Dunyo taraqqiyotining oqimi koʻrsatib turganidek, XXI asr Sharq asri boʻlib bormoqda. Bu fikrni rivojlanish koʻrsatkichlariga koʻra baholovchilar koʻp. Ammo bu asrni uchinchi renessans deb taʼriflovchilar ham yoʻq emas. Bundan koʻrinadiki, Sharq allomalarining tafakkuri samarasi boʻlgan insoniyat yutuqlariga bot-bot murojaat qilinayotgan hozirgi kunlarda fanda ham, tafakkur kengligida ham, falsafiy mushohadada ham sharqona yondashuvlar ustun kelmoqda… Bu yondashuvlarning toʻgʻriligini yoki xolisligini manbalarga tayangan holda, ilmiy asosda oʻrganish, tadqiq etish turli fan sohalarida yangidan yangi xulosalarni keltirib chiqarayotgani ham sir emas.
Sharq allomalarining ilmiy merosini oʻrganmasdan turib, ziyoli yoshlarni tarbiyalash, oʻzimiz kutayotgandek, davr talablariga javob beradigan mutaxassislarni ham tayyorlash mushkul. Shu sababli ham sharqshunos mutaxassislarni tayyorlashni kuchaytirish masalasi bugungi kun tartibiga alohida dolzarb masala sifatida chiqdi. Davlatimiz rahbari 2020 yil 16 aprel kuni “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini imzoladi. Mazkur qaror, eng avvalo, sharqshunoslik sohasiga berilayotgan katta eʼtiborning samarasi, deb bilaman. Bugungi kunda Sharq mamlakatlarining dunyodagi mavqei har tomonlama ortib borayotganligi mamlakatimiz sharqshunosligi oldiga yangi vazifalarni qoʻyib, yangi masʼuliyat bilan ilmiy izlanishlarni olib borish, taʼlim jarayonini ham tubdan qayta koʻrib chiqish zaruratini koʻrsatmoqda. Bu muhim omil.
Prezidentimizning qarori asosida taʼlim muassasamizga universitet maqomi berilishi oʻzbek sharqshunosligining jahonga chiqishiga keng yoʻl ochib beradigan qadam boʻldi, deya olamiz. Bu albatta, jamoaga juda katta masʼuliyatni yuklaydi. Oʻzbekistonning Sharq mamlakatlari bilan ikki va koʻp tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi, sharq tillari boʻyicha malakali mutaxassislar, jahonda roʻy berayotgan jarayonlarni toʻgʻri talqin qila oladigan tahliliy tafakkurga, kompleks bilimlarga ega kadrlarni tayyorlash vazifasini bajaruvchi TDSHU endilikda zamonaviy oliy taʼlim muassasasi sifatida jahon ilm fani va taʼlim jarayonlariga dadil kirib bora oladi.
Sharqshunos mutaxassis Sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati, moddiy va maʼnaviy merosi, iqtisodiyoti, siyosati, xalqaro maydondagi nufuzini oʻrganish uchun har tomonlama bilimga ega boʻlishi lozim. Albatta, uzoq oʻtmishga va boy milliy-maʼnaviy qadriyatlarga ega yurtimiz tarixini xolis manbalar asosida oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Qarorda aynan ushbu masalada ham jamoa oldiga qator vazifalar qoʻyilgan boʻlib, bu vazifalarni amalga oshirish jarayoni asrlar davomida saqlanib kelayotgan qoʻlyozma manbalarni oʻrganish boʻyicha yosh sharqshunos-manbashunoslarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va bu orqali mamlakatimiz va millatimizni dunyoga targʻib etish bilan bogʻliq faoliyatni kuchaytirishimizni taqozo etadi. Bu ishlarni kengaytirish maqsadida Mumtoz filologiya kafedrasi bazasida adabiy manbashunoslik va matnshunoslik taʼlim yoʻnalishi ochilishi, Sharq sivilizatsiyasi va tarixi fakultetida yangi “Manbashunoslik va tasavvuf germeneftikasi” kafedrasi tashkil etilayotgani, “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi” kafedrasi bazasida Etnologiya, etnografiya va antropologiya” magistratura mutaxassisligining ochilgani ham bu maqsadlarga erishishimizda asos boʻla oladi.
Qarorda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida universitet huzurida “Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi”ni hamda “Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi”ni ochish belgilangan. Mazkur markazlar Sharq xalqlari madaniyati, sharq tillaridagi adabiy, tarixiy, falsafiy manbalarni chuqur oʻrganishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish, yurtimiz qadriyatlari, milliy merosimizni dunyoga targʻib etish, Sharq mamlakatlarining tarixi, rivojlanish bosqichi, iqtisodiy-siyosiy taraqqiyot xususiyatlarini kompleks tadqiq etish, ayniqsa, Oʻzbekistonning Sharq xalqlari bilan oʻzaro munosabatlarini rivojlantirishda oʻz oʻrniga ega boʻladi, deb oʻylayman. Bunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ajratiladigan ilmiy grantlarga ega boʻlish uchun yangi ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, moliyalashtirishga erishish va samarador tadqiqotlarni bajarish zarur boʻladi.
Qarorda Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan bir qator vazifalar belgilangan, Jumladan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmud Zamaxshariy va boshqa buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni oʻrganish, Universitetning kafedralari filiallarini ochish kabi masalalar ham bor. Aynan akademiyaning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma manbalarning faksimile, foto, skaner nusxalari bilan bepul taʼminlanishi masalasiga toʻxtalsak, bu ham fan va taʼlim integratsiyasini kuchaytirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi. Dunyo boʻyicha mamlakat va millat tarixini aks ettiruvchi qoʻlyozma manbalar saqlanadigan fondlarda qoʻlyozmalarning nusxalarini olishning oʻziga xos tartiblari bor. Bu fondlardagi noyob qoʻlyozmalarning tarqalib ketmasligi, notoʻgʻri va ilmiy asoslanmagan nashrlar paydo boʻlishi, talqin va tahlillar ham xolis boʻlmasligining oldini olish, umuman aytganda, bebaho milliy boylikni kelajak avlodlarga yetkazish bilan bogʻliq. Qarorda nazarda tutilgan holatda esa, Universitet talaba va tadqiqotchilari tomonidan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy jamoasi bilan maqsadli tarzda alohida belgilab olingan, oʻrganilishi, ilmiy muomalaga kirishi zarur, dolzarbligi yuqori boʻlgan qoʻlyozmalarning elektron nusxalari bilan ishlashni jadallashtirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu uzoq yillardan buyon juda kam qismi oʻrganilgan fonddagi qoʻlyozmalarni oʻrganish, ilmiy istifoda etish koʻlamini kengaytiradi hamda talaba yoshlarni bu murakkab jarayonga olib kirishda bir muhim jihat boʻladi. Mazkur institut olimlari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ishlar doirasida qoʻlyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish laboratoriyasiga, xattotlik ishlarini oʻrganishga ham talabalarning jalb etilishi kelajakda nihoyatda qiyin ammo, juda kerakli boʻlgan sohani rivojlantirishda oʻz samarasini beradi, deb ishonaman.
Shu bilan birga, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Tarix instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish, universitetning manbashunoslik yoʻnalishidagi kafedralari filiallarining bugungi kunda rasman tashkil etilgani ham yangi tadqiqotlar uchun sharoitlarni kengaytiradi, albatta.
Universitetda ilmiy salohiyatni oshirish eng muhim dolzarb masala. Milliy merosimizni chuqur ilmiy tadqiq etish orqali mamlakatimiz tarixi va kelajagiga daxldor ilmiy manbalarni yaratish va jahon miqyosida targʻib etish barcha sharqshunoslarning bugungi kundagi eng muhim vazifalaridan biri boʻlishi kerak.