Home / YANGILIKLAR / ISLOHOTLARNING SHIRIN MЕVASI yoxud buyuk ajdodlarimizning asarlarini endi oʻzbek tilida oʻqiymiz

ISLOHOTLARNING SHIRIN MЕVASI yoxud buyuk ajdodlarimizning asarlarini endi oʻzbek tilida oʻqiymiz

OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 30 YILLIGIGA

“Taʼvilot al-Qurʼon” – unga hech bir kitob teng kela olmaydigan asardir. Bu fan boʻyicha undan avvalgilar yozgan kitoblarning birortasi ham unga yaqin kela olmaydi”. Abu Muin NASAFIY

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida buyuk allomalarimizning nodir asarlari mazmun-mohiyatini oʻrganish va xalqimizga yetkazish maqsadida ularni saralash va bosqichma-bosqich tarjima qilishni tashkil etish vazifasi topshirilgan edi.

Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi olimlari tomonidan moturidiylik taʼlimotining asosiy manbai — “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilishdek sharafli ishga qoʻl urildi. Xalqimizning aksariyati Qurʼoni karimdan “Fotiha” surasi va 30-juz suralarini yoddan bilishi inobatga olinib, shuningdek, tafsir yoʻnalishidagi koʻp asrlik anʼanalarga amal qilgan holda, dastlab asarning aynan shu qismlari tarjima qilindi va nashr etildi.

Yuksak daraja sohibi

Sharq allomalari va mutafakkirlarining asarlari bir necha asrlar osha butunjahon maʼrifat maydonida oʻz ulugʻvorligini saqlab kelib, Sharq va Gʻarbda fan va madaniyat shakllanishining poydevori sifatida dunyo ilm maskanlarida asosiy darslik sifatida qoʻllanilgan va ulardan hozirgacha ham foydalanib kelinmoqda.

Buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, yurtimizdan chiqqan faqih va kalom ilmi allomalarining islom huquqshunosligi, tafsir va aqida ilmi borasida toʻplagan ilmiy-amaliy tajribasi yurtimizda Qurʼon va fiqh ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Bu borada “Imom ul-huda” — Hidoyat imomi, “Musahhihu aqiydati axlis-sunna” — Ahli sunna aqidasini toʻgʻrilovchi, “Imom ul-mutakallimiyn” — Mutakallimlarning imomi degan sharafli nomlar bilan eʼzozlangan Imom Moturidiy ilmiy merosining qadri va qiymati baland. Negaki, u insonlarning toʻgʻri yoʻlda boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladigan, ogʻishish, toyilish va adashishlarning oldini oladigan muhim dasturulamaldir. Zamonlar oʻtgani sayin bu xazinaning oʻz qadri va ahamiyatini yoʻqotmay kelayotgani ham shundan boʻlsa, ajab emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasidagi maʼruzasida shunday deb taʼkidlagan edi: “Oʻninchi asrda samarqandlik mutafakkir Abu Mansur Moturidiy tomonidan asos solingan Moturidiya taʼlimoti butun islom olamida keng tarqalgan. Moturidiya taʼlimoti ilm egallash jarayonida bagʻrikenglik gʻoyasi asosida inson aql-zakovatining oʻrni va ahamiyatiga yuksak eʼtibor qaratadi. Bu oʻz navbatida, ushbu taʼlimotning keng ommalashuvida muhim oʻrin tutgan. Bunday gʻoyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”.

Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy 870 yilda Samarqand shahri yaqinidagi Moturid qishlogʻida tavallud topgan. Samarqanddagi “Dor al-Iyodiya” va “Dor al-Juzjoniya” nomli maktablarda hanafiy ulamolardan taʼlim olgan. Alloma oʻz davrida islomda adolat va moʻtadillik asoslarini mustahkamlash, boʻlinish va fitnalarning oldini olish, ummatni ilm va odob negizida birlashtirish yoʻlidagi azmu shijoati hamda ilmiy jaxdi bilan nom qozongan.

Alloma 944 yilda Samarqand shahrida vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Zamondoshlari ham, undan keyingi ulamolar ham Moturidiyning chuqur ilmiy izlanishlari natijasida maydonga chiqqan asarlarining ahamiyatini, oʻzining esa, nechogʻli yuksak daraja sohibi boʻlganini eʼtirof etganlar.

Allomaning mashhur shogirdi Abul Qosim Hakim Samarqandiy taʼrifi bilan aytganda, “Abu Mansur Moturidiy bor nafasi miqdoridagi ilmlarni oʻzida jamlagan, butun kuchini oʻz ilmini oʻrgatish va tarqatishga sarflagan. Shuning uchun u yozgan asarlar maqtovga sazovor. U oʻz umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotdir”.

