Maʼlumki, Imom Buxoriy qirq yil mobaynida ilmiy safarda boʻlib, ijodiy faoliyati davomida yigirmadan ziyod asar yozgan. Uning ilmiy merosi hajmi, zamonasining ijtimoiy-maʼnaviy ilmlarini toʻla-toʻkis qamrab olgani bilan kishini hayratga soladi. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy juda yosh paytidayoq kitob yozishni boshlagan. Xatib Bagʻdodiy uning oʻzidan rivoyat qiladi: “Oʻn sakkiz yoshga yetganimda sahoba va tobeinlarning masalalari va qavllarini taʼlif qila boshladim. Bu Ubaydulloh ibn Musoning davrida boʻlgan edi. Oʻsha paytda “Tarix” kitobimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etdim”.
“Tahzibul kamol” va boshqa kitoblarda keltirilishicha, mashhur olim Isʼhoq ibn Rohavayh Imom Buxoriyning “Tarix” kitobini Xuroson amiri Abdulloh ibn Tohirning oldiga olib kirib: “Ey amir! Sizga sehrni koʻrsataymi?!” degan. Abdulloh ibn Tohir kitobni bir varaqlab koʻrganidan keyin hayratini yashirmasdan: “Buning qanday tasnif qilinganiga fahmim yetmayapti”, degan.
Imom Buxoriyning hayoti va ijodini oʻrgangan tarixchi olimlarning tadqiqotlari natijasida uning qalamiga mansub kitoblar roʻyxati tuzilgan. Ular quyidagilardan iborat:
- “Al-Jomiʼ as-sahih” (Ishonchli toʻplam). Bu kitob Imom Buxoriyning shoh asari hisoblanadi. U oʻn olti yil mobaynida yozilgan. Asarning qoʻlyozma nusxalari butun dunyoning mashhur kutubxonalarida saqlanmoqda. Bugungi kunda bu toʻplam oʻzbekchaga tarjima qilingan boʻlib, undan yoshu keksalar mutolaa qilib, maʼnaviy-ruhiy quvvat olmoqda.
“Sahihul Buxoriy”ga koʻplab sharhlar yozilganidan ham asarning qiymati nechogʻlik yuksak ekanini anglab olish mumkin. Muhammad Isom Husaniy “Ithoful qoriy bi maʼrifati juhud va aʼmolil ulamo ala Sahihil Buxoriy” asarida bu asarga bagʻishlab uch yuz yetmishga yaqin muxtasar va toʻliq kitob yozilganini taʼkidlaydi. “Kashfuz zunun” muallifi Hoji Xalifa ellikka yaqin sharh yozilgan, deydi. Turkiyalik olim Fuad Sezgin esa ellik oltita sharhni sanab oʻtgan. Zamondosh ulamolardan doktor Abdulgʻani Abdulxoliq oʻzining “Imom Buxoriy va uning Sahihi” nomli asarida “Sahihul Buxoriy”ga bogʻliq sharh, hoshiya va muxtasarlardan bir yuz oʻttiz bittasini keltirgan.
- “At-Tarix al-kabir” (Katta tarix). Uni Imom Buxoriy taxminan oʻn sakkiz yoshlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabr va minbarlari orasida oydin kechalarda tasnif etgan. Bu kitob hadis roviylarining tarixi, boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, tarjimai hollari va rivoyat qilish borasidagi sifatlari haqidagi kitobdir.
U haqda Imom Buxoriyning oʻzi: “Menda “Tarix”da oʻtgan har bir roviy haqida alohida qissalar bor. Faqat kitobning choʻzilib ketishini istamadim, xolos”, degan.
Abu Ahmad Hokim “Kitobul kuna”da: “Muhammad ibn Ismoilning “Tarix”i oldiga tushadigan kitob yoʻq. Undan keyin tarix, ismlar va kunyalar boʻyicha kitob yozgan biror muallif undan behojat boʻlmagan. Koʻplar undan rivoyat qilgan. Alloh uni rahmat qilsin, oʻzi asllarning aslidir”.
Abul Abbos ibn Said aytadi: “Agar biror kishi oʻttiz ming hadis yozib olgan boʻlsa ham Muhammad ibn Ismoil tasnif qilgan “Tarix” kitobidan behojat boʻla olmaydi”.
Bu kitob baʼzi manbalarda “Tarixul Buxoriy” deb ham ataladi. Misol uchun, Hoji Xalifa oʻzining mashhur “Kashfuz zunun” kitobida shunday deb atagan va u haqda quyidagi maʼlumotlarni bergan: “… U muhaddislar tariqasidagi katta tarixdir. Unda hadis roviylaridan ishonchli va zaiflar jamlangan. Aytilishicha, oʻsha tarix uchta: katta, oʻrta va kichik qismlardan iborat boʻlgan. Kattasini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida tasnif qilgan. Bu kitobni undan Abul Hasan Muhammad ibn Sahl Fasaviy va Abu Ahmad Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris Nishopuriy va boshqalar rivoyat qilgan”.
Bu asarning qoʻlyozmasi “Dorul kutubil misriya”da 10340 raqami bilan saqlanadi. Birinchi boʻlib, Hindistonning Haydarobod shahridagi “Maoriful Usmoniya” nashriyotida 1360/1941 yili nashr etila boshlagan. 1941-1963 yillar oraligʻida alloma Abdurahmon ibn Yahyo Muallimiyning tahqiqi bilan sakkiz juz (4 jild)da chop etilgan.
- “At-Tarix al-avsat” (Oʻrta tarix). Uni Imom Buxoriydan Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad ibn Abdusalom Nishopuriy va Abu Muhammad Zanjivayh ibn Muhammad ibn Hasan Nishopuriy rivoyat qilgan. Bu kitobning qoʻlyozma nusxalaridan biri Hindistonning Haydarobod shahrida saqlanadi.
- “At-Tarix as-sagʻir” (Kichik tarix). Bu kitobni Imom Buxoriydan Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdurahmon ibn Xalil ibn Ashqar rivoyat qilgan. Bu kitob ham ilk bor 1325/1907 yili Hindistonda chop qilingan.
- Al-Jomiʼ al-kabir (“Katta toʻplam”). Bu kitob haqida Ibn Tohir xabar berib ketgan. Lekin biz u haqda maʼlumotga ega emasmiz va biror nusxasi borligini ham bilmaymiz. “Kashfuz zunun”ning muallifi zikr qilgan narsa bilan kifoyalanamiz, xolos.
- “Xolqu afʼolil ibod” (“Bandalar feʼllarining yaratilishi”). Uni Imom Buxoriydan Yusuf ibn Rayhon ibn Abdusamad va muhaddisning mashhur shogirdi Firabriy rivoyat qilgan. Bu kitobning nomidan unda bahs yuritilgan masala koʻrinib turibdi. U qadimdan koʻplab tortishuvlarga sabab boʻlgan “bandaning amalini kim xalq qiladi – yaratadi?” degan masalaga bagʻishlangan.
Ibn Hajar: “Bu kitob mavjud va bizga eshitish va ijoza orqali rivoyat qilingan”, deydi. Sahobalar va tobeinlar botil firqalarga oyat va hadislar bilan raddiya berganini yaxshi bilamiz. Imom Buxoriy ham bu kitobda ularning yoʻlini tutgan.
“Xolqu afʼolil ibod” ilk marta 1306/1888 yili Dehli va Jiddada chop qilingan.
- “Kitobuz zuafo as-sagʻir” (“Zaif roviylar haqida kichik kitob”). Bu asar koʻproq “Kitobuz zuafo” nomi bilan zikr qilinadi.
Unda Imom Buxoriy nazarida hadis rivoyat qiluvchilar orasida zaif – kuchsiz hisoblangan shaxslar haqida maʼlumotlar berilgan. Bu kitobni Imom Buxoriydan Abu Bishr Muhammad ibn Ahmad ibn Hammod Davlobiy, Abu Jaʼfar Musabbih ibn Said, Odam ibn Muso Xuvoriy va boshqalar rivoyat qilgan.
- “Al-Musnad al-kabir” (“Katta musnad”) va “At-Tafsir al-kabir” (“Katta tafsir”). Bu ikki kitobning nomi haqidagina maʼlumot bor. Ular bizgacha yetib kelmagan.
Imom Buxoriyning shu nomdagi kitoblari boʻlganini shogirdi Firabriy zikr qilganini bilamiz, xolos.
