Home / MAQOLALAR / ISLOM DINI VA MILLIY QADRIYATLARIMIZDA USTOZLARGA MUNOSABAT

ISLOM DINI VA MILLIY QADRIYATLARIMIZDA USTOZLARGA MUNOSABAT

Haqiqatan ham, har bir murgʻak bolani oʻz farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun koʻz nuri, qalb qoʻri, butun borligʻini baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar tom maʼnoda fidoiy kasb egalaridir.”[1]  Shavkat Mirziyoyev

Darhaqiqat, ustoz-murabbiylar jamiyat ertangi kunining bunyodkorlaridir. El-yurtning moddiy va maʼnaviy taraqqiyoti ustozlarning mehnati va jamiyatning ularga nisbatan nechogʻlik qadrlashiga  bevosita bogʻliqdir.

Dinimizda ustoz-muallimlarning oʻrni yuqori baholanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda quyidagicha marhamat qiladilar: “Yerdagi va osmondagi barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar ham insonlarga yaxshilikni oʻrgatuvchi muallim haqqiga istigʻfor aytadi”. Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi farishtalar uning haqqiga magʻfirat soʻrab turgan kishining martabasidan ziyoda martaba bormi?!

Moʻtabar kitoblarimizda, jumladan, Qurʼoni karimda shogirdning ustozga muomalasi, odoblari qay tarzda boʻlmogʻi goʻzal tarzda bayon qilingan. Alloh taolo kalomi sharifida bu ummatga ustozga qanday muomala qilish kerakligini Muso alayhissalom tilidan taʼlim berib bunday deydi:

 وَإِذْ قَالَ مُوسَى لِفَتَاهُ لَا أَبْرَحُ حَتَّى أَبْلُغَ مَجْمَعَ الْبَحْرَيْنِ أَوْ أَمْضِيَ حُقُبًا

“Muso oʻz sherigiga (shogirdi Yuvshaʼ ibn Nunga): “To ikki dengiz qoʻshiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha uni axtarishdan toʻxtamayman”, degan paytini eslang.”[2]

Ayrim ulamolar ushbu oyatdagi { حُقُبًا huquban} soʻzini “bir zamon”, yaʼni sakson yil, deb tafsir qilgan. Oyat zamirida ishora qilingan eng muhim va alohida eʼtiborga molik maʼno ilm talabidagi inson oʻzi taʼlim olishni istagan olim kishini unga hurmat yuzasidan bir umr qidirishga tayyor boʻlishi kerakligidir. 

Shuningdek, Alloh taolo ustoz va shogird oʻrtasidagi suhbatda ustozga qanday muomala qilishini ham Muso alayhissalom tilida quyidagicha bayon qiladi:

قَالَ لَهُ مُوسَى هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْدًا

Muso unga: “Sizga bildirilgan bilimdan menga ham toʻgʻri yoʻlni taʼlim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?”  dedi.[3]

  Muso alayhissalom oʻziga berilgan paygʻambarlikka, alohida shariat ilmi sohibi, alohida darajaga ega boʻlishiga qaramasdan ilmi laduniy ato etilgan Xizr alayhissalomga tavoze ila aytgan soʻzlariga, ustozga qilayotgan muomalasiga eʼtibor qiling. Ushbu oyatga muvofiq biz ham ustozlarga ana shunday tavoze ila muomalada boʻlishimiz, ularni qadrlashimiz lozim.

Shuningdek, xalqimizda “Ustoz – otangdek ulugʻ” degan naql bor. Zero, farzandning komil inson boʻlib voyaga yetishida ota-onasining tarbiyasi nechogʻlik ahamiyatli boʻlgan boʻlsa, unga taʼlim berib, hayotda oʻz oʻrnini topishida muhtaram ustozlarning xizmatlari ham shunchalik beqiyosdir. Ustozlar ota-onalarimiz kabi bizning oʻsib kamolga yetmogʻimiz uchun butun umrini, bor bilim va tafakkurini baxshida etgan zotlardir.

Shu sababli bizda farzandni ustozga shogirdlikka berish chogʻida “Eti sizniki, suyagi bizniki” deb aytilgan.

Sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ustozning maqomi va martabasi haqida bunday deydi:

Agar shogird shayxul islom, agar qozidur,

Agar ustoz andin rozidur Tangri rozidur!

Demak, kishi inson bolasi egallashi mumkin boʻlgan daraja va mansablarning eng oliysiga yetsa ham, agar ustoz undan rozi boʻlmasa, Alloh ham rozi boʻlmas ekan.  Ustozni norizo qilib, uning nazaridan qolgan shogird hayotda oʻz oʻrnini topishi juda mushkuldir.

Rivoyatlarda keltirilishicha, bir kuni xalifa Maʼmun oʻgʻlini bir ustozga shogirdlikka beribdi. Xalifa oʻgʻlini taʼlim olishidan xabar olgani borsa, taxtining vorisi, kuni kelib butun mamlakatini boshqaradigan  shahzoda tahorat olayotgan ustozining oyogʻiga suv quyib turganini koʻribdi. Bundan jahli chiqib ustozga: “Ey Ustoz! Biz oʻgʻlimizni sizga shuning uchun berganmidik!? Bundan soʻng oʻgʻlimizga aytingizki,  siz tahorat qilayotganingizda bir qoʻli suv quyib, ikkinchi qoʻli bilan oyogʻingizni yuvsin!” degan ekan. Darhaqiqat, bizning urf-odatlarimizga koʻra, odatda farzandni ustozga nafaqat ilm olish, balki shu bilan bir qatorda odob oʻrganish uchun ham berilgan va shu tariqa ustoz-murabbiy mavqei ulugʻ darajaga koʻtarilgan. 

Shunday ekan, ustoz va murabbiylarni orqa-oldida doim hurmatu ehtiromda tutish, koʻrganda salom berib hol soʻrash, xizmati boʻlsa, bajarib duolarini olish va haqlariga duo qilish, huzurida beodoblik qilib qoʻyishdan saqlanish barchamizning  insoniylik burchimizdir.

Mamlakatimizda ham har yili 1 oktyabr sanasi “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” sifatida umumxalq bayrami tarzida oʻtishi aziz va mehridaryo ustoz va murabbiylarimizga xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir. Yaratgandan barcha ustoz muallimlarimizga ilm-maʼrifat yoyish va ziyo taratish yoʻlida olib borayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

[1] Sh. Mirziyoyev. Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga.
[2] Kahf surasi, 60-oyat.
Ulamolar ushbu oyatning sharhi haqida bunday deydi:  Muso alayhissalom bir kuni oʻz qavmi huzurida taʼsirli vaʼz oʻqiydi. Shunda bir kishi undan: “Hammadan olimroq kishi kim?” deb soʻraganda, u: “Men”, deb javob qiladi. Bu Allohga xush kelmaydi va unga “Sendan koʻra olimroq kishi bor”, deydi. Muso alayhissalom: “Uni qayerdan topurman?” deganida, “Bir baliqni savatchaga solib, dengiz boʻyidan yurib borasan. Baliq yoʻqolgan joyda uni topasan”, deydi. Baliqni savatchaga solib, uni shogirdi Yuvshaʼ ibn Nun qoʻliga berib, yoʻlga ravona boʻladi. “Aynul hayot” degan joyda uxlashganda, baliq dengizga tushib, gʻoyib boʻladi. Bu Muso alayhissalomning Xizr alayhissalomni uchratish joyi ekanligiga ishora edi.
[3] Kahf surasi, 66-oyat.
Nodir Qobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …