YAXSHI MUOMALA VA MUNOSABATGA ENG HAQLI INSONLAR
II jild. 5971-hadis. Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday der edi: “Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, mening yaxshi muomala qilmogʻimga kim haqliroqdir?” deb soʻradi. Rasululloh: “Onang!” dedilar. U: “Yana kim?” deb soʻradi. Rasululloh: “Yana onang!” dedilar. U: “Yana kim?” dedi. Rasululloh: “Yana onang!” dedilar. U: “Yana kim?” deb soʻradi. Rasululloh : “Soʻng otang!” dedilar.
Hadisning umumiy maʼnosi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bu javoblari ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatida boʻlishning savobi ulugʻroq ekanligiga dalildir. Nabiy sollallohu alayhi va sallam onaga yaxshilik qilishni oldinga qoʻydilar.
Ulamolarimiz ushbu hadisga binoan “Onaning haqqi otaga nisbatan uch bora koʻp”, degan. Chunki, ona farzand uchun jonini tikib, toʻqqiz oy davomida barcha mashaqqatlarga sabr-bardosh bilan chidab, uni qornida koʻtarib yuradi. Tugʻruq chogʻida esa oʻlimni boʻyniga olib, barcha azoblarga tayyor boʻladi. Kunni kun, tunni tun demay, farzandini yuvib-tarab, chiroyli tarbiya berib, katta qiladi.
Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uch bor “onangga” deganlaridan soʻng, toʻrtinchi martasida “otangga” dedilar.
Inson zimmasida onaning qanday haqqi boʻlsa, otaning ham shunday haqqi bor. Otaning oiladagi oʻrni va farzand oldidagi xizmatini hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Chunki, ota nafaqat oilaning qalqoni, balki farzandlar komil inson boʻlib voyaga yetish uchun barcha zarur maʼnaviy va moddiy taʼminotni boʻyniga olgan zotdir. Uning yillar davomidagi jiddu jahdi va xolisona saʼy-harakatlari sababli farzandlar badastir oʻsib-ulgʻayib, muayyan kasb va bilimlarni egallaydi va jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi bir qariya bilan keldi. Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam unga: “Ey Falonchi! Sen bilan birga kelgan bu kishi kim?” dedilar. U: “Otam”, dedi. Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam: “Uning oldidan yurma, undan oldin oʻtirma, ismini aytib chaqirma va uni hech ham haqorat qilma”, dedilar.
Ushbu hadisdan koʻrinib turibdiki, Paygʻambarimiz ota-onaga har doim alohida eʼtibor bilan qarab, hatto yurish va oʻtirib turishda ham ularga dilxiralik yetkazmaslikka daʼvat qilganlar.
Ota ajdodlarga xos boy maʼnaviyat, qadriyat va diyonatni keyingi avlodga singdiruvchi, ularga ibrat namunasi boʻluvchi ustoz va murabbiy, asosiy tarbiyachidir. “Qobusnoma”da ota haqida bunday deyilgan: “Farzanding vujudga kelganidek hayot kechirsin. Sen unga jismu ruhi tetik, feʼl-atvori yetuk, yaxshilik va yomonlikni farqlash tuygʻusiga ega boʻlib kamol topishi uchun odob, hunar va bilimni oʻzingdan meros qilib qoldirginki, kelajakda komil inson boʻlib yetishsin”. Bu ish, albatta, uni sogʻlom jismu tan, aql va axloq egasi boʻlishiga asos boʻladi, chunki, farzand inson sifatida vujudga kelgan kunidan boshlab ahloqi, odati unga hamroh boʻladi. Bu esa unga ota-onasining hayot tajribasidan oʻtadi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
Kishi dunyo va oxirat ishlariga oid savollarni ahli ilmdan soʻramogʻi lozim.
Onaning farzand zimmasidagi haqqi otaga nisbatan uch barobar ortiqdir.
Otaning farzand zimmasidagi haqqi buyukdir.
Doimo ota-onaga yaxshilik qilishga intilib yashash ham ibodat sanaladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi