa?!»[5].
Bu oyati karimadagi “xojam” soʻzi Yusufni qul qilib sotib olgan xoʻjayinni bildiradi. Xoʻjayin Yusufni xotiniga topshirib, uni oʻgʻil qilib olishni taklif etgan va Yusufga qul kabi emas, farzandidek yaxshi munosabatda boʻlgan.
“Xojam” soʻzi “parvardigorim” degan maʼnoni ham bildiradi. Yusuf, uni akalarining zulmidan va qorongʻu chohdan beshikast najot bergan va mehribon odamlarga roʻpara qilgan Allohining neʼmatini eslagan va noshukrlik qilishdan qoʻrqqan, degan maʼnoga ham dalolat qiladi.
Qurʼoni karimda lafzi va tarkibi oʻzgarmagan holda ikki va undan ortiq maʼnoga ishora qiladigan oyatlar juda koʻp.
Alloma Zamaxshariy “Muddassir” surasining tafsirida: “Jumlani juda qisqa, ammo maʼnoni juda keng qamrovli ifoda qilish Qurʼoni karimning moʻjizasidir” deb yozgan.
Hazrat Umar (r.a.)dan: “Kimki Allohga itoat qilsa, uning paygʻambariga itoat qilsa, Allohdan qoʻrqsa va taqvo qilsa, bas, ular haqiqiy zafarga erishuvchilardir” degan oyati karimani eshitgan Rum patriarxi: “Alloh mana shu oyatning oʻzida Iso (A.S.)ga nozil qilgan Injilda bayon etilgan dunyo va oxiratning ahvolini jamlagan ekan”, degan[6].
Qurʼoni Karimda shunday ifoda odati mavjudki, bir lafz qayerda kelsa ham bir xil maʼnoni anglatadi. Bu jihatga baʼzi mufassirlar alohida ahamiyat bergan. Masalan: Ibn Abbos (r.a.): “Qurʼonning qaysi oyatida “gulkosa” soʻzi kelsa, u “aroq”ni bildiradi”, degan. Imom Tabariy ham Zahhokdan shunday hadisni rivoyat qilgan.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda “Anfol” surasining tafsirida Ibn Uyayna bunday degan: “Alloh qaysi oyatda «yomgʻir” soʻzini keltirgan boʻlsa, undan murod “azob”dir. Holbuki, arablar odatda مَطَرٌ, غَيْثٌ lafzlari bilan faqat yomgʻirni ataydi. Alloh “mator” soʻzi bilan azobni ifoda qilsa, “gʻays” soʻzi bilan yomgʻirni ifoda qiladi»[7].
Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: “Qurʼonning qaysi oyatida يَأَيُّهَا النَّاسُ – «Ey odamlar” degan jumla kelsa, bu Makka mushriklariga xitobdir».
Johizning “Al-Bayon” kitobida yozilishicha, Qurʼoni karimda bir-biridan ajratib boʻlmaydigan qoʻshaloq soʻzlar koʻp. Masalan, namoz va zakot, ochlik va toʻqlik, jannat va doʻzax, ragʻbat va qoʻrquv, muhojir va ansor, jin va inson, foyda va zarar, osmon va yer [8].
Faxruddin Roziy va Mahmud Zamaxshariyning taʼkidlashicha, Qurʼonning qayerida vaʼid (qoʻrqituv) oyatlari kelsa, orqasidan bashorat oyatlari ham keladi.
Qurʼoni karimdagi bu kabi bayoniy xususiyatlar va balogʻiy tafsirlar ushbu ilohiy kitobning ifoda usullarini ochib berishda muhim rol oʻynaydi. Shunday ekan, Qurʼoni karimni tafsir qilish, sharhlash hech bir zamonda oxiriga yetib, batamom komil boʻlmaydi, balki yangi qirralari ochilishda davom etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Qurʼoni karim.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Qurʼoni karim maʼnolar tarjimasi”. – Toshkent, “Hilol” nashriyoti, 2019.
- Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. – Toshkent: TIU, 2018. –618.
- Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilotul Qurʼon. M.Bosallam tahriri. – Bayrut, Dorul kutubil iomiyya, 1971.
- ZIYOUZ sayti.