Ezgu niyat bilan yerga qadalgan har qanday urugʻ, ekilgan har bir koʻchat, albatta, koʻkaradi, unib-oʻsadi. Jamiyatimiz taraqqiyotining beshta strategik yoʻnalishida oʻz ifodasini topgan ezgu maqsadlarga mos ravishda 2017 yilda asos solingan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham oʻtgan yillar davomida murgʻak niholdan yetuk mevali daraxtga aylanish yoʻlini bosib oʻtdi.
Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 23 iyunda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror imzolanganidan boshlab oʻtgan qisqa davrda markazda eʼtiborga molik ishlar amalga oshirildi:
Islom madaniyati markazi Islom sivilizatsiyasi markazi deb ataldi;
Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi yaratildi;
markazning ilmiy-boshqaruv jamoasi, asosan, yosh, iqtidorli mutaxassislar hisobiga shakllantirildi;
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahonning oʻttizga yaqin turdosh ilmiy muassasasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi;
mingga yaqin nodir qoʻlyozma va toshbosma asar, oʻttiz mingga yaqin zamonaviy asar va yuz mingga yaqin elektron kitobni oʻzida jam qilgan kutubxona shakllantirildi;
markazning ilmiy-ommabop jurnali chop etila boshlandi;
eng muhimi, Islom sivilizatsiyasi markazi jamoasi oʻzbek xalqining buyuk ajdodlari Xorazmiy, Fargʻoniy, Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Nasafiy, Ibn Sino, Beruniy, Ulugʻbek kabi mutafakkir va olimlarning bebaho merosini izchil oʻrganish hamda keng miqyosda targʻib qilishga kirishdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari mamlakatning boshqa turdosh muassasalari bilan hamkorlikda uzoq va yaqin oʻtmishda buyuk ajdodlarimiz islom va jahon tamadduniga qoʻshgan bebaho va buyuk hissasi asosida islom dinining ezgulik, insonparvarlik, ilm-fanga daʼvat qiluvchi, bagʻrikenglik hamda bunyodkorlik mohiyatini koʻrsatib berish va keng targʻib qilishni yoʻlga qoʻydilar.
Mamlakatimiz tarixida soʻnggi yillarda roʻy bergan buyuk oʻzgarishlar, xalqimiz va jahon jamoatchiligi eʼtirof etayotgan xalqni rozi qilish, Oʻzbekistonni jahonning yetakchi mamlakatlari qatoriga olib chiqish yoʻlidagi islohotlar va shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon Islom sivilizatsiyasi markazi oldiga ham yangi maqsad va vazifalarni qoʻyishni taqozo qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori shu munosabat bilan qabul qilindi.
Qaror markazning “Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini, ilmiy-maʼnaviy va maʼrifiy merosni, yangi zamon avlodini, shakllantirishda faol ishtirok etuvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davrida shonli oʻtmish yutuqlaridan buyuk kelajak poydevorini qurishda foydalanishni ilmiy asosda oʻrganib, keng jamoatchilikka yetkazib beradigan, islom dini bilan bogʻliq milliy qadriyat va anʼanalarni targʻib qiluvchi ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanishi uchun huquqiy asos yaratmoqda.
Ushbu muhim hujjatda muqaddas islom dini bilan bogʻliq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrnini innovatsion usullar orqali targʻib qilish, koʻhna Movarounnahr zaminida sodir boʻlgan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari va mazmun-mohiyatini mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish boʻyicha zarur choralarni koʻrish, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduni, dunyoviy va diniy ilmlar rivojiga qoʻshgan hissasini eng zamonaviy usul va vositalar orqali yoritib borish, yoshlarni ilm-maʼrifatga daʼvat etadigan, milliylik va diniylik oʻrtasidagi uygʻunlik mohiyatini keng targʻib qilishga qaratilgan media mahsulotlar, ilmiy ishlanma va tavsiyalar tayyorlash markazning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, endilikda ushbu muassasa ziyorat turizmining ilmiy asoslari boʻyicha yetarli nazariy bilim va amaliy koʻnikmaga ega gid-tarjimonlar tayyorlash, ularning malakasini tizimli oshirib borish, ilm-fanning jadal taraqqiyotini koʻrsatib beruvchi sermazmun eksponatlar fondi, qoʻlyozma va zamonaviy nashrlardan iborat boy kutubxonalar tizimini shakllantirish va ularning jahon muzeylari, kutubxonalari tarmogʻi oʻrtasidagi mustahkam aloqasini taʼminlash, oʻzbek xalqining islom sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan hissasi boʻyicha fundamental tadqiqotlar dasturlari va ilmiy loyihalarni ishlab chiqish hamda ularning amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadi.
Markazda islom sivilizatsiyasini tadqiq etish sohasining dolzarb ilmiy-nazariy va uslubiy masalalariga bagʻishlangan milliy va xalqaro miqyosdagi konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va ilmiy maʼruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar doimiy asosda tashkil etib boriladi, yurtimizdagi muzey va kutubxonalar xodimlarining kasbiy mahorat va salohiyatini oshirish boʻyicha ilmiy-amaliy va uslubiy treninglar yoʻlga qoʻyiladi. Shu tariqa Oʻzbekiston va dunyo ilmiy jamoatchiligi bu yoʻnalishdagi yangi tadqiqotlar natijalaridan boxabar boʻlib boradi.
Bu yerda islom tarixi va madaniyati yoʻnalishiga oid bilimlarni oshirish, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni taʼmirlash, qogʻoz tayyorlash, muqovasozlik, xattotlik sanʼatini tiklash, islom manbalarini oʻrganish boʻyicha tashkil etiladigan oʻquv kurslari nafaqat tadqiqotchilarimiz, balki butun xalqimiz uchun ilhom va ijod manbai boʻlib xizmat qiladi.
“Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining mazmun-mohiyati, uning ilm-fan rivoji, dinlararo va millatlararo bagʻrikenglikni taʼminlashdagi roli va ahamiyati jamoatchilik orasida keng targʻib qilinishi yurtimizdagi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, ilmiy yutuqlarga intilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni yanada faollashtirishga, xalqaro ilmiy-madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga keng yoʻl ochadi.
Qarorga muvofiq, ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etish va yangi yuksalish davridagi yutuqlarni targʻib qilish boʻyicha ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritasi” belgilangan vazifalarni tizimli ravishda, barcha manfaatdor idora va tashkilotlarning yaqin hamkorligi asosida, aniq maqsadlarga yoʻnalgan tarzda bajarish imkonini beradi. Yaʼni markaz oldiga qoʻyilayotgan ulkan vazifalar faqat uning zimmasidagi majburiyat boʻlib qolmay, butun mamlakatning ezgu va ulugʻ maqsadi sifatida maydonga chiqadi. Bu orqali koʻplab idora va tashkilotlarning hamkorligi faollashishi barobarida hamyurtlarimizning jipsligi, bir-biriga xayrixohligi kuchayadi, Vatan taqdiri, uning shaʼnu shavkati uchun masʼullik, daxldorlik hissi yanada kuchayadi.
Jamoatchilikning alohida eʼtiborini tortadigan yanabir jihat qarorda ushbu muassasa huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilab qoʻyilganidir. Ushbu jamgʻarma ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asar va hujjatlarni xarid qilish orqali markaz kitob fondini kengaytirishga xizmat qiladi. Ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish, tashkil qilinadigan turli anjumanlarni moliyalashtirish borasida ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bu yerda Samarqand qogʻozini tayyorlash, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy anʼanalarini tiklash boʻyicha ustaxonalaboratoriya tashkil etish gʻoyasi ham tahsinga sazovor. Samarqand qogʻozi asrlar davomida dovrugʻ qozonib kelayotgan boʻlishiga qaramay, hanuzgacha faqat Samarqandning oʻz brendi boʻlib, tor mahalliy va havaskorlik-sayyohlik doirasi bilan cheklanib qolayotgan edi. Uning markazlashgan holda, zamonaviy asbob-uskunalar va hisoblash texnikasi yordamida tadqiq etilishi va tayyorlanishi yana bir milliy qadriyatimizni xalqaro brendga aylantirishga yoʻl ochishi, shubhasiz. Bu Samarqand qogʻozini tayyorlaydigan mutaxassislar hamjamiyatining ham jugʻrofiy, ham miqdoriy kengayishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz qarori gʻoyatda keng koʻlamli maqsadlarni qamragan boʻlib, unda markaz muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiyasi tuzish, tarixiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish boʻyicha masʼul davlat muassasasi etib belgilandi.
Bu bilan markazga davlat tasarrufidagi barcha muzey, kutubxona, arxiv fondlari va boshqa davlat muassasalaridagi qadimiy qoʻlyozma hamda toshbosma manbalar roʻyxatini shakllantirish vazifasi yuklatiladi. Shu tariqa butun ilmiy-maʼnaviy merosimizning himoyasi va yagona ilmiy-tadqiqot manbai sifatida shakllanishi taʼminlanadi.
Prezidentimizning ushbu qarori yurtimizda ezgu niyatlar bilan amalga oshirilayotgan megaloyihalardan biri — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kamoloti yoʻlida navbatdagi muhim qadamdir.