Home / MAQOLALAR / Oʻrta asrlarda Samarqandda diniy ilmlarning rivojlanishi

Oʻrta asrlarda Samarqandda diniy ilmlarning rivojlanishi

Qurʼoni karim Alloh taoloning muborak kalomi, Islom diniga oid barcha hukmlarning asosiy manbaidir. Kalomi sharifni yaxshi bilmagan, tushunmagan kishilarning asl hidoyat yoʻlidan, haq yoʻldan chalgʻishi, turli oqim va harakatlarga aldanib qolishi, missionerlar va soxta mazhablar taʼsiriga tushib qolishi oson kechadi. Shuning uchun xalqimizni iloji boricha Qurʼoni karim bilan yaqindan tanishtirish, unga bagʻishlangan asarlarni koʻproq targʻib qilish hozirgi paytdagi muhim vazifalardan biri deb eʼtirof etilgan.

Ilmlarning ulugʻi xisoblangan islomiy eʼtiqod taʼlimotidan iborat boʻlgan kalom ilmi va uning Samarqandga va bu qadim shahar timsolida bugungi Oʻzbekiston xududiga kirib kelishi va rivojlanishi yetarli ilmiy dalillar hamda jonli tarixiy misollar bilan koʻrsatilgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimda buyuk martabani kimga berishini va uning maqomi naqadar yuksak ekanligi haqida bunday marhamat qiladi: “Alloh kimni hidoyatga yoʻllashni iroda etsa, uning koʻksi (qalbi)ni Islom uchun (keng) ochib qoʻyadi. Kimni adashtirishni iroda qilsa, koʻksini goʻyo osmonga koʻtarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qoʻyadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo koʻrgay[1].

Bu toʻgʻrida Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo ummatimni zalolatda birlashtirmaydi”[2]dedilar”.

Shuningdek, Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”[3]deb aytadilar.

Alloh taolo kalom ilmini oʻz ichiga oluvchi ilmning fazilatlari va uning martabasi haqida Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “U Oʻzi xohlagan kishilarga hikmat (paygʻambarlik yoki Qurʼon ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan boʻlsa, demak, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar”[4].

Mazkur oyat tafsiri haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo fikr va mulohazalar bildirib: “Ushbu oyatdagi hikmatdan murod, halol va harom ilmini bilishdir”, deganlar.

Yer yuzining sayqali deb tan olingan Samarqandda va butun diyorimizda hadis ilmining paydo bulishi Imom Buxoriy faoliyati va beqiyos xizmatlari asosida talqin etilgan boʻlsa, aqoid ilmining taraqqiyoti Imom Moturidiy faoliyati va oʻlmas taʼlimoti asosida Imom Nasafiyning “Kitobul Qand” asaridan keltirilgan misollar bilan bayon etiladi. Shuningdek, asarda sogʻlom va najotkor yoʻl hisoblangan ahli sunna val jamoa eʼtiqodi hamda kalom ilmida mavjud boʻlgan turli oqimlarning hollari qiyosiy dalillar bilan tahlil qilinadi.

Shuningdek, Zarafshon vohasida joylashgan Samarqand Buyuk ipak yoʻlidagi muazzam maskan, Xitoy bilan Rumni, Hindiston bilan shimoliy mamlakatlarni, jumladan, Rusiyani bogʻlab turgan qadimiy shaharlardan boʻlgan. VIII asrning boshlaridayoq bu yerda ilm-fan, hunarmandchilik, amaliy sanʼat yuksak rivoj topdi, Oʻrta Osiyoning yirik ilmiy va madaniy markazlaridan biri maqomini oldi.

X asrga kelib, Samarqand Movarounnahr miqyosida yirik va yetakchi Islom ilmi markazlaridan biriga aylandi, hadis ilmi barq urib ravnaq topdi. Bu zamin farzandlari boʻlmish Abu Muqotil Samarqandiy, Abu Muhammad Dorimiy va Abu Hafs Nasafiy kabi yirik olimlar kalom ilmining rivojiga katta hissa qoʻshdilar.[5]

Bu muazzam kentda buyuk shayx Yusuf Hamadoniy asos solgan Xojagon tariqati bir tomondan, din va shariat ikkinchi tomondan, falsafa va tabiiy fanlar bilan uygʻunlashgan oʻziga xos murakkab taʼlimot ekani, bu tariqat insonning ichki olami, undagi yashirin qobiliyatlarni ochish uchun fan taraqqiyotiga kuchli taʼsir etishi bilan hali-hamon qalblarga muborak nur baxsh etib kelayotir.

Samarqand zaminida tugʻilib oʻsgan yana bir buyuk inson Abu Mansur Moturidiy kalom ilmi bilan birga hadis va fiqh ilmi ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan. U zot hanafiy mazhabi fiqhini mukammal oʻrganib, oʻz aqidaviy taʼlimotini yaratdi. Bu davrda islom olamida eʼtiqod masalasida bir-biriga qarama-qarshi firqalar oʻrtasida xatarli munozaralar kuchaygan edi. Imom Moturidiy oʻz aqlu zakovati, Qurʼon oyatlari, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom hadislari asosida islom aqidasini parokandalik va buzilishlardan saqlab qoldi.

IX-X asrlarning murakkab sharoitida Samarqandda Islom huquqshunosligi – fiqh ilmi ham rivoj topdi. Sadrul Islom Bazdaviy (Pazdaviy) usul va furuʼ boʻyicha salohiyatli olim sifatida hanafiy mazhabi peshvosi darajasiga koʻtarildi. Ulamolardan Alouddin Samarqandiy hanafiy huquqshunosligi taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshgan boʻlsa, Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy tafsir, fiqh, eʼtiqod – kalom ilmi boʻyicha koʻplab oʻlmas asarlar qoldirdi.

Oʻrta Osiyoga hadis ilmining kirib kelishi, islom ilohiyotining rivojlanishi, bunda samarqandlik olimlar va muhaddislarning qoʻshgan hissasi hali koʻp oʻqib-oʻrganilishi, tadqiq etilishi zarur. Ushbu kamtarona izlanishga islom tarixi va aqoidiga oid moʻtabar manbalar, jumladan, Najmuddin Umar ibn Muxammad ibn Ahmad Nasafiyning “Al-Qand fiy zikri ulamoi Samarkand” (“Samarqand ulamolari xotirasiga doir qand (dek) shirin kitob)” asari asos qilib olingan. Asarda samarqandlik mashhur kishilar hayoti va faoliyati hamda ular rivoyat qilgan hadislar xususida juda qimmatli maʼlumotlar jamlangan. Unda Movarounnahr tarixi, geografiyasi, toponimikasi (joy nomlari) hamda islom tarixiga doir muhim maʼlumotlarni ham uchratish mumkin. “Samarqandiya” nomi bilan nashr etilgan bu asar[6] Samarqandda muhaddislik faoliyatini olib borgan Balx, Nishopur, Marv, umuman, Xuroson yoki arab mamlakatlaridan kelgan koʻplab ulamolar haqida qimmatli maʼlumotlar keltirilgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Usmonxon Alimovning “IX-XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi” asarida IX-XI asrlarda Samarqand muhitida kalom ilmida mavjud oqimlar va ularning taʼlimotlari, Samarqandda ahli sunna val jamoa aqoidiga asoslangan Moturidiya taʼlimotining yuzaga kelishi, Ashʼariya va Moturidiya kabi ikki sogʻlom taʼlimotning oʻxshash va baʼzi farqli jihatlari, yengil (lafziy) ixtiloflar, mutakallimlar oʻrtasidagi aqliy va naqliy dalillar, Moturidiya taʼlimotining notoʻgʻri oqimlarga qattiq zarba beradigan qurol boʻlib qolgani xususidagi xolis qarashlar bayon etilgan.

Binobarin Moturidiya taʼlimotining bugungi kundagi ahamiyati haqida shuni taʼkidlash lozimki, aqidaviy ziddiyatlar jamiyatning tanazzulga yuz tutishiga olib keluvchi eng birlamchi omildir. Gʻarazli kuchlar oʻz maqsadi yoʻlida erkin harakat qilishi uchun foydalanadigan vositalaridan biri xalqlar, millatlar orasiga eʼtiqodiy qarama-qarshilik solib qoʻyishdan iborat.

Bugungi kunda ana shunday boʻlinish, millatlar orasini buzib yuborish singari ishlarning eng asosiysi diniy ekstremizm koʻrinishida namoyon boʻlmoqda. Islom dini niqobi ostida “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” singari chaqiriqlar bilan gʻarazli maqsadni koʻzlagan kuchlar tomonidan millatlar orasiga rahna solinyapti. Dinga eʼtiqod qiluvchilar bu aldovlarga uchib, qoʻliga qurol olmoqda, bir-biri va tinch aholi umriga zomin boʻlmoqda.

Eʼtiqodiy birdamlikning naqadar muhim ekanini chuqur idrok etgan Imom Moturidiy ming yillar oldin yozib qoldirgan asarlarida toʻgʻri aqida meʼyorlarini belgilab bergan va ular orqali nafaqat Islom olami, balki butun insoniyatni oʻzaro ittifoqda yashashga chorlagan.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

  1. Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. “Toshkent islom universiteti”. T.: – 2004.
  2. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari.
  3. Sahihul Muslim asari.
  4. Sunani Termiziy asari.
  5. Imom Buxoriy saboqlari. Jurnal. 2017/4.
  6. Miftahus saodat. J. 2.
  7. Alimov U. IX-XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. –B. 5.
Abduhalim MUHIDDINOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004. Anʼom surasi, 125-oyat. –B.144.
[2] Imom Termiziy rivoyati. Sunanu-t-Termiziy №2167 Hadis.
[3] Muttafaqul alayh yaʼni, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
[4] Baqara surasi, 269-oyat. –B. 45.
[5] Alimov U. IX-XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. –T.: OʻMI va Movarounnahr, 2008. –B. 3.
[6] Alimov U. IX-XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. –B. 5.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …