Home / ALLOMALAR / FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (4-qism)

FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (4-qism)

(3-qism) Nishopurdan Samarqandga kelib taʼlim olgan mutafakkir Gʻiyosiddin Abulfath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriy (1048-1131) qoraxoniylar qurdirgan oliy madrasada ilm olib, matematik, astronom, faylasuf, shoir va tabib boʻlib yetishgan. U matematika ilmida koʻplab kashfiyotlar qilgan, hozir Nyuton binomi deb atalgan matematik hisob usulini aynan u kashf qilgan, astronom sifatida 1074 yildan Nishopurdagi observatoriyaga rahbarlik qilgan, insoniyat tarixidagi eng mukammal yil kalendari loyihasini Umar Xayyom ishlab chiqqan.

Mahmud Zamaxshariy (1075–1144). Uning toʻliq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy boʻlib, 1075 yil 19 martda Xorazmning katta qishloqlaridan biri Zamaxsharda tavallud topdi. Zamaxshariy haqidagi maʼlumotlar, asosan, oʻrta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat boʻlmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi boʻlgan va aksar vaqtini Qurʼon tilovati-yu namoz oʻqish bilan oʻtkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan. Buyuk mutafakkir Zamaxshariy arab grammatikasi, lugʻatshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. Uning arab tilshunosligi va grammatikasining turli jihatlariga oid asarlari Zamaxshariy ijodida salmoqli oʻrin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. Alouddin Abulmuzaffar Otsizga bagʻishlab yozilgan “Muqaddamat ul-adab” asari alohida ahamiyatga ega. Bu asar besh katta qismga boʻlingan boʻlib, unda otlar, feʼllar, bogʻlovchilar, ot oʻzgarishlari va feʼl oʻzgarishlari haqida bahs yuritilgan. Asar 1137 yillari yozib tugallangan.

Moʻgʻullar bosqini davrida Markaziy Osiyo madaniy taraqqiyoti inqirozga yuz tutdi. Madaniyat taraqqiyoti yuksak boʻlgan xalq, madaniyati past xalq ustidan hukmronlik qilsa, qoloq xalqning ham madaniyati yuksaladi va aksincha, madaniyati past darajada boʻlgan bosqinchi kuchlar madaniyati yuksak xalq ustidan gʻalaba qilib, unga hukmronlik qila boshlasa, madaniyati yuksak xalqda ham inqiroz roʻy beradi, madaniy taraqqiyot darajasi tushkunlikka yuz tutadi. Bu oddiy haqiqat koʻchmanchi moʻgʻullar bosqini va Markaziy Osiyodagi yuksak madaniyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Moʻgʻullar 1218 yildan 1391 yilgacha Markaziy Osiyoni oʻz taʼsiri ostida tutgan. 1391 yili Amir Temur Toʻxtamishni yengishi Markaziy Osiyoning moʻgʻullar taʼsiridan xalos boʻlishi edi.

Amir Temur va temuriylar davridagina fan va madaniyat yana ravnaq topa boshladi. Sanʼat va adabiyot, fanda mislsiz yuksalish roʻy berdi. Bu davrda Amir Temur, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosuddin Jamshid, Yoqub Hammor, Mirzo Ulugʻbek, Koshiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Sakkokiy, Lutfiy, Jomiy kabi zabardast ilm egalari yetishib chiqadi.

Buyuk sarkarda Amir Temur – Temur ibn Taragʻay Barlos Koʻragoniy 1336 yil 9 aprel kuni Keshda (Shahrisabz) tavallud topgan, 1405 yil 19 fevralda Oʻtrorda toʻsatdan vafot (Qozogʻiston) etgan. Sohibqiron oʻz davrida mahv etish mumkin boʻlgan, yaʼni shunga arziydigan hamma yerlarni bosib olgan. gʻarbda Turkiya, janubi-gʻarbda Shom, janubda Hindiston, shimolda Oltin Oʻrda, sharqda Moʻgʻulistongacha zabt etgan. Amir Temurni 1401 yildan bilgan Ibn Arabshoh yozadi: “Temurbek kelishgan, baland boʻyli, keng peshonali edi. Ovozi jarangdor, kuch va jasoratda benazir, oq yuzini qaynab turgan qoni birmuncha qizartirib turardi. Yelkalari keng, barmoqlari qalin, eti butun va baquvvat edi. Soqoli uzun, nazari mehrli, oʻlimi oldidan 80ga yaqinlashib qolgan boʻlsa-da, na dahosini va na jasurligini yoʻqotdi. Yolgʻonning dushmani, hazilni yoqtirmas, har qancha ogʻir boʻlmasin haqiqatni tinglashni xush koʻrardi. Qoʻrqmas jangchilarning doʻsti, muvaffaqiyat va gʻalabalardan hovliqmaydi. Fors, turkiy va moʻgʻulchani uningchalik biladigan yoʻq edi.

Amir Temur ulkan imperiya tuzish barobarida meʼmorlikka, ilm-fanni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Olimlarni tinglashni yaxshi koʻrgan. Oʻzi ham gʻoyat maʼrifatli inson boʻlib, tarixiy bilimi bilan Ibn Xaldundek olimni hayratlantirgan. Afsonaviy tarixiy sarkardalar haqida jangchilarga soʻzlab berib, ularning shijoatini koʻtarardi. Oʻzi adiblik qilmasa-da, nazm va nasrni yaxshi bilgan, suhbat orasida kerakli joyga kerakli baytni keltirib, koʻpchilikni lol qoldirgan.

Afsuski, Sohibqironning vafotidan keyin temuriylarning bir-biri bilan urushlari, turli fitnalar saltanatni ichidan yemirdi. Temurzodalarning barchasi mohir sarkarda boʻlgani bois ularni mutlaq magʻlub qilib boʻlmasdi. Oqibatda bir tomonning kichik gʻalabasi muvaffaqiyat sanalsa-da, aslida imperiyani barbod qiluvchi qadam edi.

Davomi bor…

Professor Baxtiyor TOʻRAYEV – falsafa fanlari doktori,
Anvar BOBOYEV

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …