Home / ALLOMALAR / ABU HOMID GʻAZZOLIYNING “BIDOYATUL HIDOYA” ASARIDA QALB GUNOHLARI TOʻGʻRISIDA(2-qism)

ABU HOMID GʻAZZOLIYNING “BIDOYATUL HIDOYA” ASARIDA QALB GUNOHLARI TOʻGʻRISIDA(2-qism)

Hasadning manbai xasislikdir, chunki baxil oʻzida boʻlgan narsaning boshqa odamlarning qoʻlida boʻlishini istamaydi. Olim oʻta baxillikni ifodalashda arabcha shuhh atamasini qoʻllaydi. Baxil xudoning bandalariga nafaqat oʻzidagi neʼmatlarni, balki Alloh xazinasidan boʻlganlarini ham bergisi kelmaydi. Shuning uchun uning baxilligi eng yomonidir. Hasadli kishi birovga ilm, davlat va qalbga muhabbat yoxud boshqa neʼmat inʼom etilishini hazm qilolmaydi. Hatto bu unga hech qanday foyda keltirmasa-da, neʼmatlar berilgan insonlardan olinishini xohlaydi. Bu qalb kasalliklarining eng quyisidir. Hadisda aytilganidek: “Olov oʻtinni yeganidek hasad ham yaxshi amallarni kuydirib yuboradi” [7: 212]. 

Gʻazzoliy hasadgoʻyni rahm-shafqat qilmasdan jazolash kerak, deydi. Chunki hasadchi shu dunyoda ham tugamas azoblarni his qiladi, yaʼni oʻzining birodarlariga inʼom qilingan ilm, mansab va boylik tufayli oʻlguniga qadar iztirob chekadi. Oxiratdagi azoblar esa bundan-da shiddatli va dahshatliroqdir. Toki inson birodarlariga oʻziga ravo koʻrganni ravo koʻrmas ekan, imon haqiqatiga yetmaydi.

Abu Homid Gʻazzoliy fikriga koʻra, musulmon oʻzgalar muvaffaqiyatiga xursand va gʻamiga tashvish chekishi lozim. Musulmonlar bamisoli bir devorning bir-birini ushlab turuvchi gʻishtlari singaridir. Ular butun tananing aʼzolari kabidirlar va bir aʼzo kasallansa, boshqa aʼzolar ham ogʻriqni his qiladi. “Agar qalbingda bunday hissiyot boʻlmasa va musulmonlar gʻamiga sherik boʻlmas ekansan, fiqh tarmoqlarini va huquqiy tizimlarni oʻrgangandan koʻra aniq halokatdan oʻzingni qutqarishga harakat qilmaganing yaxshiroq” [7: 213]. 

Mutafakkir riyo haqida shunday deydi: “Riyo yashirin shirkdir. U Allohga sheriklik keltiruvchi ikki yoʻldan biri hisoblanadi”. Riyo ijtimoiy hayotda yuksak obroʻ va martabalarga erishmoq uchun odamlar ishonchini qozonish. Bu istak ham past xususiyat boʻlib, koʻpchilik shuning sababidan halok boʻlgan. Bundan tashqari, hech qaysi mavjudot insonchalik boshqa insonni halok qilmaydi. Agar insonlar fikr qilganlarida, olgan bilimlari, bajargan ibodatlari va koʻpgina odatlari insonlar eʼtiborini tortishdan boshqa maqsad emas edi, deydi mutafakkir. Shuning uchun, riyo barcha yaxshi amallarni oʻchirib yuboradi. Odamlar nazdida olingan ilm, riyo uchun haj va maqtashlari uchun Qurʼon oʻqish oqibati ham oxiratda yomon boʻladi.

Kibr, ujb va faxr kabi illatlarni ham tuzatish qiyin. Qachon inson boshqalarga yuqoridan past nazar bilan boqsa, oʻzini oʻzgalardan ustun deb bilsa iblisdan farqi qolmaydi. Natijada tilida “men va men” kalimasi boʻladi. Iblis ham “Men Odamdan afzalroqman, chunki meni olovdan, uni esa balchiqdan yaratding” degan [7: 214].

Gʻazzoliy bu illatlarning egasi majlislarda quyidagicha namoyon boʻladi deydi: bunday insonlar oʻzlarini ustun (taraffuʼ va taqaddum) hisoblaydi va obroʻli joyda oʻtirishga (tasaddur) harakat qiladi. Muloqotda kibr soʻzlarini rad etishni yoqtirmasligi va tanqidni koʻtarmasligida koʻrinadi. Gʻazzoliy shunday deydi: “Mutakabbir kishilarga nasihat qilinganida, ular uni quloqlari ortidan qoʻyib yuboradi. Ammo oʻzlari soʻzlaganida qoʻpol va jizzakilik qilib gapiradi. Agar kishi biror bir Allohning qulidan oʻzini yaxshi deb bilsa, bu kibrning belgisi hisoblanadi. Bilginki, xayrli kishi oxirat kunida Alloh huzurida yaxshi boʻlgan insondir va bu gʻayb ilmidan boʻlib, odamlarga nomaʼlumdir. Bu esa umr xotimasiga bogʻliqdir” [7: 215]. Olim oʻzini boshqalardan xayrli hisoblagan kishini tom maʼnoda johil deydi.   

Olim inson kimga qarasa, uni oʻzidan afzal va ustun bilishi lozim deydi. Sagʻir bolani koʻrib, “oʻzingga bu bola gunohsiz pokdir, meni esa gunohlarim koʻp. Shubhasiz, u mendan yaxshiroq”, deb ayt. Oʻzingdan yoshi ulugʻni koʻrib, “u mendan oldin Allohga ibodat qilishni boshlagan, shuning uchun mendan afzalroqdir”, degin.  Olimni koʻrib, oʻzingga “unga menga berilmagan narsa berilgan, u men erishmagan narsaga erishgan va men bilmagan narsani biladi. Qanday qilib, men u bilan tenglasha olaman?” degin. Johil odamni koʻrib, “u johilligi tufayli osiy boʻlgan, men esa barcha narsani bila turib gunoh qildim. Alloh koʻrsatadigan dalillar ravshandir, uning oqibatiga kelsak bu haqda hech nima bilmayman” deb ayt. Boshqa dindagi kishini koʻrib oʻzingga degin: “Ehtimol u haqiqatni anglar va hayotini solih amallar bilan yakunlar. Musulmon boʻla turib, qilning yogʻdan oson siyrilib chiqqanidek, gunohlaridan xalos boʻlar. Men esa yoʻlimdan urilib, osiy boʻlarman va eʼtiqodimdan ayrilarman, umrim xotimasi yomonlik bilan tugar. Ertaga u Allohning yaqin quliga aylanar, men esa ziyonda qolgan safidan joy olarman” [7: 2165].

Gʻazzoliyning fikrlaridan yuksak axloqiy tarbiya namunasini koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, oʻzga insonni yoshi, mavqei, ijtimoiy ahvoli, aqliy va ruhiy darajasidan qatʼiy nazar xayrli deb bilish, oʻzidan afzal hisoblash lozimligi taʼkidlanadi. Uning axloqiy qarashida, hatto hozirgi kun muammosi sanalgan tolerantlik, milliy va diniy bagʻrikenglik aks etganini koʻramiz.

Binobarin, Gʻazzoliyning qarashlarida inson axloqini yaxshilash uchun birinchi navbatda qalb kasalliklarini bilish muhimligi koʻrinib turibdi. Shuning uchun u inson ruhiyatidagi eng ogʻir kasalliklar: hasad, riyo, ujb, kibr va faxrni sanab oʻtib, ularning muolajasi ham qiyinligini taʼkidlaydi. Xulosa oʻrnida aytishimiz mumkinki, axloqni isloh qilishda qalbni poklash va aynan mutafakkir aytgan illatlardan forigʻ boʻlishga eʼtibor berish lozim boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Al-Ghazali. Abstinence in Islam / Transl. and notes by Caesar E. Farah. – Minneapolis: Bibliotheca Islamica. – ISBN 0-88297-048-8.
  2. Griffel, Frank. Al-Ghazālīʼs Philosophical Theology (angl.). –Oxford: Oxford University Press, 2009. –ISBN 9780195331622.
  3. Shanab, R. E. A. 1974. Ghazali and Aquinason Causation. The Monist: The International Quarterly Journal of General Philosophical Inquiry 58.1.
  4. Watt W.M. Muslim Intellectual: A Study of al-Ghazali. – Edinburgh, 1963.
  5. Gryunebaum G.E. Klassicheskiy islam. Ocherki istorii (600-1258). – M., 1988.
  6. Kampanini M. Abu Xamid Muxammad ibn Muxammad al-Gazzali. Minbar. Islamic Studies. 2010;3(1):4-18. https://doi.org/10.31162/2618-9569-2010-3-1-4-18.
  7.  Abu Homid Gʻazzoliy. Bidoyat ul-hidoya, Dor ul-minhoj, –Bayrut, 2012.
Davronbek QODIROV,
Buxoro davlat universiteti doktoranti

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …