Qadriyatlar – har bir millatning oʻtmishi, buguni va kelajagini namoyon etuvchi bamisoli bir koʻzgu. Aytish joizki, milliy qadriyatlar ajdodlarning milliy-maʼnaviy merosi asosida shakllanadi va davrlar osha takomillashib boradi. Xususan, asrlar davomida ajodlarimizning boy maʼnaviy merosi asosida shakllangan milliy qadriyatlarimiz barcha umuminsoniy axloqiy fazilatlarni oʻzida aks ettirgan.
Bugungi tezkor globallashuv sharoitida ham oʻz milliy qadriyatlariga mustahkam suyanib kelayotgan xalqimiz beqiyos maʼnaviy boyligi, ajdodlar xotirasiga sadoqat, oʻzidan kattalarga ehtirom, oʻzidan kichiklarga izzat-ikrom, ayniqsa ota-onaga hurmat, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, mehmonni ulugʻlash, birovning, ayniqsa, yetimlarning, qoʻni-qoʻshnilarning haqqiga xiyonat qilmaslik, ehtiyojmand kishilarga xayr-ehson qilish, har qanday sharoitda ham hayo va andishani saqlash, oilani asrab-avaylash singari ezgu umuminsoniy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan oʻziga xos anʼanalari, urf-odatlari bilan boshqa xalqlardan ajralib turadi.
Xalqimizning asrlar osha oʻzining yuksak qadrini bir lahzaga boʻlsa-da yoʻqotmay kelayotgan insoniy fazilatlaridan biri oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtiga – Vatanga muhabbat, vatanparvarlik fazilatidir.
Bu kabi yuksak insoniy fazilat va bunday muqaddas tuygʻu xalqimizning qon-qoniga singib ketgani ayni haqiqatdir. Shu oʻrinda tarixga nazar solsak, yurtimiz sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgani bois ushbu jannatmakon zaminga egalik qilishni koʻplab imperiyalar, hukmdorlar istagan. Afsonalarga aylanib ketgan Shiroq, Toʻmaris, Spitamen kabi shaxslar Vatanni himoya qilish, uni dushmandan koʻz qorachigʻidek asrash yoʻlida bor kuch va imkoniyatini safarbar etib, bu yoʻlda moli-yu jonini, shaʼnini, hayoti va oilasini ham ayamagan. Shuning uchun ham bunday vatanparvar insonlarning Vatan oldidagi buyuk xizmatlari tarix zarvaraqlarida oʻchmas iz qoldirgan.
Keyinchalik, moʻgʻullar bosqini davrida Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik kabi xalq qahramonlari Vatan himoyasiga otlanib, oʻzlaridan bir necha barobar katta qoʻshinga qarshi mardonavor jang qilgan, mislsiz jasorat koʻrsatgan. Vatan oldidagi muqaddas burchni bajarishda nafaqat sarkardalar, balki Najmiddin Kubrodek oʻz davrining din peshvolari, tariqat shayxlari dushmanga qarshi chiqib, xalqning ham Vatan himoyasiga safarbar boʻlishida katta hissa qoʻshgan. Hattoki Chingizxon Najmiddin Kubroning yoshi ulugʻligi, yetuk shayxligi va din peshvosi ekanligini inobatga olib, unga zarar yetkazmaslikni taklif qilsa-da, u zot rozi boʻlmagan va “Yo Vatan, yo sharafli oʻlim!” shiori bilan dushman qoʻshini bilan soʻnggi qoni qolguncha kurashib, Vatan himoyasi yoʻlida jon bergan. Xalqimizning moʻgʻullar bosqiniga qarshi kurashi bir qarashda besamar koʻringan boʻlsa-da, aksincha keyinchalik vatanparvarlik ruhida tarbiya topgan Jaloliddin Manguberdining jiyani va izdoshi – Sayfiddin Qutuz moʻgʻullarni tor-mor etadi. Moʻgʻullar bostirib kelgan chogʻida qul sifatida sotib yuborilgan Sayfiddin togʻasi Jaloliddin Manguberdining ishini davom ettirib, butun dunyoni moʻgʻullar changalidan qutqarishga muvaffaq boʻlgan.
Shu oʻrinda yana bir buyuk shaxs, Buxoroni sharif etgan zot – Sayfiddin Boxarziyni ham yodga olish oʻrinli. Ushbu ulugʻ ajdodimiz Najmiddin Kubroning shogirdi sanaladi. Sayfiddin Boxarziy moʻgʻullarning Iroqqa qilgan hujumlariga qattiq qarshilik koʻrsatgan, keyinchalik moʻgʻul qoʻshinlarining yetakchi kuchlari u zotga katta hurmat koʻrsatib, Sayfiddin Boxarziyning huzuriga kelib, islomni qabul qilganliklari haqida manbalarda zikr qilinadi. Dinimizda vatanparvarlik, Vatanni sevishga munosabat oliy qadriyat sifatida qaraladi. Jumladan, Paygʻambarimiz (s.a.v.): “Qasamki, Sen (Makka) Alloh taoloning eng yaxshi yerisan va Alloh taoloning zaminida Allohga eng sevimlisisan. Sening ahling meni siqib chiqarmaganida, aslo chiqib ketmas edim”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisi sharifda bayon qilinganidek, Vatan Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan ulkan neʼmat, ilohiy muhabbat tuygʻusidir. Uning qadrini biror moddiy boylik bilan oʻlchab boʻlmaydi. Vatan taraqqiyoti va ravnaqi, uning himoyasi yoʻlida nafaqat mol-u davlat, balki jonlar ham fido qilinadi.
Vatanga boʻlgan muhabbat Alloh taolo tomonidan insoniyat fitratiga solib qoʻyilgandir. Shu maʼnoda inson oʻz yurtini sevishi, uni obod etishi hamda Vatanni koʻz qorachigʻidek asrashi, himoya qilishi ham muqaddas va sharafli burchdir.
Islom ilmlarining peshvosi va yirik imomi Ibrohim Adham oʻz ibodatlarini tartibga solishda nafsi bilan kurashishga imkon topib, nafsni Vatanga talpinishiga chora topa olmaganini taʼkidlaydi. U Makkada istiqomat qilib yurgan kezlarida, nafsi tugʻilib oʻsgan Bagʻdodga qaytishga uni undashiga yoʻl topa olmaganini tan olib: “Vatandan ajralishdan koʻra biror narsani tark qilishga qiynalmaganman”, deydi.
Vatanga boʻlgan muhabbat, Vatan iztirobi borasida hadislarda shunday deyilgan: “Rasululloh (s.a.v.): Makkadan Madinaga koʻchib oʻtgan paytlarida: «Allohim, Madinani bizga xuddi Makkani suyganimiz kabi yoki undan-da ziyoda suyukli qilgin!” deya duo qilganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, Paygʻambarimiz (s.a.v.) ga ilk bor vahiy nozil boʻlgan kezlari Hadicha onamiz bu hodisadan ajablanib, xavotirlanib, Paygʻambarimiz (s.a.v.) ni zamonasining olim kishisi Varaqa ibn Navfal oldiga olib boradi. Shunda Varaqa ibn Navfal u kishiga paygʻambarlik missiyasi kelganligini, bu yoʻl anchayin mashaqqatli boʻlishini, hatto odamlar u kishini Makkadan chiqarib yuborishlari mumkinligini ham aytadi. Shunda Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Ular meni Makkadan chiqarib yuboradilarmi?” deya qattiq iztirob chekadilar. Ushbu misoldan ham Paygʻambarimiz (s.a.v.) oʻz Vatani – Makka shahriga naqadar muhabbatli ekanliklarini koʻrishimiz mumkin.
Xalqimizda “Vatanni sevmoq iymondandir”, degan naql bor. Ushbu hikmat mazmunidan Vatanni sevishni, uni ardoqlashni iymon darajasiga koʻtarib, vatanparvarlikdek ulugʻ fazilatni yuksak maqomga ega ekanligini anglash mumkin.
Butun musulmon olamini ilm-u maʼrifati bilan munavvar etgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Muʼin Nasafiy, Qaffol Shoshiy kabi buyuk ajdodlarimiz Vatanga boʻlgan kuchli muhabbatlari tufayli oʻzlarining taxalluslarini kindik qoni toʻkilgan yurt nomi bilan bogʻlaganlari ham ana shunday eʼtirof va eʼtiborning oʻziga xos hayotiy va amaliy ifodasi namunasidir.
Hozirgi kunda ham ana shunday anʼanalarning davomi oʻlaroq xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni vatanparvarlikdek ulugʻ qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash gʻoyatda muhimdir.