Ilm oʻrganish islomning shiori boʻlib, insoniyatning eng yuqori pogʻonaga koʻtarilish vositasidir. Islom ilm talab qilishga undaydi, ulamolarning zikrini ulugʻlaydi va ilmga intilishni ibodat deb biladi. Ilm talabida safar qilish bilim olishning eng muhim sabablaridan biri sanaladi.
Bilim olish fazilat, shon-sharafdir. Hayotini shunga sarflagan kishi hech qachon yutqazmaydi, uning ilmi umri boʻyi qilgan infoq-ehsonidan koʻra foydaliroq boʻladi. Salaf allomalar uning fazilati va sharafini yaxshi bilgan. Shuning uchun ular hamma narsani ilm olishga sarflagan. Shu yoʻlda yozning issigʻi-yu qishning sovugʻiga, ocharchiligu chanqoqqa ham rozi boʻlgan. Ular bu ishning qadr-qimmatini bilganidan oylar va yillar davomida oila va farzandlaridan yiroqlarda yurgan. Birgina hadis yoki biror sohada yetuk ustozni topish, yo bir masalani bilib olish yoʻlida minglab farsax yoʻl yurib, safar va musofirlik mashaqqatini chekkan.
Ilm izlash fazilati haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan koʻplab ibratli hadislar yozib qoldirilgan. Abu Dardodan rivoyat qilinadi: “Uning oldiga Damashqdaligida Madinadan bir odam kelibdi. Shunda Abu Dardo: “Nega kelding, ey birodarim?” dedi. U: “Menga Rasulullohdan bir hadis aytganingiz yetib keldi”, dedi. “Boshqa hojat bilan kelmadingmi?” dedi. “Yoʻq”, dedi. “Tijoratga kelmadingmi?” dedi. “Yoʻq”, dedi. Yana: “Faqat shu hadis talabida keldim”, dedi. Abu Dardo: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitganman: “Kim ilm talabida bir yoʻldan yursa, Alloh unga ana shu ilm sababli jannatga yoʻlni oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar oʻz qanotlarini ilm toliblari uchun rozi boʻlgan holda qoʻyadi. Albatta, ilm tolibi uchun osmondagi va yerdagi bor narsa, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadi. Olimning obiddan afzalligi oʻn toʻrt kunlik oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir”, dedi” (Termiziy rivoyati).
Baʼzi olimlar ilm talabida boʻlish haqida soʻz yuritar ekan, ilm oʻrgansang, u seni kichikligingdan ulugʻ qiladi, katta boʻlganingda seni toʻgʻri yoʻlga chorlaydi, deydi.
Safar qadim zamonlardan ilm olishdagi eng afzal usullardan hisoblanadi. Buning yorqin misoli Muso alayhissalomning ilm talabida Xizr alayhissalom oldiga borishidir.
Ubay ibn Kaʼb roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Muso Banu Isroilning bir jamoasi ichida edi. Bir kishi kelib: “Oʻzingdan ilmliroq biror kishini bilasanmi?” dedi. Muso: “Yoʻq”, dedi. Alloh azza va jalla Musoga vahiy qildi: “Yoʻq, bandamiz Xizr bor”. Shunda Muso unga uchrashish yoʻlini soʻradi. Allox u kishiga baliqni belgi qilib berdi. Unga: “Baliqni yoʻqotgan paytingda ortingga qayt, unga albatta yoʻliqasan”, deyildi…”, dedilar (Buxoriy rivoyati).
Muso alayhissalom Xizr alayhissalom bilan uchrashishni juda xohlagan. Belgilangan joyga borgan va safar qiyinchiliklarga dosh bergan. Xizr alayhissalom bilan ustoz shogird darajasida boʻlgan.
Muso Xizrdan afzal va yuqori martabali boʻlishiga qaramasdan undan xushmuomalalik va kamtarlik bilan soʻradi: “Muso unga: “Senga oʻrgatilgan rushddan menga ham oʻrgatmogʻing uchun senga ergashsam maylimi?” dedi” (Kahf surasi, 66-oyat). Musoning bunday qilishi olim bilan uchrashib, uning ilmidan bahra olish boʻlgan. Bu qissani Alloh taolo ajib koʻrinishda, ilohiy ohanglar bilan tasvirlab bergan.
Shu tariqa ilm talabida safarda boʻlish olimlarning oʻziga xos belgisiga aylangan. Inson ilmga tashnalikning muayyan darajasiga yetsa, bu yoʻldagi mashaqqatlar uni aslo toʻxtata olmaydi.
Sahobalar odamlarning ilm va amal jihatidan komili, paygʻambarlardan keyin odamzotning afzali boʻlishiga qaramasdan, ilm izlashga xaris boʻlgan. Safarning har qanday mashaqqatlariga tayyor boʻlgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo bitta xadis uchun bir oylik masofani bosib, Abdulloh ibn Unays roziyallohu anhuning huzuriga borgani bunga juda yaxshi misoldir. Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitmagan hadis menga yetib keldi. Shunda bir tuya sotib olib, safarga chiqdim. Bir oy yurib, Shomga keldim. Abdulloh ibn Unaysning oldiga bordim. Eshikbonga: “Unga: “Jobir eshikning ortida”, deb ayt”, dedim. Shunda u: “Ibn Abdullohmi?” dedi. “Ha”, dedim. Keyin borib unga (Abdulloh ibn Unaysga) xabar berdi. U kiyimini toʻgʻrilab turib, kelib, meni quchoqladi. Men ham uni quchoqladim. Soʻng: “Sizning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qasos haqida bir hadis eshitganingiz menga yetib bordi. Uni eshitishimdan oldin vafot etishingizdan yoki oʻzim bu dunyoni tark etishimdan qoʻrqdim”, dedim (shunda u hadisni ayta boshladi)…” (Buxoriy rivoyati).
Sahobalardan keyin ularning izdoshlari ham ilm talabida safar qilishdek fazilatli amaliyotni kengaytirgan. Chunki ular imon va hidoyatdan keyin odamzot ilm uchun eng katta sharaf ekanini juda yaxshi bilgan. Xususan, Ahmad ibn Hanbal “Musnad” asarini qirq yil davomida Misr, Iroq, Shom, Xuroson, Hijoz va Yamanga safar qilib yozgan. Faqat hadis toʻplash bilan cheklanmasdan uning isnod, illat va turuqlarini chuqur tadqiq qilgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va boshqa muhaddislar, ulamolarning hayot yoʻllariga qarasak, ularning hammasi uzoq yillar mobaynida ilm safarida boʻlganini koʻramiz. Ular Allohning vajhidan boshqa mol-dunyo, mansab yoki odamlar maqtovi uchun bu ishni qilmagan. Safarlari ular uchun dars va saboq boʻlgan. Hayotiy tajribasini oshirgan. Natijada insonlar nazdida ulugʻ martabalarga erishgan, ularning muhabbati va eʼtiboriga sazovor yirik olim boʻlib yetishib chiqqan.