Hijoz oʻlkasida arab tili nazm va nasrda jilo topib, bozorlarda, koʻchalarda, karvonsaroy va odam gavjum boʻladigan boshqa joylarda oʻzining tarovatini namoyish qilib turgan bir davrda Alloh oʻzining oxirgi Paygʻambari (S.A.V.)ga arab shoirlarini bellashuvga chaqirib ojiz qoldirgan kitobi – Qurʼoni karimni nozil qilgan.
Qurʼoni Karim Allohning huzuridan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga moʻjiza sifatida nozil boʻlgan muqaddas kalom boʻlgani uchun, uni arab millatining boshqa ijodiy nasriy va nazmiy asarlaridan ajralib turadigan, boshqa asarlarda takrorlanmagan oʻziga xos xususiyatlarga ega qilgan.
Ulardan birinchisi Qurʼonning nazmi sheʼriyatning barcha qoidalariga muxolifdir. Bu xususiyatni olimlar ham, shoirlar ham, hatto, oddiy arablar ham darhol his qilgan. Baʼzi mushriklar Paygʻambarimiz (S.A.V.)ni shoir deb malomat qilib turgan bir paytda turli gʻarazli maqsadlar bilan u kishining huzurlariga kelgan va u zotdan Qurʼoni karimning tilovatini eshitgan ondayoq dillari yumshab, ruhiy osoyishtalikni tuygan. Shundaylar oʻz qavmining oldiga qaytganida: “Allohga qasamki, men Muhammaddan bir kalomni eshitdim, u sheʼr emas, insonning soʻziga ham oʻxshamaydi”, deb eʼtirof etgan.
“Qurʼonning uslubi insonlarning xitob uslubiga ham oʻxshamaydi, balki uning jumlalari darhol yodda qoladigan va tilovat qilinadigan uslubdir. Bu uslub Qurʼonning oʻziga xos moʻjizaviy yoʻli boʻlib odamlarning kalomida uchramaydigan xususiyatdir”, deb yozadi Shayx Muhammad Tohir ibn Oshur[1].
Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” asarida taʼkidlanishicha, Qurʼoni karimning juzlarga, hizblarga va suralarga taqsim qilinishi ham arab kalomida yangilik boʻlgan.
Arablarning sheʼrlarida oʻtgan voqea-hodisalarning qissasi bayon etilmas edi. Juda kam hollarda, masalan, birgina sheʼrda bir odamni ilon chaqib vafot etishi, keyin uning akasi bilan yomonlik qilmaslikka ahdlashgani, paytini topganda esa ilon yana vaʼdasini buzib, unga xiyonat qilgani hikoya qilingan. Boshqa arab sheʼrlarida esa umuman qissa tilga olinmagan. Har bir musulmonga yetadigan neʼmatni ham, boshiga tushadigan azob-uqubatni ham bir qissa bilan keltirilishi, masalan, “Aʼrof” surasida ahli jannat va ahli doʻzaxning holatlari qissa shaklida berilishi, arablarni lol qoldirgan.
Qurʼonning yana bir xususiyati boshqa millat vakillarining ismlarini maqomga muvofiq “arabchalashtirib” zikr etilishida. Masalan: Dovud (A.S.)ning qissasida Shovil ismli podshohning Tolut deb nomlanishi, Ibrohim (A.S.)ning otasi Torihni Ozar deb oʻzgartirilishi shular jumlasidan.
Arablar biror hodisani ifoda etish uchun zarbulmasal usulini qoʻllagan. Bunda boʻlib oʻtgan hodisa zikr etilmagan va unga ishora etuvchi pardali jumladan foydalanilgan. Keyin oradan koʻp vaqt oʻtishi natijasida hodisaning oʻzi butunlay unutilib, faqat uni ifoda etuvchi zarbulmasal qolgan. Natijada zarbulmasaldan koʻzlangan asosiy hodisa – maqsad koʻpchilikka nomaʼlum narsaga aylangan.
Davomi bor…
[1] Muhammad Tohir ibn Oshur. At-tahrir vat tanvir. Tunis. 1-j. 120-b.