Ilm ahli oʻz kitobini yetkazishda joriy qilgan odatga muvofiq, Imom Buxoriy ham “Sahihul Buxoriy”ni aytib yozdirish uchun bir necha joyda dars halqalari tashkil qilgan. Ularda allomani tinglashga mushtoq boʻlgan va eshitganlarini rivoyat qilishga katta ishtiyoq bilan qaraydigan koʻp odam toʻplangan.
“Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan tinglagan bu jamoalar orasida boshqalardan koʻra koʻproq qatnashgan roviylar toifasi boʻlgan. Ular kitobni mukammal oʻrganib, oʻzidan keyingi roviylarga komil tarzda yetkazgan. Keyingilar ham shunday qilgan. Natijada kitob dunyo boʻylab keng tarqalgan.
Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”dan dars beradigan majlislarda rivoyatlarni toʻgʻrilash, eshitganlarini toʻliq yozib olish va lafzlarni tuzatish uchun himmatini ayamaydigan roviylar toʻplangan. Abu Abdulloh Firabriy: “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi tinglagan”, deb aytadi [1].
Tarix keyingi avlodlar uchun Imom Buxoriyning shogirdlari orasidan bugungi kunimizgacha ismlari va koʻchirgan nusxalari mashhur boʻlganlarini saqlab qoʻygan. Ular: Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Abu Talha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy va Abu Abdulloh Mahomiliy.
Ushbu tabaqadagi roviylardan biri – mashhur imom, muhaddis va “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qilgan Abu Muhammad Hammod ibn Shokir ibn Saviyya Varroq Nasafiy. U Iso ibn Ahmad Asqaloniy, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Imom Termiziy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Undan koʻplab taniqli ulamolar hadis oʻrgangan, Abu Abdulloh Hokimning ustozi Ahmad ibn Muhammad Nasaviy esa “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan.
Ibn Nuqta bunday deydi: Hofiz Jaʼfar ibn Muhammad ibn Muʼtaz Mustagʻfiriy “Tarixi Nasaf” asarida aytadi: “U “Sahihul Buxoriy”ni Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan rivoyat qilgan siqa va ishonchli muhaddisdir. Shomga borgan hamda shomlik va chet ellik ulamolardan hadis oʻrgangan. Abu Iso Termiziy va Iso ibn Ahmad Asqaloniydan hadis rivoyat qilgan. Menga Bakr ibn Muhammad ibn Jaʼfar va Qozi Abu Ahmad Buxoriy undan “Sahihul Buxoriy”ni boshidan oxirigacha rivoyat qilib bergan edi” [2].
Imom Zahabiy u haqda “Siyaru aʼlomin nubalo” asarida: “U imom, muhaddis va samimiy kishidir”, degan [3].
Hammod ibn Shokir Nasafiyning tarjimai holini yozgan ulamolarning barchasi uni Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qiluvchi, deb taʼriflagan va birortasi tugʻilgan yilini zikr qilmagan, lekin 311/923 yilda vafot etganiga ittifoq boʻlgan.
Nasafiyning tarjimai holida Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni tinglagan yili zikr qilinmagan. Lekin tarjimai holini yozganlarning barchasi Imom Buxoriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganiga hujjat keltirgan. U “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganiga bir nechta hujjat bor. Uning rivoyatidagi hadislarning soni Firabriyning rivoyatidan ikki yuztaga kamroq. Shuningdek, bu gapni Burhoniddin Abnosiy, Iroqiy, Saxoviy, Shayxulislom Zakariyo Ansoriy aytgan. Ular buni Ibn Salohning “Sahihul Buxoriy”da hadislar soni 7275 tadir, degan soʻzini izohlab aytgan. Ular: “Bu gap Firabriyning rivoyati haqida toʻgʻri aytilgan. Lekin Hammod ibn Shokirning rivoyati Firabriyning rivoyatidan ikki yuzta hadis kamroq”, degan. U “Sahihul Buxoriy”ni muallifning oʻzidan tinglagan va baʼzi joylarini eshitolmay qolgan. Shuning uchun uning rivoyatidagi hadislar soni Firabriyning rivoyatidan ikki yuztaga kam, deyiladi. Bu hadislar soni kam degani emas, balki “Sahihul Buxoriy”dagi ikki yuzta hadisni Imom Buxoriydan eshitolmay qolgan. Shu sababli ularni sanad bilan rivoyat qila olmagan.
Hammod ibn Shokir Nasafiyning rivoyati bizgacha ikki yoʻl orqali yetib kelgan. Birinchisi: Bakr ibn Muhammad ibn Jaʼfarning rivoyati orqali yetib kelgan.
Mustagʻfiriy “Tarixi Nasaf” asarida Hammod ibn Shokir Nasafiyning tarjimai holi haqida soʻz yuritar ekan: “U “Sahihul Buxoriy”ni Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan rivoyat qilgan siqa va ishonchli muhaddisdir. Shomga borgan… Menga Bakr ibn Muhammad ibn Jaʼfar undan “Sahihul Buxoriy”ni boshidan oxirigacha rivoyat qilib bergan edi…”, degan.
Hammod ibn Shokirning tarjimai holini yozgan ulamolarning juda koʻpi Mustagʻfiriyning mana shu gapini keltirgan. Ibn Nuqta va Zahabiy ham shunday degan.
Ikkinchisi: Ahmad ibn Muhammad ibn Rumayh Nasaviyning rivoyati orqali yetib kelgan [4].
Yuqorida nomi zikr qilingan alloma “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgan shogirdi va birinchi tabaqadagi roviylardan biri hisoblanadi. Asarni muallifga bogʻlab rivoyat qilgan mashhur va ishonchli roviylardan baʼzilarining sanadi bevosita shu kishiga borib taqaladi. Shuning uchun ham ushbu roviyning hayoti va ilmiy faoliyatini alohida oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Chunki bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar Imom Buxoriy hayoti va ijodi, hadisshunoslik ilmi va tarixiga oid yangi, qiziqarli, fan uchun muhim boʻlgan maʼlumotlarni yuzaga chiqarishi tayindir.