Hozirgi davr ulamolaridan Misrning sobiq muftiysi, Al-Azhar nufuzli ulamolar kengashi aʼzosi Shayx Ali Jumʼa taʼbiri bilan aytganda: “Darhaqiqat, imom, hujjat, sunnatning himoyachisi, bidʼatni yoʻqqa chiqaruvchisi Abu Mansur Moturidiy Qurʼonni raʼy asosida tafsir qilgan maktabning buyuk ustozlaridan biri boʻlgan. U zot — Alloh u kishidan rozi boʻlsin — “Taʼvilot al-Qurʼon” nomli sermahsul asarni yozdilar. By asar oʻz sohasida yagona, bu oʻrinda hujjat boʻladigan bir asardir.

Batahqiq, Imom Moturidiy  turli ilmlar boʻyicha qomusiy olim boʻlgan. U moʻtaziliylarga hamfikr boʻlmagan masalalar yuzasidan ular bilan koʻplab bahs-munozaralar olib borgan.”

Buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiyning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhuri va ilmiy qimmati bilan eng ahamiyatli sanalgani, shubhasiz, “Taʼvilot al-Qurʼon”dir.

“Taʼvilot al-Qurʼon” asari — moturidiylik taʼlimoti asosidir. Unda hanafiylik, ahli sunna val jamoaning butun aqidasi taʼlif qilingan. Asarda moʻtazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha kabi botil firqalarning, munajjim, folbin va shular singari insonni sogʻlom fikrdan chalgʻituvchilarning qarashlari, gʻoyalari, iddaolari, hozirgi zamon istilohi bilan aytganda, demagogiyasi munoqasha qilingan va barchasiga ilmiy asosda raddiya berilgan.

Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti oʻqituvchisi Hamza Bakriy asarning muhimlik jihatlarini alohida taʼkidlaydi: “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobi bu — Qurʼoni karimning tafsiri boʻlib, unda Qurʼoni karimning barcha oyatlari tafsiri keltirilgan. Muallif bu asarda Qurʼon oyatlarini jamiyatning ushbu fanda mutaxassis boʻlgan va boʻlmagan toifasiga birdek munosib keladigan uslubda tafsir qilgan. Yaʼni Imom Moturidiy qoʻllagan iboralar har ikki toifa insonlar uchun ham manfaatlidir”.

Shu sababli ham Qurʼoni karimning tafsiri va taʼviliga bagʻishlangan bu asar asrlar davomida oʻzining ahamiyatini yoʻqotmay kelyapti, uning maʼno-mazmuni bugungi kunda ham oʻta dolzarb boʻlib, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim oʻrin tutmoqda.

Asardan koʻplab hadislar, sahobalarning soʻzlari oʻrin olgan. Xususan, Abdulloh ibn Abbosdan naql qilingan rivoyatlar juda koʻp oʻrinda zikr etiladi. Tadqiqotchilar toʻqsonga yaqin sahoba va tobeʼinning nomlari qalamga olinganini hisoblab chiqqanlar. Bundan tashqari, yigirmadan ziyod lugʻat va tafsir ulamosi fikrlaridan foydalanilgani qayd etilgan. Ularning avvalida Ali ibn Hamza Kisoiy, Yahyo ibn Ziyod Farro, Abu Ubayda Maʼmar ibn Musanno, Ibn Qutayba, Mubarrad, Zajjoj turadi.

“Taʼvilot al-Qurʼon” oʻziga xos uslubda yozilgan. Unda muallif koʻproq taʼvilga eʼtibor qaratadi va shunga tayanadi. Asar haqida turkiyalik ilohiyotshunos olim, professor Yusuf Shavqiy fikrlari eʼtiborga molik: “Taʼvilot al-Qurʼon” asari kishini chuqur mushohada yuritishga undaydi. Bugungi kunda biz, yaʼni, islom ummati qoʻlimizda shunday bir kitob boʻla turib taqlid yoʻliga oʻtib ketdik. Bugun biz oʻzimizni isloh qilish uchun Imom Moturidiy asarlariga, jumladan, “Taʼvilot al-Qurʼon”ga juda muhtojmiz. Chunki, moturidiylik taʼlimotida ijtihod masalasi, yaʼni insonning aqlga tayanishi, tafakkur yuritishi juda ham muhim hisoblanadi. Taqlid qilish, boshqalarga koʻr-koʻrona ergashish esa keskin qoralanadi. Tafakkur — millat kelajagining asosidir”.

Darhaqiqat, tafakkur — fikrlar, ilm va zehn sarchashmasi. Asrlar davomida ong pokligi, bilimlarni kashf etish va kengaytirish istagi islomda chuqur maʼno va anʼanalarga asoslangan. Ilmning muhimligi va falsafiy maʼnolari doimo diqqat markazida boʻlib kelgani ham shundan. Moturidiyning mehnati esa shu qadar ahamiyatli, kitoblari shu qadar mukammalki, hatto hanafiy mazhabidagilar hech bir mubolagʻasiz “Hanafiylar ichida birgina shu imomning yetishib chiqqani ham ularga kifoya qilgan boʻlar edi”, degan fikrni bildirganlar.

Sof islom aqidasini saqlash, botil eʼtiqodlarga qarshi kurashishda “Taʼvilot al-Qurʼon” hamisha birlamchi manba boʻlgan. Xususan, milodiy X-XI asrlarda Movarounnahr va Xurosonda moʻtaziliylar taʼsir kuchini kesish, ildizlarini qirqish, bu botil firqa faoliyatiga chek qoʻyish va eʼtiqodiy tanazzul yuzaga kelishining oldini olishda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etgan.

Muxtasar qilib aytganda, asar kishilar ongi va qalbiga ijobiy taʼsir koʻrsata olgan. Inson qalbi va his-tuygʻulari esa, hayot tarzining muhim qismi. Islom taʼlimoti shu tuygʻularni isloh etishga qaygʻuradi. Hozirgi kun uchun ham muhim hisoblangan ruhiy salohiyat tushunchasi hamisha islom taʼlimotining ajralmas qismi boʻlib kelgan.

Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiyning bu tafsiri islom ilmlari taʼlimotida benazir boʻlib, ulamolar nazdida boshqa biror avvalgi va keyingi tafsirlar unga tenglasha olmagan. “Kashfuz zunun” kitobi muallifi Hoji Xalifa “Taʼvilot al-Qurʼon” haqida: “Ushbu kitob Imom Moturidiyning boshqa asarlari orasida tili va uslubi jihatidan eng yengili hisoblanadi. Shu sababli, ahli sunna val jamoa ulamolarining asosiy manbaidir”, deb yozadi.

Asarning moʻtabarligi ham uning ahli sunna val jamoa uchun Qurʼon oyatlari tafsiridagi qarashlari toʻgʻri ekanini asoslash, tasdiqlash va isbotlash bilan birga, adashgan firqalarning notoʻgʻri qarashlarini ochib berganligidadir. Moturidiylik ulamosi Abu Muin Nasafiy “Tabsirat al-adilla” asarida aytgan soʻzlari fikrimizni isbotlaydi: “Imom Moturidiyning Qurʼonga yozgan tafsiri barcha mavhum tuyulgan masalalarga aniqlik kiritib beruvchi, inson qalbidagi shubhali qora bulutlarni haydovchi hamda nihoyatda boligʻ vasf ila yozilgan asardir. Alloh shunday kitobni yozgan zotga oʻz salomini yoʻllasin!”.

Sharafli yumush sharofati

“Qaysidir xalqning ilmiy merosiga eʼtibor berib, uni oʻrganish, uning ustida chuqur tadqiqot olib borgandan soʻng keng kitobxonlar ommasiga taqdim qilish oʻsha xalqning merosini tanish, madaniy va ilmiy yutuqlarini ochib berish yoʻlida eng asosiy omillardan biri ekanida Sharqu Gʻarbdagi tadqiqotchi olimlar oʻrtasida hech bir ixtilof yoʻq. Bu — hech kim shubha qilmaydigan haqiqatdir.

Shunga koʻra, Qurʼoni karimning tafsiriga oid merosni oʻrganish, uni tadqiq qilish hamda ilmiy surʼatda taqdim etish ham muhim ish hisoblanadi. Chunki bu ish Alloh taoloning Kitobini oʻrganish, Uning maqsadini anglash, undagi taʼlimotlardan voqif boʻlish, uning xazinalarini chiqarib olish, duru gavharlarini kashf qilish borasida oʻzining kattagina hissasini qoʻshadi”. Al-Azharning Islom ilmlari majmuasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Nazir Ayyad

***

Taʼkidlash lozimki, yurtimiz musulmonlari moturidiylik taʼlimotiga eʼtiqod qilsa va muallif alloma vatandoshimiz boʻlsa hamki, buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asari hozirgi davrga qadar Oʻzbekistonda jiddiy oʻrganilmagan edi. Turli fitnalar girdobidan omon qolib, eʼtiqodni sogʻlom tutish mashaqqatli boʻlib borayotgan, jahonda biri-biridan murakkab va keskin siyosiy-ijtimoiy jarayonlar kuzatilayotgan, buzgʻunchi kuchlar islom dinidan gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanayotgan bugungi vaziyatda dinu diyonatimizning eng muhim asoslaridan biri boʻlgan bu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilib nashr ettirish oʻta zarur va gʻoyat dolzarb ishlardan biriga aylandi.

Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari Shayx Abdulaziz Mansur bu borada oʻrinli fikrni bayon etdi: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari oʻzbek tiliga oʻgirilayotgani xalqimiz ilm-maʼrifatini oshirishdagi muhim qadamlardan biridir. Yurtimiz moʻmin-musulmonlarining moturidiylik taʼlimotiga eʼtiqod qilishini inobatga olsak, asarning tarjima qilinishi juda zaruriy ishlardan biri boʻlib turgan edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qisqa fursat ichida oʻzining mevalarini bera boshladi. Ushbu tarjima ishi markaz olimlari tomonidan amalga oshirilgan eng muhim va katta ilmiy natija boʻldi”.

Tarjimani mukammal amalga oshirish maqsadida asar yaqindan oʻrganilib, Imom Moturidiy rahimahullohning qarashlarini imkon qadar yengil, tushunish oson boʻlgan uslubda xalqimizga yetkazishga eʼtibor qaratildi. Qurʼoni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanildi. Xorijdagi moturidiyshunos olimlar bilan muloqotlar oʻtkazildi, ulardan maslahatlar olindi. Jumladan, Qurʼon, tafsir ilmlari boʻyicha taniqli olim, moturidiyshunos Ahmad Saʼd Damanhuriy, Turkiyaning Marmara universiteti professori, doktor Umar Chelik, taniqli moturidiyshunos olim, professor Yusuf Shavqiy Yavuz kabi olimlar bilan fikr almashildi.

Koʻplab ulamolar tavsiyalariga asosan, Bekir Toʻpal oʻgʻli va Ahmad Vonli oʻgʻli tahqiqi ostida nashr etilgan nusxa tarjima ishining asosiy manbasi qilib olindi. Imom Moturidiy rahimahulloh “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida oʻzining fikrlariga dalil-hujjat uchun keltirgan oyatlar va hadislarning manbalari hoshiyada koʻrsatib oʻtildi.

Misrlik moturidiyshunos olim, ilohiyot fanlari doktori Ahmad Saʼd Damanhuriy mazkur yirik tarjima ishini markaz ilmiy jamoasining bu muqaddas zaminda yashab oʻtgan ajdodlar vorislari boʻlgan avlod vakillari sifatidagi majburiyati deb baholadi: “Oʻz davrida ilm va ulamolarning qiblasi boʻlgan Samarqand zaminida yashab, shu zaminda vafot etgan buyuk imom avlodlarining mana shunday ishga qoʻl urishlari hayratlanarli holat emas, albatta. Aksincha, islom madaniyati va tafakkuriga oʻzlarining ulkan hissalarini qoʻshgan va musulmonlar bugungi kunga qadar ularning ilmiy meroslaridan bahramand boʻlib kelayotgan ulugʻ ota-bobolariga vafodorlik nuqtai nazaridan olib qaralganda, bu vazifa ularning zimmalaridagi burch hamdir”.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasi oʻlaroq, bugun oʻzbek tilidagi “Taʼvilot al-Qurʼon” asari dastlabki 30-juzining nashri dunyo yuzini koʻrdi va bu, albatta, davlatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.

Eng ulugʻ, Eng aziz ayyom arafasida imon-eʼtiqodli xalqimizga oʻzbek tilida taqdim qilingan mazkur asardagi Qurʼoni karim suralarining tafsiri Qurʼon oyatlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, buyuk Imom Moturidiy bobomiz taʼlimotini tushunishga asos boʻlib xizmat qiladi.

Imom Moturidiyning merosi nafaqat mutakallimlar, balki dunyoviy ilm vakillari, keng jamoatchilik tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Allomaning ilmiy merosida muborak islom dinining hayotbaxsh mazmun-mohiyatini toʻgʻri talqin qilish, turli bidʼat va xurofotlarga botgan guruh va toifalarga qarshi kurash alohida oʻrin egallaydi. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy ilgari surgan gʻoyalar bugungi kunda ham gʻoyatda dolzarb boʻlib, nafaqat ilmiy, balki yuksak amaliy ahamiyatga ega.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 19 avgust, №167(423)

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …