Imom Buxoriy Qurʼoni karim qiroatida aniqlikni mustahkamlash maqsadida ham koʻp hadis jamlagan. Xususan, “Yaratishning ibtidosi kitobi”dagi Nuh alayhissalomga bagʻishlangan bobda quyidagi hadis keltiriladi [4-jild, 424]:
- Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hammaning qiroatidek “Fa hal mim-muddakir” (فَهَلْ مِنْ مُدَّكِّرْ) deb oʻqiganlar”. Oyatdagi “muddakir” “zikr” soʻzidan yasalgani uchun ayrimlar uni “muztakir” ( مفتعل vaznida) oʻqilmaganmikan, degan gumonga borgan ekan. Peshqadam qori sahobalardan boʻlgan Abdulloh ibn Masʼud Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bu oyatni unday oʻqimaganlarini, balki hamma qorilar oʻqiyotganidek, “muddakir”, deb oʻqiganlarini taʼkidlagan. Bu kalima Qamar surasining olti joyida keladi.
Buyuk muhaddis oʻzining shoh asarida koʻp kalimalarni Kalomi Sharif oyatlari vositasi bilan izohlaydi. Masalan, “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan paytlarida huzurlariga yahudiylar kelgani haqida”gi bobda [5-jild, 206] يهود kalimasining oʻzakdoshlarini keltirib, ularni bunday izohlaydi: هادوا – yahudiy boʻldilar degani) Anʼom surasi, 146-oyat). Ammo هدنا – tavba qildik degani (Aʼrof surasi, 156-oyat). هائد – tavba qiluvchi.
Shuningdek, “Sahihul Buxoriy”da ayrim soʻzlarning koʻpchilik izohlamagan nozik jihatlari ochib beriladi. “U Zotning “Odamlar ichida Allohdan oʻzga muqobil oʻxshashlarni tutadiganlar bor” degan soʻzi haqida”gi bobda [5-jild, 584] أَنْدَاداً kalimasi أَضْدَادًا (zidlar) soʻzi bilan izohlanib, نِدّ uning birligi ekani aytiladi hamda نِدّ deganda faqat “oʻxshash”, “tengdosh” maʼnolari emas, biror nimaning qarama-qarshisiga qoʻyib, unga barobar tutilgan, ziddida turgan oʻxshashi ham anglashilishi qayd qilinadi.
Imom Buxoriy oʻrni kelganda baʼzi kalimalarning kelib chiqishiga ishora beradi. Qurʼoni karimning Niso surasi 145-oyatidagi “Munofiqlar doʻzaxning eng pastki qavatidadirlar” degan soʻzlar bilan atalgan bobda [6-jild, 27] Anʼom surasining 35-oyatidagi نَفَقاً kalimasi “yer osti yoʻli” maʼnosini anglatishini yozadi. Aslida munofiq shunday emasmi?! Fano olamida toʻgʻri yoʻldan yurgandek boʻladiyu koʻngli egri boʻladi, zimdan ish tutadi, dorulbaqoda esa unga ostlar osti – “Doʻzaxning eng pastki qavati” vaʼda qilingan.
“Sahihul Buxoriy”da “Tafsir kitobi”ga juda katta oʻrin berilgan. Imom Buxoriy boshqa muhaddislar kabi unda Qurʼoni karimdagi koʻplab oyat va kalimalarning tafsiri haqidagi rivoyatlarni jam qilgan. Biron sura qolmaganki, “Tafsir kitobi”da hech boʻlmaganda bir kalimasiga izoh berilmagan boʻlsin. Ularning qamrovi maqola emas, butun bir katta ilmiy ish koʻlamida ekanligi vajidan faqat Fil surasiga bagʻishlangan “Alam taro” bobidagi [6-jild, 464-465] سِجِّيل soʻzi izohiga toʻxtab oʻtishga jazm qildik.
Imom Buxoriy yozadi:
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “ من سِجِّيل – u “sank” bilan “kil”dir”, degan.
Sijjiyl haqida eng mashhur izoh shu. Forschadan oʻgirganda “sank” (“sang”) – tosh, “kil” (“gil”) – loy. Arab tilida “g” tovushi boʻlmagani uchun koʻpincha ajnabiy soʻzlar oʻzlashtirilganda “j” deb olinadi. Shu tariqa sang-gil sijjiylga aylanib ketgan. U loydan pishirilgan tosh maʼnosini bildiradi.
Bu oʻrinda ulamolar har bir soʻzga eʼtiborli boʻlib, kelib chiqishi ajamiy boʻlgan soʻzlarni ham tadqiq etganini alohida qayd etish joizdir.
Albatta, yuqorida taʼkidlanganidek, “Sahihul Buxoriy” juda katta manba boʻlib, undagi barcha ilmiy javohirotni jamoatchilikka birvarakay yetkazish gʻoyat mushkul, aniqrogʻi, imkonsizdir. Shu bois soʻzni muxtasar qilamiz. Ushbu kichik lugʻatshunoslik mashqi Imom Buxoriy merosining hali keng va chuqur oʻrganilmagan jihatlariga jamoatchilik eʼtiborini qarata olsa, tadqiqotchilarni yangi mavzularga jalb qilib, ilhomlantirsa, olimlarimizning bunday azmu shijoati mamlakatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotini yangi maʼno-mazmun, yangi ilmiy yutuqlar bilan boyitishga xizmat qilgan boʻlur edi.