Islom dinida ayollarga yuksak hurmat va eʼtibor bilan qaraladi. Qurʼoni karimning oʻttiz besh sura va bir yuz ikki oyatida ayol soʻzining ishlatilishi, suralardan biri aynan “Niso” yaʼni “Ayollar” deb nomlanishi koʻp narsalardan dalolat beradi.
Ayol zotini ehtirom qilish toʻgʻrisida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir qator hadislar rivoyat qilingan. Jumladan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Mening chiroyli muomala qilishim uchun insonlarning qaysi biri haqliroq?” deb soʻraganida, u zoti sharif: “Onang” dedilar. “Undan keyin kim?” dedi. “Onang” dedilar. “Keyin kim?” dedi. Yana: “Onang” dedilar. “Keyin kim?” dedi. “Otang” dedilar[1].
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Ummu Sulaym Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Ey Allohning Rasuli, albatta, Alloh haqdan hayo qilmaydi. Ayol kishi ehtilom boʻlsa, gʻusl qiladimi?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, vaqtiki suvni koʻrsa”, dedilar. Bas, Ummu Salama: “Ey Allohning Rasuli, ayol kishi ham ehtilom boʻladimi?” dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: “Qoʻlginang qurisin, boʻlmasa bolasi unga nimadan oʻxshar edi”, dedilar”[2].
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan hoʻlni koʻrgan, lekin ehtilomni eslay olmagan odam haqida soʻraldi. Ul zot: “Gʻusl qiladi”, dedilar. Ehtilomni koʻrgan, lekin hoʻlni koʻrmagan odam haqida (ham soʻraldilar) Ul zot: “Unga gʻusl vojib emas”, dedilar. Bas, Ummu Sulaym: “Ayol kishi ham oʻshani koʻradi. Unga ham gʻusl vojib boʻladimi?” dedi. Ul zot: “Ha, albatta, ayollar erkaklarning tugʻishganlaridir”, – dedilar”[3].
Ushbu hadisda bayon qilingan masala ham koʻp uchraydigan, ayniqsa, yoshlarda tez-tez takrorlanib turadigan holatdir. Birov tushida gʻusl vojib boʻladigan biror narsani koʻrganini eslay olmaydi. Lekin badanida, kiyimida yoki yotgan joyida maniyning hoʻlini koʻradi. Nima qilish kerak? Albatta, gʻusl qilish vojib, aks holda, gunohkor boʻladi. Boshqa birov tushida jinsiy aloqani koʻrgan, ammo uygʻonsa, hech qayerda maniyning hoʻli yoʻq. Undoq odamga gʻusl vojib boʻlmaydi. Chunki, undan voqeʼlikda gʻusl vojib boʻladigan narsa chiqqan emas. Mana shu masalalar haqida savol-javob boʻlib turgan joyda Ummu Sulaym roziyallohu anho ham bor ekan. U fursatdan foydalanib: “Ayol kishi ham oʻshani koʻradi. Unga ham gʻusl vojib boʻladimi?” dedi. Yaʼni, ayol kishi ham ehtilomni koʻrmaydi-yu, hoʻlni koʻradi. Unga ham gʻusl vojib boʻladimi, dedi. Bu savolga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam javob berib: “Ha, albatta, ayollar erkaklarning tugʻishganlaridir”, dedilar. Yaʼni, ha, ayol kishiga ham gʻusl vojib boʻladi. Ayol kishi ham xuddi erkak kishiga oʻxshash, deganlaridir.
Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Ey odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti(Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan koʻp erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qoʻrqingiz! Shuningdek, oʻrtalaringizdagi oʻzaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir”[4].
Hayotda ayol ham jismonan, ham maʼnan sogʻlom boʻlsa, jamiyat sogʻlom boʻladi. Chunki, farzandlar onalar sababli dunyoga keladi. Ularga boshlangʻich taʼlim-tarbiya hamda odob-axloqni onalar oʻrgatadi. Shunday ekan, kelajak avlodning solih boʻlishi bugungi kun ayollarining soliha boʻlishiga har jihatdan bogʻliqdir.
Alloh taolo boshqa bir oyati karimada ota-onaga yaxshilik qilishni buyurar ekan, ayniqsa onaning homiladorlik davrini mashaqqat bilan oʻtkazishi va uni dunyoga keltirib, emizib, katta qilishdagi qiyinchiliklarga bardosh berishi haqida xabar berib, bunday deydi: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) koʻtarib yurdi. Uni (koʻkrakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”[5].
Ayol erining oilaviy ishlarida yordamchi sifatida unga koʻmakchi boʻlish bilan birga, oila, farzand tarbiyasi kabi ishlarda masʼuldir. Oqila ayol beka boʻlgan oilada doʻstlik, inoqlik va muhabbat rishtalari mustahkamlanadi hamda oila aʼzolarining barchasi saodat, huzur-halovat va farovonlikda yashaydi.
Hozirgi zamon musulmon ayoli nafaqat ijtimoiy hayotda, balki ilm-maʼrifat, maʼnaviyat va madaniyat sohalarida ham kamolotga erishish orqali eriga muxlis, soliha, vafodor, farzandlarga mehribon ona, hamma ishni eplaydigan uddaburon boʻlishi lozim.
Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “Ey Paygʻambar! Qachonki, Sizning oldingizga moʻmina ayollar kelib, Allohga biror narsani sherik qilmaslikka, oʻgʻrilik qilmaslikka, zino qilmaslikka, oʻz bolalarini oʻldirmaslikka, qoʻl va oyoqlari orasida toʻqib oladigan boʻhtonni qilmaslikka hamda biror yaxshi ishda Sizga itoatsizlik qilmaslikka huzuringizda qasamyod etsalar, Siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan magʻfirat soʻrang! Albatta, Alloh (oʻz bandalariga nisbatan) kechirimli va rahmlidir”[6].
Mazkur oyati karimadan maʼlum boʻlishicha, ayol Islomning muayyan aqidalariga ergashmoqqa yoʻnaltirilgan. Ayol ruhan va feʼlan bu aqidalarga amal qilishi, kuzata va anglay olishi uchun oʻz-oʻzini tarbiyalab, taʼlim olishi Islomning asosiy jihatidir.
Qurʼoni karimda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitoban kelgan oyat bor: “Va ular bilan kengashib ish qiling!”[7], yaʼni Qodir Alloh oʻz Rasuliga sahobalar bilan kengashib ish qilishni buyurmoqda. Sahobalar orasida esa ayollar ham boʻlgan va bu amr ularga ham tegishli boʻlgan. Bundan tashqari, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ahli ayollariga hurmat bilan qarab, ular bilan masalahatlashib ish koʻrganlar.
Ushbu oʻrinda shuni aytib oʻtish lozimki, albatta, musulmonlar shu amrga tobedir. Bu oyati karimada faqat erkaklar bilan maslahatlashib, ayollar bilan maslahatlashmaslik kerak, bunga ehtiyoj yoʻq, deydigan biror ishora mavjud emas. Bu ilohiy amrni faqat erkakka maxsus deyish ayolga muxoliflikdan boshqa narsa emas. Islom olimi Ibni Xozim bunday dedi: “Hazrat Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ham erkaklarga, ham ayollarga teng yuborilgandirlar. Allohning xitobi, Paygʻambarning xitoblari ayollarga ham, erkaklarga ham birdek qaratilgandir. Bu xitoblarni ochiq bir nass yoki ijmo boʻlmaguncha erkaklarga maxsus etib, ayollarni tashqarida qoldirmoq joiz emas”.