Home / YANGILIKLAR / OʻZBEKISTON SOʻZI JAHON HAMJAMIYATINING DOIMIY NIGOHIDA

OʻZBEKISTON SOʻZI JAHON HAMJAMIYATINING DOIMIY NIGOHIDA

BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida global va mintaqaviy xavfsizlik, COVID-19 pandemiyasi sharoitida barqaror taraqqiyot va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yengib oʻtish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ragʻbatlantirishning muhim masalalari yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonning bu boradagi pozitsiyasini mantiqiy jihatdan uchta yirik va asosiy yoʻnalishga ajratish mumkin.

Inson tabiatan tinchliksevar etib yaratilgan. Insoniyat tarixiy taraqqiyotning har bir bosqichida tinchlikni saqlash, xavfsizlikni mustahkamlash, pirovardida, emin-erkin yashash uchun kurashib kelgan. Bashariyatning bu oliy maqsadi mangu, zero, dunyodagi barcha neʼmatlarning eng aʼlosi ham osoyishtalik va tinchlikdir.

Oʻzbekiston bunyodkor xalqi bilan birga, avvalo, oʻz hududida, qolaversa, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash, kengroq doirada esa jahon hamjamiyati eʼtiborini global tahdid va xatarlarga qarshi hamjihatlikda kurashishga qaratib, taraqqiyot yoʻlida shaxdam odimlab bormoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti dunyodagi eng yirik tashkilot minbaridan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olganini alohida taʼkidladi. Bu oʻrinda gap inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini, soʻz va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni taʼminlash bilan birga kambagʻallikni kamaytirish, har bir kishi uchun kafolatli daromad manbaini yaratish haqida boryapti.

Asosiy maqsadimiz — 2030-yilga borib, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadlar miqdori boʻyicha “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirishdir, dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Har qanday davlatda olib borilayotgan islohotlarning samarasi global innovatsion indeks bilan oʻlchanadi. Bu indeks dunyo mamlakatlarining innovatsion rivojlanish darajasini belgilaydi. Oʻzbekiston jahon boʻyicha bu reytingda 132 davlat oʻrtasida 86-oʻrinda qayd etildi. Bu natija mamlakatimizning reytingdagi oʻtgan yilgi oʻrnidan 7, 2015-yilgi oʻrnidan esa 36 pogʻona yuqorilagani bilan eʼtiroflidir. Bu reytingni chiqarish jarayonida 2 ta subindeks, 7 ta yoʻnalish, 21 ta guruh va 81 ta koʻrsatkich orqali turli iqtisodiy taraqqiyot darajasidagi oʻlkalarning innovatsion imkoniyatlari, amalga oshirgan ishlari oʻlchanadi, kuchli va kuchsiz tomonlariga qiyosiy baho beriladi.

Har yili dunyo miqyosida katta qiziqish bilan kuzatib boriladigan bu reytingda mamlakatlar 4 ta daromad guruhiga boʻlingan (yuqori, yuqori oʻrta, quyi va past daromad) va Oʻzbekiston oʻz guruhida (quyi oʻrta daromad) 34 davlat orasidan 10-oʻringa loyiq topilgan.

Yana bir muhim jihat shuki, bu yilgi hisobotda Oʻzbekiston eng koʻp pogʻona yuqorilagan mamlakatlar 10 taligiga kirdi. Istiqboldagi pirovard maqsad va ustuvor vazifalardan biri esa 2030-yilga qadar respublikamizni global innovatsion baholash reytingida yetakchi 50 davlat qatoriga kiritishdan iborat. Chunki Oʻzbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, qulay investitsion muhit, tadbirkorlik sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va davlatimizning cheksiz salohiyati shundan darak beradi.

Muhimi, hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik

Sir emas, yaqin bir yarim yil ichida butun dunyo jiddiy sinovdan oʻtdi. COVID-19 pandemiyasi hayotning har bir jabhasi, ayniqsa, iqtisodiyotga salbiy taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Bugun jahonning eng yirik va qudratli davlatlari ham pandemiya oqibatlariga qarshi kurashishda davom etmoqda. Oʻzbekiston tomoni bu kurashda BMT tomonidan eʼlon qilingan “Hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik, hamma uchun va barcha joyda” tamoyili asosida birgalikda yengib oʻtish masalasiga ham toʻxtalib, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini oʻrganish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni hayotga tatbiq etishga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda oʻtkazishni taklif qildi. Mazkur taklif bilan chiqishga bizda barcha asoslar yetarli.

Mamlakatimizda pandemiya oqibatlarini yumshatish nuqtayi nazaridan belgilangan qatʼiy choralar samara jihatidan oʻzini koʻp kuttirgani yoʻq. Shunday ekan, butun dunyoga iqtisodni qayta tiklash borasida ayta oladigan soʻzimiz va oʻrganadigan jihatlarimiz bisyor. Maqsad jahonning yetakchi iqtisodchilari bilan dunyo miqyosidagi vaziyatni oqilona baholab, odilona qarorlar qabul qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga toʻgʻanoq boʻlayotgan omillarni bartaraf etish yoʻlida saʼy-harakatlarni birlashtirish orqali muttasil taraqqiyot umumstrategiyasini belgilab olishdan iborat.

Oʻzbekistonning butun dunyoga nisbatan yuritayotgan ochiqlik siyosati bu kabi takliflarni baralla ilgari surishga imkoniyat yaratmoqda. Ayniqsa, yaqin qoʻshnilar bilan oʻrnatilgan yaxshi munosabatlar davlatimiz tashqi siyosatining asosiy mezonlaridan biriga aylandi. Avvalo, qoʻshni davlatlar bilan chegaralar ochilib, oʻzaro qardosh va oʻzagi bir xalqlar yanada yaqinlashdi.

Galdagi vazifa — oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻlamini kengaytirish. Shuning uchun ham Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgani maʼlum qilindi.

Transmilliy tendensiyalar bashariyat diqqati markazida

Xalqimizda “Qoʻshning tinch — sen tinch” degan naql bor. Shu nuqtayi nazardan, Afgʻonistondagi vaziyatga nisbatan Oʻzbekiston pozitsiyasi doim insonparvarlik gʻoyalariga yoʻgʻrilgan. Ayni paytda mazkur mamlakatda davlat boshqaruvi tizimi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, davlatimiz qoʻshni mamlakatlar ichki siyosatiga aralashmaslik tamoyiliga toʻla amal qiladi. Afgʻon xalqining orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishni, avvalo, tinchlik oʻrnatish va osoyishtalikni taʼminlashdan boshlash lozim.

“Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishidan nafaqat biz, qoʻshni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir”, “Hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qoʻyish mumkin emas”, “Afgʻon masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼsiri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim”, deya taʼkidladi Oʻzbekiston Prezidenti.

Davlatimiz Afgʻonistonga nisbatan nafaqat soʻzda, balki amalda ham yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatilishi tarafdori. Aynan shuning uchun bu mamlakat bilan chegaralar ochilib, birlamchi ehtiyoj buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yordamlari yuborilib, elektr energiyasi va yoqilgʻi bilan taʼminlash davom ettirilmoqda. Mazkur davlatning yangi boshqaruv tizimiga kelgan qatlam vakillari ushbu yordamdan samimiy minnatdor ekanligini bildirib, afgʻon xalqi bu yaxshiliklarni unutmasligini taʼkidladi.

Bugun dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotgani tufayli joriy yilning noyabr oyida Toshkentda BMT ning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining oʻn yillik natijalari va istiqbollariga bagʻishlangan Xalqaro konferensiya oʻtkazilishi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Darhaqiqat, mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga faqat qoʻshni davlatlar bilan yaxshi munosabat orqali erishish qiyin. Shu nuqtayi nazardan, bu borada davrani kengroq olib, masalaga Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini jalb qilgan holda, erishilgan natijalarni sarhisob qilib, galdagi vazifalarni belgilab olish maqsadlari koʻzlangan.

Yuqoridagi taklifning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus — mazkur konferensiya doirasida BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bilan 2022-2025-yillarga moʻljallangan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy dasturni imzolash hamda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqish. Taʼkidlanganidek, bu muhim hujjatlar mazkur yoʻnalishdagi ishlarga mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Transmilliy tendensiyalarga oʻzining bevosita taʼsirini oʻtkazmay qolmaydigan yoʻnalish — bu ekologiya sohasi. Oʻzbekiston Prezidenti iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bioxilma-xillikni muhofaza qilish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtish borasida koʻrilayotgan choralarga alohida toʻxtaldi va jahon hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor Orolboʻyi mintaqasiga qaratib, 2022-yilda Nukus shahrida “yashil” energetika boʻyicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forum oʻtkazish tashabbusini bildirdi.

Bundan tashqari, BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023-yilda Oʻzbekistonda Atrof-muhit boʻyicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini oʻtkazish taklifi aytildi.

“Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi boʻlgan Orolboʻyi mintaqasidagi ogʻir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz”, dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, Oʻzbekiston tomoni har doim yuksak minbarlarda mintaqaviy va global muammolarni koʻtarib, bu jarayonlarda yoshlar ishtirokiga ham alohida urgʻu berib kelmoqda. Bunda har jarayonga yoshlarni jalb qilib, ular ishtirokini taʼminlash masalasini ilgari suradi. Bu safar ham global harakatlarga yoshlarni jalb qilish boʻyicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli oʻtkazilgani taʼkidlandi hamda ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning davomi sifatida Samarqand shahrida muntazam oʻtkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global taʼlim forumini tashkil etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Agar bu borada ilgari surilayotgan ezgu tashabbuslar magʻzini toʻla chaqib koʻradigan boʻlsak, ilm ahliga qaratilayotgan eʼtibor va ragʻbat taraqqiyot poydevorining yanada pishiq boʻlishiga ishoradir.

Bildirilgan taklif va ilgari surilgan tashabbuslar son va salmoq jihatidan keng miqyos kasb etyapti. Asosiysi, bularning barchasi jahon hamjamiyati tomonidan maʼqullanib, hayotga izchil tatbiq etilayotgani kishida qoniqish va mamnunlik hissini uygʻotadi.

Dunyodagi eng yirik muassasa — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining avvalgi sessiyalarida Oʻzbekiston nomidan koʻtarilgan masalalar eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Bosh Assambleyaning 2020-yil sentyabr oyida oʻtkazilgan 75-sessiyasida Oʻzbekiston bildirgan taklif inobatga olinib, Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi mamlakatimizda ishlab chiqilgan kodeks bu boradagi global saʼy-harakatlarga Oʻzbekistonning munosib hissasi sifatida BMT tomonidan rasmiy hujjat shaklida tarqatildi. Bundan tashqari, joriy yilning may oyida davlatimizning yana bir tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, BMT Bosh Assambleyasi Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. BMT shafeligida tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik transjamgʻarmasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Taʼkidlash joizki, barcha sohalarda amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, tub islohotlar, bu borada erishilgan ulkan yutuqlar qiyos sifatida mustaqil Oʻzbekiston tarixida misli koʻrilmagan burilish yasadi va xalqaro munosabatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalarda yangi davrni boshlab berdi. Ayni paytda muvaffaqiyat bilan amalga oshirilayotgan muhim tashqi siyosiy tashabbuslar natijasi oʻlaroq, xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishilmoqda.

Maʼlumki, zamonaviy xalqaro munosabatlar ularda koʻp tomonlama diplomatiyaning roli ortib borayotgani bilan ham xarakterlanadi. Koʻp tomonlama diplomatiya xalqaro hayotning BMT faoliyati bilan bogʻliq koʻplab muhim jabhalarini qamrab oladi. Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri — oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash borasida BMT bilan sheriklik aloqalarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Bugun mamlakatimiz ushbu tashkilot va uning ixtisoslashgan tizimlari ishida faol qatnashmoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro hayotda ham munosib oʻrni borligi, Oʻzbekiston soʻzi jahon hamjamiyatining doimiy nigohida ekani barchamizga faxr va iftixor bagʻishlaydi.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021 yil 29 sentyabr, № 194(450)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …