Musulmon kishi muqaddas dinimiz targʻib qilgan mana shunday doʻstlikni, oradagi itttifoqni buzishga intiladigan, asli notanish, maqsadi fosid kimsalar ham borligini alohidda yodda tutishi lozim. Undaylarning xabarlaridan ehtiyot boʻlish kerakligi Qurʼoni karimda ham alohida taʼkidlangan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ
“Ey, moʻminlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qoʻyib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon boʻlmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) koʻringiz!”[1]
Ushbu oyatdan mavzumizga oid holda musulmon kishi oʻziga yaqin munosabatda boʻlib turganlari haqida biror yomon xabar keladigan boʻlsa, uni tekshirib koʻrmogʻi kerakligini xulosa qilishimiz mumkin.
Abu Abdulloh Hakim roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin-musulmon odam ulfatli, birovga doʻst tutinadigan va birovni doʻst tutuvchi boʻladi. Yoru birodarlar orttiradi. Yoru birodarga yaxshilik qiladi. Birovni doʻst tutmaydigan va oʻzining doʻsti ham boʻlmagan odamda yaxshilik yoʻq”, deb marhamat qilganlar.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ushbu hadisi sharifda doʻst tutmoqlik, doʻstlarning qadriga yetmoqlikka buyurmoqdalar. Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallamning ushbu muborak hadislari bizning soʻzimizga dalil boʻla oladi:
“Moʻminlar doʻstlikda, mehribonlikda va sheriklikda xuddi bir taʼna aʼzolariga oʻxshaydi. Agar jasadning bir aʼzosi shikoyat qilsa, boshqalari ham unga isitma va bedorlik bilan hamdard boʻladi”.
Baʼzi hakimlarning yuqoridagi hadisga sharh berib aytishicha, bir doʻst ikkinchi doʻstning ayblaridan ogoh boʻlib qolsa, uni hargiz birovga aytmaydi. Ammo bitta yaxshi xislati va hunari borligini bilsa, uni oʻnta qilib koʻrsatadi, deganlar.
Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
“Albatta, moʻminlar dinda oʻzaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz oʻrtasini tuzatib qoʻyingiz va Allohdan qoʻrqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz.”[2]
Oyati karimadagi “birodar” deb tarjima qilingan soʻz, arab tilida ikki xil maʼnoni anglatadi. Birinchisi “tugʻishgan aka-uka”, ikkinchisi “doʻst, ogʻayni” maʼnosida ishlatiladi.
Qurʼoni karimning moʻjizaligini qarangki, moʻminlarning birodarligi haqida soʻz ketganda, tugʻishgan birodarlar maʼnosidagi “ixvatun” soʻzi kelgan va bu bilan moʻminlar xuddi tugʻishgan aka-ukalardek ekanligi taʼkidlangan.
“Albatta, moʻminlar birodardirlar”.
Ushbu oyati karimaning sharofati ila bu birodarlik bir ota-ona naslidan boʻlgan aka-ukalikka teng qoʻyilgan. Bu birodarlik Alloh uchun, dinu diyonat uchun, islom, iymon uchundir va u oʻzaro muhabbat, tinchlik-omonlik va hamkorlik asosiga, pokiza qalb bilan qurilgan boʻladi.
Musulmon kishi dindosh birodarlaridan yordamini ayamaydi. Uning qiyinchiligini bartaraf etishga, unga keladigan jabru-zulmni qaytarishga harakat qiladi. Unga suyanilganida, ishonchni oqlaydi. Chin musulmon birodarini tahqirlamaydi, ustidan kulmaydi, istehzo etmaydi. Zero, ayrimlar bir jihatdan zaifroq yoki faqirroq boʻlishi mumkin, ammo u ham Allohning bandasi, uni ham Alloh yaratgan. Islomda insonni kambagʻal, miskin, kuchsiz boʻlganligi uchun haqoratlash, haqir koʻrish juda yomon odat hisoblanadi. Chunki, yuqorida taʼkidlanganidek, hamma ham Allohning bandasi, faqat birisini chiroyliroq, boyroq, ikkinchisini kuchsizroq, kambagʻalroq yaratgan. Moʻmin-musulmonlarning vazifasi birodarini tahqirlash emas, balki unga yordam berib duosini olishdir. Zero, koʻngil Allohning uyidir. Faqir moʻminlar oʻz taqdirlariga rozi boʻlganlaridan Haq nazdida ularning qadr-qimmatlari baland, duolari ham mustajobdir.
Haqiqiy doʻstlik qanday boʻlishiga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrida muhojirlar va ansorlarning hayoti chiroyli oʻrnak boʻlishi mumkin. Muhojirlar Makkadan hijrat qilganida, ularning koʻpchiliklarida molu mulklari yoʻq edi. Madinalik sahobalar makkalik sahobalarga yordam qoʻlini choʻzdilar. Ular muhojirlarga shunchalik darajada mehr koʻrsatdilarki, hattoki, uylarini ikkiga boʻlib, qoʻl ostidagi barcha narsani teng yarmini ularga berdilar. Vaholanki, ularda na qarindoshlik rishtasi bor edi, na oldin ular bir-birovlarini koʻrgan edilar. Ularni faqat bir rishta uzviy bogʻlab turardi, u ham boʻlsa ilohiy iymon rishtasi – Alloh taoloning dini boʻlmish Islom dini.
Haqiqiy doʻst degani Alloh uchun bir-birovini yaxshi koʻradi, qiyomatlik aka-uka tutinadi, oʻtirib dunyo matohini emas, balki Allohning zikrini, orasidagi muammolar yechimini gapirib suhbat qilishadi yoki qanday qilib ogʻaynisiga yordam berish mumkinligini maslahat qiladi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimga Alloh taolo yaxshilik istasa, unga yaxshi doʻstlarni doʻstlashtirib qoʻyadi, yoniga yaxshi odamlarni berib qoʻyadi. Yaxshi doʻstlar Allohni, ibodatni, yaxshilikni, u esdan chiqarganda esga soladilar. Esida boʻlganida yaxshilikda koʻproq bardavom boʻlishga yordam beradi”, deb aytadilar.
Mazhabboshimiz Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit roziyallohu anhuning darajasini buyuk boʻlib, ummat orasida shuhrat topganligini sababi haqida Imom Zahabiy bunday deydilar: “Misrlik katta olim Lays ibn Saʼdning ilmi Abu Hanifadan kuchliroq edi. Lays ibn Saʼdning fiqhdagi ilmi, ilmiy dunyo qarashi Abu Hanifadan baquvvatroq edi. Lekin Abu Hanifaning nomi qoldiyu, Laysniki qolmadi. Nega? Chunki, Alloh taolo Abu Hanifaning atrofiga yaxshi, sadoqatli doʻstlar, goʻzal shogirdlar nasib qilgan edi.”
Salmon Forsiy rahimahulloh: “Ikki musulmon bir-biriga ikki qoʻl kabi boʻlmogʻi kerak. Ularning biri ikkinchisini yuvadi, biri uddalamagan ishni ikkalasi boʻlsa uddalaydi, bir qoʻl koʻtara olmasa ikki qoʻl boʻlib koʻtaradi. Xaqiqiy moʻmin-musulmonlar ikki qoʻl kabi boʻlmogʻi kerak, hamisha bir-birini koʻrganida, uchrashganida bir-biridan dunyo va oxiratiga yetadigan, asqotadigan foyda olsin”, degan ekanlar.
Albatta, doʻst-birodar boʻlgan insonlar bir-biri bilan koʻp hamsuhbat boʻlishlari, uzviy muloqotda boʻlishlari turgan gap. Doimiy ravishda hamsuhbat boʻlganlar bir-birlaridan taʼsirlanadi. Shuning uchun doʻst tanlashda juda ham ehtiyot boʻlish kerak. Ulamolar, ahli solihlar va taqvodorlar bilan doʻst boʻlganlar oʻsha azizlardan gʻoyat foydali tarzda taʼsirlanishi aniq. Shuning uchun faqat yaxshilar bilan doʻst boʻlishga harakat qilish lozim.