Home / MAQOLALAR / Xotira – ezgulik chashmasi, koʻngil malhami

Xotira – ezgulik chashmasi, koʻngil malhami

Jannat eshiklari ochiladigan, doʻzax eshiklari yopiladigan, shaytonlar kishanlanadigan, Alloh solih bandalarini oʻtdan ozod etadigan ulugʻ oy oʻtib muborak hayit arafasida turibmiz. Bu qutlugʻ kunlarda el-yurtning faravonligi, xalqimizning baxt-saodati, mustahkam imon-eʼtiqodi yana bir bor namoyon boʻlishi tabiiy.

Islom dini adolat va mehr muruvvat, poklik va bagʻrikenglikka chorlovchi, xalq manfaati va yurt farovonligini ustun qoʻyish, shu yoʻlda astoydil mehnat qilishga daʼvat etuvchi taʼlimotdir.

Ramazon hayiti kunlari odamlar bir-birini muborakbod etib, tabarruk otaxon-onaxonlarga uzoq umr, yoshlarga kamolot tilaydi, qarindosh-urugʻlarni, yor-birodarlarni ziyorat qiladi, bemorlar holidan xabar oladi. Gina-kuduratlilar ham hayit kunlarida bir-birlariga quchoq ochadi – oʻtgan ishga salovat.

Ramazon oyida maʼnaviy va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan odamning koʻnglini koʻtarish va saxovat koʻrsatish yana ham koʻpayadi. Ramazonda bagʻrikeng va saxiy xalqimizning bunday fazilatlari bir necha hissa oshadi.

Biz doimo shodiyona va bayramlarni nishonlashga alohida tayyorgarlik koʻramiz. Bu Ramazon hayiti arafasida ham dinimiz va milliy qadriyatlarimiz mezonlariga mos xayrli va olijanob saʼy-harakatlar avj olmoqda. Mahalla-guzar, shahar-qishloq, xonadon, poklik va tozalik namunasiga aylanmoqda. Zero, islom ham avvalo poklik, demakdir.

Bu yilgi Ramazon hayiti xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgan pallaga toʻgʻri kelgani, chuqur ramziy maʼnoga ega. Muqaddas dinimiz ham oʻtganlarni xotirlab, yaxshi amallarini eslab, haqlariga duo qilishni buyuradi. Ikkinchi jahon urushida qanchadan-qancha hamyurtimiz hayotdan bevaqt koʻz yumdi. Ularni xotirlab, duo qilish – barchamizning muqaddas burchimiz. Shuning barobarida jangohlardan omon qaytganlar va front ortida fidoyilik koʻrsatgan tabarruk bobolarimizni va momolarimizni eʼzozlashimiz, hurmatini oʻrniga qoʻyish ham biz uchun oliy qadriyatdir.

Diniy va milliy anʼana, urf-odat, rasm-rusm, taomil-marosimlarning rivojlanishiga bir qancha omillar bevosita taʼsir koʻrsatadi. Islom taʼlimoti va halqimizning milliy qadriyatlarida oʻz aksini topgan oʻtganlarni xotirlash, ularning yaxshiliklarini yodga olish, shuningdek, qabristonlarni obod saqlash kabi insoniy fazilatlar el-ulus orasida yuksak darajada shakllangan.

Muqaddas dinimiz nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, oʻtganlar uchun istigʻfor aytib, ularning haqqiga duo qilish eng savobli amallardandir. Alloh taolo marhamat qiladiUlardan keyin kelganlar: Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan oʻtgan birodarlarimizni magʻfirat qilgin, qalbimizda iymon keltirganlarga nafrat solmagin, ey Robbimiz, albatta, sen shafqatli va mehribonsan, derlar” (Hashr surasi: 10-oyat mazmuni). Oyatda kyeyin kelgan avlod kim boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻzidan avval oʻtganlarni yaxshilik bilan eslab, ularning haqqiga duo qilishga chaqirilmoqda. Bu yorugʻ dunyoni tark etganganlarni haqorat qilish, xotirasini paymol etish musulmonga munosib ish emas. Islom taʼlimoti xoh hayot boʻlsin, xoh vafot etgan boʻlsin, inson zoti eng mukarram mavjudot sifatida eʼzozga loyiq deb oʻrgatadi.

Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Dunyodan oʻtganlarning yaxshi sifatlarini eslang, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaning”, dedilar” (Termiziy rivoyati).

Oʻtganlarni xotirlash, qabrlarini ziyorat qilish oxiratni eslatib turadi, har sohada masʼuliyatni oshiradi. Shuning uchun bunga masʼuliyat bilan yondashish zarur. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek: “Qabr oxiratning avvalgi manzillaridir” (Termiziy rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi va sallam qabrlarni ziyorat etish xususida bunday deganlar: “Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Keyin menga maʼlum boʻldi. Endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar. Chunki u qalbni yumshatadi, koʻzni yoshlatadi va oxiratni eslatadi. Shunday ekan, qabrlarni ziyorat qilaveringlar, bemaʼni (fahsh) gaplarni gapirmanglar” (Bayhaqiy rivoyati). Darhaqiqat, bunday amal qalbni isloh qiladi, yomon ishlardan qaytishga oʻrgatadi.

Qurtubiy oʻzining “Al-Jomiʼ li ahkomil Qurʼon” tafsirida bunday deydi: “Qabrlarni ziyorat qilish qotib qolgan qalblarning katta davosidir. U oʻlim va oxiratni eslatadi. U ushalmas orzularga berilishni kamaytiradi, kishini moʻtadil boʻlishga chorlaydi. Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, xotira ezgulik chashmasi va qalb malhami ekan.

Alloh taolo bu dunyoni tark etgan barcha hamyurtlarimizni magʻfirat aylasin! Qatagʻon yillarida, qonli janglarda shahid boʻlgan ota-bobolarimizning qabrlarini nurga toʻldirsin! Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik bardavom boʻlsin. Iydi Ramazonning fayzu barakoti qalblarimizni, xonadonlarimizni, butun hayotimizni munavvar aylasin.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …