Ilm talabida yurt kezganlari va yozgan asarlari
Muhammad ibn Abu Hotim Buxoriy aytganlar: «Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoildan eshitdim: “Haj qildim. Akam onamni olib qaytdilar. Men hadis ilmi talabida qoldim. 18 yoshga yetganimda “Qazoyo as-sahobati vat-tobeʼin va aqoviyluhum” (Sahobalar va tobeʼinlarning fatvolari va aytgan soʻzlari) kitobini yoza boshladim. Bu Ubaydulloh ibn Muso davrlarida edi.
“At-Tarix” kitobini ham oʻsha paytda oydin kechalarda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yozdim. Ushbu kitobimga kirgan har bir shaxsning oʻz qissasi bor. Lekin kitobning choʻzilib ketishini xohlamaganim uchun ularni yozmadim.
Marvda faqihlarning majlislariga borardim. Yosh edim. Uchrashganimda ularga salom berishdan uyalardim. Oʻsha darslarni tartibga soluvchi bir kishi mendan: “Bugun qancha yozding?” deb soʻradi. Men: “Ikkita”, dedim. Bu bilan ikkita hadisni nazarda tutgandim. Hozir boʻlganlar kulishdi. Shunda shayxlari: “Kulmanglar, shunday bir kun kelib, u sizlarning ustingizdan kulishi mumkin”, deb aytdilar».
Bizga Muammal ibn Muhammad va boshqalar, ularga Abul Yumn Kindiy, u kishiga Abu Mansur Qazzoz, u kishiga Abu Bakr Xatib, u kishiga Rayda Ali ibn Muhammad Attor, u kishiga Abul Haysam Kushmihaniy, u kishiga Firabriy xabar berdilar: “Menga Muhammad ibn Ismoil: “Men “Sahihi Buxoriy”ga qaysi hadisni yozgan boʻlsam, undan oldin gʻusl qilib, ikki rakat namoz oʻqirdim”, dedilar”.
Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: «Abu Abdullohdan: “Kitobingizga kiritgan barcha hadislarni yoddan bilasizmi?” deb soʻradim. U kishi javob berdilar: “Kitobimdagi birorta hadis ham xotiramdan koʻtarilgan emas. Barcha kitobimni uch martadan yozganman. Agar baʼzi ustozlarim tirilib kelsalar, “Tarix” kitobimni qanday yozganimni tushunmasdilar, bilmasdilar. Uni ham uch marta yozganman.
Isʼhoq ibn Rohavayh “At-Tarix” kitobimni Abdulloh ibn Tohirning huzurlariga olib kirib: “Ey amir, sizga sehr koʻrsataymi?” deb soʻradilar. Amir kitobga qaradilar va ajablanib: “Uning qanday yozilganiga fahmim yetmadi”, dedilar».
Xalaf Xayyom aytganlar: “Isʼhoq ibn Ahmad ibn Xalafning: “Muhammad ibn Ismoil Iroqqa 210 yilning oxirida kirib keldilar”, deganlarini eshitdim”.
Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Buxoriyning quyidagi soʻzlarini eshitdim: “Bagʻdodga sakkiz marta bordim. Har borganimda Ahmad ibn Hanbal bilan oʻtirar edim. Oxirgi marta u kishi bilan xayrlashayotganimda: “Ey Abu Abdulloh, ilm va olimlarni tashlab Xurosonga ketasizmi?!” dedilar. Hozir ham u kishining aytgan soʻzlari yodimda”.
Abu Abdulloh Hokim aytganlar: “Imom Buxoriy Naysoburga dastlab 209 yilda, keyin 250 yilda kelganlar. Naysoburda besh yil istiqomat qilganlar. Doimo hadis aytganlar”.
Bizga Abu Hafs ibn Qavvos, u kishiga Abul Qosim ibn Harastoniy 609 yilda oʻqib xabar berdilar. Men ham oʻsha yerda edim. U kishiga faqih Abul Hasan Ali ibn Musallam, u kishiga xatib Husayn ibn Muhammad, u kishiga Muhammad ibn Ahmad Gʻassoniy, u kishiga Ahmad ibn Muhammad ibn Odam, u kishiga Muhammad ibn Yusuf Buxoriy xabar berganlar: “Bir kecha Muhammad ibn Ismoilning uylarida qoldim. U kishining oʻsha kecha 18 marta turib chiroqni yoqib yodlariga tushgan narsalarni yozib qoʻyganlarini hisobladim”.
Muhammad ibn Abu Hotim Varroq aytganlar: “Abu Abdulloh bilan safarga chiqadigan boʻlsak, faqat qattiq sovuqdagina bir uyda yotar edik. U kishining bir kechada 15-20 marta uygʻonib, chaqmoqtosh olib chiroq yoqqanlarini, soʻngra hadislarni taxrij qilib belgilaganlarini koʻrar edim”.
Ibn Adiyning aytishlaricha, Abdulquddus ibn Hammom koʻp shayxlarning: “Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ”dagi tarjimalarini (har bir bobga qoʻyilgan sarlavha) Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qabrlari va minbarlari orasida turgan holatda yozdilar. Har bir bobni yozish oldidan ikki rakat namoz oʻqir edilar”, deganlarini eshitganlar”.
Buxoriy aytganlar: “Men: “As-Sahih”ni oʻn olti yil davomida yozdim. Uni oʻzim bilan Rabbim orasidagi hujjat qildim”.
Buxoriy aytganlar: “Naysoburda muqim boʻlgan paytimda Buxorodan yaqinlarimdan salom maktublari kelib turar edi. Men ham ularga salom yoʻllab xat yozardim. Salom yuborishda ayrim qarindoshlarimning ismlarini unutib qoʻygan boʻlsam-da, hadis ilmining zarrachasi ham xotiramdan ketgani yoʻq edi. Hadis yozishim ularga maktub yozishim kabi emasdi. Hadisni bir kishidan yozsam, tushunadigan kishidan uning ismini, kunyasini, nasabini, hadis olish vaziyatini soʻrardim. Mabodo soʻrayotgan kishim tushunmaydigan odam boʻlsa (yaʼni tushunchasida zaiflik boʻlsa), albatta, hadisning aslini va nusxasini soʻrab-surishtirib keyin yozardim. Ammo boshqalar nima yozganlariga va qanday yozganlariga u qadar eʼtibor qilishmasdi”.
davomi bor…