- “Kitobul hiba” (“Xayr-ehson haqida kitob”). U haqida Imom Buxoriyning kotibi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy quyidagilarni aytadi: “Imom Buxoriy hiba haqida bir kitob yozdi. Unda besh yuztacha hadis bor. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy: “Vakiʼning hiba haqidagi kitobida faqatgina ikkita yoki uchta musnad hadis bor. Ibn Muborakning kitobida esa beshtacha bor, xolos”, dedi”.
Koʻrinib turibdiki, Imom Buxoriyning kitobi bilan Vakiʼ va Ibn Muborakning asarlarini solishtirib ham boʻlmaydi. Afsuski, bu kitobning biror nusxasi borligini bilmaymiz.
- “Asomis sahoba” (“Sahobalarning ismlari”). Bu kitobni Abul Qosim ibn Munda Ibn Foris orqali Imom Buxoriydan rivoyat qilgan. Bu haqda Abul Qosim Bagʻaviy oʻzining “Moʻjamus sahoba” kitobida aytgan. Bundan oldin bu mavzu (sahobalarning ismlari)da biror kitob yozilganini bilmaymiz. Bundan keyin Abul Qosim ibn Munda, Ibn Abdulbarr, Ibn Asir, Hofiz ibn Hajar va boshqalar sahobalarning ismlari, siyratlari va tarixi haqida yozgani maʼlum.
- “Kitobul vuhdon” (“Yagonalar haqida kitob”). Bu asardan Ibn Munda koʻp maʼlumotlarni naql qilgan. Imom Buxoriy unda faqatgina bitta hadis rivoyat qilgan sahobalarni sanab oʻtgan. Bu kitobni Ibn Hajar “Fathul Boriy”ga yozgan muqaddimasi – “Hadyus soriy”da zikr qilgan.
Imom Nasoiy va Imom Muslim ham “Kitobul vuhdon” yozgan. Lekin biror kishi Imom Buxoriydan oldin bu mavzuda qalam tebratmagan.
- “Kitobul mabsut” (“Mufassal kitob”). U haqda Xaliliy oʻzining “Irshod” nomli kitobida xabar bergan va uni Imom Buxoriydan Abu Hasson Mahib ibn Sulaym Buxoriy rivoyat qilganini aytgan.
Xususan, Xaliliy “Irshod”da: “(Mahib ibn Sulaym) Buxoriy ishonchli kishi boʻlib, Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan juda koʻp narsalarni rivoyat qilgan. Undan “Mabsut”ni va oʻzidan boshqa hech kim rivoyat qilmagan boshqa kitoblarni rivoyat qilgan”, degan. Bu kitobning mavzusi haqida biror narsa maʼlum emas. Faqat shunisi aniqki, Imom Buxoriy unda hadislardan istinbot qilingan (yaʼni, hadislar orqali dalil va tasdigʻi chiqarib olingan) fiqhiy masalalarni bayon qilgan.
- “Kitobul ilal” (“Illatli hadislar haqida kitob”). Bu hadis va roviylardagi illatlar haqidagi kitobdir. U haqda Abul Qosim ibn Munda xabar bergan. U buni Muhammad ibn Abdulloh ibn Hamdundan, u Abu Muhammad Abdulloh ibn Sharqiydan, u Imom Buxoriydan rivoyat qilgan. Bu oʻta nozik va juda sharafli ilmdir.
- “Kitobul kuna” (“Kunyalar haqida kitob”). U haqda Abu Ahmad Hokim xabar bergan. U oʻzining kitoblarida bu kitobdan naql qilib keltiradi. Muhaddislar bu ilmga juda muhtojdir. Bu kitobda roviylarning kunyalari boshqalarniki bilan adashib ketmasligi uchun mufassal bayon qilingan. Buni bilmagan kishi, hatto, yetuk muhaddislar ham baʼzida xatoga yoʻl qoʻyishi ehtimoldan xoli emas.
- “Kitobul favoid” (“Foydalar haqidagi kitob”). Bu kitob haqida Imom Termiziy “Sunani Termiziy”ning “Fazilatlar kitobi”da xabar bergan. Lekin Muhaddislar imomi oʻzining kitobida keltirgan foydalar nimalardan iborat ekanligini, afsuski, biz bilmaymiz. Maʼlum boʻlgani shuki, Imom Buxoriy bu kitobda hadis illatlariga taalluqli nozik maʼlumotlarni keltirgan.
- “Al-Adab al-mufrad” (“Odob durdonalari”). Juda moʻtabar kitob hisoblanadi. Unda Imom Buxoriy faqat odob-axloqqa oid 1322 ta hadisi sharifni keltirgan va oʻz odatiga binoan, ularni 644 ta bobga boʻlgan.
Koʻpchilik olimlarimizning taʼkidlashicha, “Al-Adab al-mufrad” odob va axloq bobida bitilgan eng yaxshi kitoblardan biridir. U Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy”dan keyin turadigan ikkinchi buyuk asaridir. Uni Imom Buxoriydan Ahmad ibn Muhammad ibn Jalil Bazzor rivoyat qilgan.
“Al-Adab al-mufrad” bir necha bor nashr etilgan. Jumladan, Toshkentda ham 1970 yilda ofset usulida bosilib chiqqan.
- “Juzʼu rafʼil yadayn” (“(Namozda) ikki qoʻlini koʻtarish haqida risola”). Uni Imom Buxoriydan Mahmud ibn Isʼhoq Xuzoʼiy rivoyat qilgan. U Imom Buxoriyning shogirdi va Buxoroda buyuk muhaddisdan hadis oʻrgangan talabalarning oxirgilaridandir. Ibn Hajar bu kitob haqida: “U mavjud va bizga eshitish va ijoza orqali rivoyat qilingan”, degan. “Rafʼul yadayn fis solat” birinchi marta Hindistonda nashr qilingan.
- “Birrul volidayn” (“Ota-onaga yaxshilik qilish”). Bu kitobni Imom Buxoriydan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Dilluvayh rivoyat qilgan. Taassufki, hozirgi kunda biror nusxasi borligi aniq emas.
- “Kitobul ashriba” (“Ichimliklar (sharbatlar) kitobi”). Uni Imom Doraqutniy oʻzining “Al-moʻtalaf val muxtalaf” nomli asarida zikr qilgan.
- “Qazoyos sahoba vat tobeiyn” (“Sahoba va tobeinlar hukmlari”). Bu Imom Buxoriy yozgan eng birinchi asardir. Oʻshanda u oʻn sakkiz yoshda edi. Yaʼni, 212/827 yili “At-Tarix al-kabir” kitobidan oldin yozgan. Bu juda foydali kitob boʻlgani aniq. Chunki ummatning qalbi sahobalar haqidagi maʼlumotlarni koʻrish bilan xotirjam boʻladi. Lekin, afsuski, bu kitobning biror nusxasi bizgacha yetib kelganini bilmaymiz.
- “Kitobur riqoq” (“Nafosat haqidagi kitob”). U haqda “Kashfuz zunun”ning muallifi xabar bergan.
- “Al-Jomiʼ as-sagʻir” (“Hadislarning kichik toʻplami”). Bu asar haqida Hoji Xalifa: “Hofiz ibn Hajar aytganidek, bu kitobni Imom Buxoriydan Abdulloh ibn Muhammad Ashqor rivoyat qilgan. Bu Imom Buxoriyning mavjud kitoblaridandir”, degan. Afsuski, bu iqtibosda “mavjud” soʻzi oʻsha davrning oʻzigagina tegishli boʻlib qolgan.
- “Juzʼul qiroati xolfal imom” (“Imomning orqasida turib qiroat qilish”). Uni Imom Buxoriydan shogirdi Mahmud ibn Isʼhoq Xuzoʼiy rivoyat qilgan. Kitobning nomidan imomning ortida turib qiroat qilish masalasi haqida ekani ayon boʻlib turibdi. Ibn Hajar: “Bu kitob mavjud va bizga eshitish va ijoza yoʻli bilan rivoyat qilingan”, degan.
***
Yuqorida zikr etilgan maʼlumotlardan qoʻyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:
- Imom Buxoriy hadis ilmida moʻminlar amiri boʻlishi bilan birga, islom ilmlarining boshqa sohalarini ham mukammal egallagan.
- U islom ilmlarining deyarli har bir sohasiga oid kitob yozgan.
- Kitoblarining baʼzisi oʻsha ilm boʻyicha yozilgan asarlarning eng avvali hisoblanadi.
- Asarlarining ayrimlari bizgacha yetib kelgan boʻlsa, afsuski, ayrimlari yetib kelmagan.
- Bizgacha yetib kelgan asarlari ulamolar tomonidan toʻliq tahqiq etilgan, oʻrganilgan va dunyoning koʻplab shaharlarida qayta-qayta nashr qilingan.