Home / YANGILIKLAR / “TAʼVILOT AL-QURʼON” ENDI SODDA VA RAVON TILDA

“TAʼVILOT AL-QURʼON” ENDI SODDA VA RAVON TILDA

Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻlgan koʻplab ezgu ishlar istiqlolning naqadar buyuk neʼmat ekanini chuqur anglashimizda muhim omil boʻlayotgani bilan ahamiyatli. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan oʻzbek tilidagi “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining dastlabki 30-juzi dunyo yuzini koʻrgani ham ming-minglab yurtdoshlarimizda bugungi kunlarga shukronalik hissini oshiradi. Zero, bir paytlar asarlari u yoqda tursin, oʻzlari haqida ham durustroq maʼlumotga ega boʻlmaganimiz — Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziylarning noyob asarlarini bugun emin-erkin oʻrganishga haqlimiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ilmiy qimmati baland, moturidiylik taʼlimotining asosi boʻlgan “Taʼvilot al-Qurʼon” asari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan tarjima qilindi. Asar oʻzida hanafiylik, ahli sunna val jamoaning butun aqidasini taʼlif qilgani bilan qimmatlidir. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga asar taqdimoti sabab yigʻilgan markaz xodimlari, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, nufuzli ulamolar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari talaba-yoshlari hamda mustaqil tadqiqotchilar ham ayni fikrni alohida eʼtirof etdilar.

Shuningdek, taqdimotda soʻzga chiqqanlar Imom Moturidiy merosini oʻrganish hamda alloma asarlarining bugungi kundagi ilmiy ahamiyati, ularni tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar, shuningdek, yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil toʻxtaldilar.

— Zimmamizda buyuk ajdodlarimiz merosini ommabop qilib xalqimizga yetkazish bilan bir qatorda Prezidentimiz ishonchini oqlashdek yuksak masʼuliyat ham bor edi. Tarjima ishlari davom etgan bir yildan ziyod vaqt mobaynida buyuk ulamolar, moturidiyshunos allomalar bilan muloqotda boʻlib turdik. Xususan, asarni ilk bora arab tilidan turk tiliga oʻgirgan Yusuf Shavqiy Yavuz janoblari, taniqli olim, moturidiyshunos Ahmad Saʼd Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik kabi olimlar bilan fikr almashdik. Bundan tashqari, oʻzimizning ustozlarimiz shayx Abdulaziz Mansur, Usmonxon Alimov rahimahulloh va bir qator koʻzga koʻringan kalom ilmi ulamolari bilan maslahatlashib, asarning xalqimizga sodda, ravon tilda yetib borishini taʼminlashga harakat qildik. Oʻylaymizki, ushbu asar hammamiz uchun manfaatli boʻladi, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tarjimonlar guruhi rahbari Olovxon Neʼmatov.

Darhaqiqat, ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi asarning 30-porasini tarjima qilishda Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson boʻlgan uslubda xalqimizga yetkazishga eʼtibor qaratgan. Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanildi. Kitobdan koʻplab hadislar, sahobalarning soʻzlari oʻrin olgan.

Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021-yil 10-sentyabr, 181-son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …