Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” ASARINI HANAFIY MAZHABI ASOSIDA SHARHLAB OʻQITISHNING AHAMIYATI

“SAHIHUL BUXORIY” ASARINI HANAFIY MAZHABI ASOSIDA SHARHLAB OʻQITISHNING AHAMIYATI

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qurʼoni karimni nozil qilib, uni insoniyatga bayon qilish, undagi koʻrsatmalarga qay tarzda amal qilish, amal meʼyorini insonlarga koʻrsatib berish va Qurʼonda kelmagan boshqa hukmlarni yetkazish masʼuliyatini yuklagan. Bu haqida Alloh azza va jalla bunday deydi:

بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ

Maʼnosi: “Ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar ila (yubordik). Va senga odamlarga nozil qilingan narsani oʻzlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar”.[1]

Bundan Paygʻambar alayhissalomning soʻzlari ham sharʼiy manba ekani, u zotning soʻzlariga alohida eʼtibor berish lozimligi, shariat mohiyatini u zotning soʻzlarisiz anglashning iloji yoʻqligi tushuniladi. Rasulullohning oʻzlari ham shunga ishora qilib bunday deganlar:

Molik ibn Anasdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning ichingizda ikki narsani tashlab ketmoqdaman. Modomiki, sizlar u ikki narsani mahkam tutar ekansiz, hargiz adashmaysiz. Ular: Allohning kitobi va Rasulning sunnatidir”, deb marhamat qildilar” (Muvattoda mursal holda rivoyat qilingan).[2]

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalarini yaxshi anglagan sahobalar U zotning soʻzlarini bor kuch-gʻayratlari bilan oʻrganishga, biror soʻzlarini nazardan qochirmaslikka harakat qilganlar. Baʼzan, bir dona hadisni deb uzoq va mashaqqatli safarlarga chiqishga jazm qilganlar.

Hadis oʻrganishga eʼtibor keyinchalik tobeinlarga, ulardan tabaʼa tobeinlar va shu tarzda keyingi avlodlarga oʻtib borgan. Hadis ilmining rivojlanishi sahobalar davridan bugungi kunimizgacha davom etib kelgan boʻlsa-da, olimlar avvalgi uch asrni bu borada alohida zikr qiladilar. Zero, oʻsha uch asr hadis ilmida alohida oʻrin tutadi.

Birinchi asr sahoba va katta tobeinlar asri boʻlib, unda hadislar maʼnosini oʻrganish, nima maqsadda aytilgani va ulardan qanday fiqhiy hukmlar chiqarish, hadislarni Qurʼon oyatlari bilan uygʻun holda ekanligiga eʼtibor berish asri edi.

Bu davrda hadis sanadlarini oʻrganish hali boshlanmagan edi. Chunki, bu asr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga juda yaqin davr boʻlgani va bu davr odamlari diyonat borasida bekamu-koʻst boʻlganliklari uchun ham hadislarning ishonchlisidan ishonchsizini ajaratishga ehtiyoj yoʻq va tabiiyki, buning uchun maʼlum bir qoidalarni ishlab chiqishga zarurat yoʻq edi. Bu davr sahobalar va katta tobeinlar davri edi.

Ikkinchi asrda esa hadislarning ishonchliligini tekshirish zarurati tugʻila boshladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan uzoqlashilgan sari insonlarning omonatdorligi ham oʻzgara boshladi. Bu davr insonlarining taqvosi ham sahoba va tobeinlarning taqvosi kabi emas edi.

Shuningdek, ikkinchi asrga kelib bir qancha botil qarashlarga ega firqalar chiqib, ular oʻzlarining daʼvolariga turli hadislardan dalil keltirishga harakat qilar edilar. Bu hol birinchi navbatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatlangan barcha hadislarni tekshirishni, ishonchli hadislarni ishonchsizidan ajratishni talab qilar edi. Bu esa sanad ilmi, roviylar va hadis ilmiga aloqador bir qancha boshqa yoʻnalishlarni paydo qildi.

Demak, bu davr hadis istilohlari va qoidalari paydo boʻlishi, hadislarni tekshiruvchi maktablar vujudga kelishi davri boʻldi. Abdulloh ibn Muborak, Molik ibn Anas, Sufyon as-Savriy, Sufyon ibn Uyayna, Yahyo ibn Said al-Qatton, Abdurrahmon ibn Mahdiy, Yahyo ibn Maʼin, Vakiʼ ibn Jarroh, Amr ibn Ali Fallos, Ali ibn Madiniy va bu fanning asoslarini ishlab chiqqan boshqa olimlar ikkinchi asrga mansubdirlar.

Uchinchi asr esa asosan avvalgi asrda ishlab chiqilgan qoidalar va usullar asosida hadislarni yigʻish, ishonchsizini ajratish, sanadi va matnini toʻliq tekshirish, saralash va maʼlum bir yoʻnalishlar asosida kitoblarga jamlash asri boʻldi.

Bu borada bir qancha olimlar maydonga chiqib, asarlar yozdilar va ayrimlari boshqalardan oʻzib ketdi. Ularga Abu Bakr ibn Abu Shayba, Humaydiy, Aburrazzoq, Imom Muslim va boshqalarni misol qilish mumkin. Lekin bu asrda yuqoridagi ishlarni amalga oshirishda biror bir muhaddis Muhammad ibn Ismoil Buxoriy darajasiga yeta olmadi. Hadis ilmining barcha jabhasida uning tengsiz ekanligini barcha olimlar eʼtirof qilar edilar. Ayniqsa, bu eʼtirofni Imom Buxoriyning ustozlarining oʻzlari aytishlari tengdoshlari va shogirdlarining maqtovlaridan behojat qiladi.

Imom Buxoriy hadislarni tekshirish qoidalarini mohirona tatbiq qilib, ishonchli toʻplam yozishi u zotni yana ham mashhur boʻlishiga va “Amirul muʼminin fil hadis” (Hadis borasida moʻminlar amiri) deb tan olinishiga sabab boʻldi. Olimlar uning asarini osmon va yer orasidagi Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli kitob ekaniga guvohlik berdilar.

Imom Buxoriyning asari eng ishonchli sahih toʻplam deya eʼtirof etilishi hadis bilan shugʻullangan barcha olimlarning eʼtiborini oʻziga tortgan. Unga turli yoʻnalishlarda sharhlar, izohlar, roviylari haqida maʼlumotlar va boshqa 30 ga yaqin yoʻnalishda kitoblar bitganlar.

Xususan, 8 hijriy asrda yashab ijod qilgan, “Hadis ilmida moʻminlar amiri” laqabini olgan olim Ibn Hajar Asqaloniy “Sahihul Buxoriy”ga 25 jildlik sharh yozadi va asarning muqaddimasida Imom Buxoriyning asariga 28 xil yoʻnalishda kitoblar yozilganini aytadi. Sharhlarining oʻzi 100 tadan oshishi va bugungi kunda ham sharh yozishlar hali ham davom etayotgani fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Asar hadis ilmi borasida shoh asar boʻlgani uchun ham dunyodagi barcha islom taʼlim muassasalarida darslik sifatida talabalarga oʻqitiladi.

Respublikamizda Imom Buxoriyning ilmiy va maʼnaviy merosini oʻrganuvchi asosiy oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom intitutida ham uchinchi va toʻrtinchi bosqich talabalariga “Sahihul Buxoriy” asari arab tilida toʻliq darslik sifatida oʻtiladi.

Mazkur institutda “Sahihul Buxoriy” darslik sifatida tanlanishining bir qancha asoslari bor. Ular:

  • “Sahihul Buxoriy” kitobi hadislar jamlangan eng ishonchli kitob va birinchi manbadir. Demak, hadis fanidan shu asarni darslik sifatida foydalanish maqsadga muvofiqdir. Zero, har qanday fanda ham talabalarga maʼlumotlar eng ishonchli manba asosida berilishi lozim.
  • Muallif ajdodimiz boʻlganligi. Ajdodlarimiz merosini oʻrganish biz uchun ham farz, ham qarzdir.
  • Hadis ilmida shoh asar boʻlganligi sababidan dunyodagi nufuzli diniy taʼlim muassasalarida ham aynan “Sahihul Buxoriy” darslik sifatida foydalaniladi.
  • Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ajdodlarimiz asarlarini chuqur oʻrganish, yosh avlodni ularning boy meroslari asosida tarbiyalash kerak ekanligini bir necha bor soha mutaxassislariga aytib oʻtgan.

Asarni darslik sifatida eʼtibordan qochirmaslik kerak boʻlgan yana bir muhim jihat bor. Maʼlumki, asar maʼlum bir mazhab asosida yozilmagan. Balki u yerdagi hadislar Imom Buxoriyning hadislarni asarga kirgizish borasidagi shartlari, shuningdek, hadis olimlari yaratgan ishonchlilik shartlariga muvofiq boʻlgan hadislardir. Bu esa asardagi barcha hadislar aynan biror mazhabga toʻla muvofiq kelmasligiga sabab boʻlgan.

Bundan tashqari, asar sarlavhalarning murakkabligi va Imom Buxoriyning hadislardan hukm olishdagi shaxsiy qarashlarini ifodalashi asarga ehtiyotkorlik bilan yondashish zaruratini tugʻdiradi.

Bizning yurt musulmonlari qadimdan hanafiy mazhabi asosida turmush kechirishi, fatvolar ham shu mazhab asosida berilgani va diniy taʼlim muassasalarida doim diniy darslar hanafiy mazhabi kitoblari asosida berilgani “Sahihul Buxoriy”ni ham hanafiy mazhabi asosida sharhlab oʻqitishni talab qiladi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti diniy xodimlarga qoʻyilayotgan zamonaviy talablardan kelib chiqib, diniy va dunyoviy fanlarni chuqur oʻzlashtirgan, sof islom maʼrifatini xalqqa yetkazadigan, moʻtadil mazhab boʻlmish hanafiy mazhabining dalillarini aqliy dalillar bilan birga, Qurʼon va hadislar asosida tushuntirib beradigan, mafkuraviy xurujlarga qarshi tura oladigan, turli oqimlarning yot gʻoyalariga raddiya bera oladigan mutaxassislarni tayyorlashni oʻz oldiga bosh maqsad qilib qoʻygan.

Institut asrlar davomida yurtimizda shakllangan anʼanaviy hanafiy mazhabi va moturidiya taʼlimotiga muvofiq hamda xorijiy yetakchi diniy oliy oʻquv yurtlari tajribasini eʼtiborga olgan holda, soʻnggi yillarda oʻquv dasturlari yanada rivojlantirib bormoqda.

Toshkent islom institutida “Sahihul Buxoriy” hanafiy mazhabi asosida va ayni vaqtda toʻliq shaklda darslik sifatida oʻtilishining bir qancha ahamiyatli jihatlari bor:

  1. Asardagi bir qancha hadislar hanafiy mazhabida ham dalil sifatida keltiriladi. Hadislarni hanafiy mazhabiga qay yoʻsinda dalil ekanligi talabalarga bayon qilib beriladi.
  2. Talabalar asardagi hadislar, ularning “tarjimatul bob”lari, yaʼni hadis sarlavhalarini anglashda qiyinchiliklarga uchraydilar. Zero, “Sahihul Buxoriy” asari talabalar foydalashishi jihatidan boshqa asarlarga nisbatan mushkulroq ekanligini koʻplab hadis olimlari eʼtirof qilgan.
  3. Imom Buxoriyni olimlar “mujtahid” boʻlgan deydilar. Buni hadislarning sarlavhasi keltirilishida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Tabiiyki, asarda bir qancha masalalarda hanafiy mazhabiga mos boʻlmagan hadis sarlavhalari keltirilgan. Talabalarga ana shu sarlavhalarda Imom Buxoriy nima demoqchiligi va hanafiy mazhabida bu masala qanday ekanligi yoritib berilishi zarur.
  4. Shuningdek, oxirgi davrlarda mazhablarning birortasiga ergashmay, hadislardan toʻgʻridan–toʻgʻri oʻzlari hukm oladigan (“bemazhab”)lar koʻpaygani hech kimga sir emas. Ular oʻzlariga “hadis sahih boʻlsa boʻldi, shunga amal qilamiz” deb, ishonchli hadis toʻplamlari “Sahihul Buxoriy”, “Sahihi Muslim” kabi asarlardan toʻgʻridan-toʻgʻri hukm olmoqchi boʻladilar. Bu esa musulmonlar orasida bir qancha ixtiloflar va ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.

Talabalarda turli oqimlarning yot gʻoyalariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ularning asossiz iddaolariga raddiya bera olish malakasini hosil qilish uchun institut talabalari hadis fanidan “Sahihul Buxoriy”, “Sunani Termiziy” asarlarining arab tilidagi matnlarini toʻliq hanafiy mazhabi asosida sharhlab oʻrganadilar.

Agar asar toʻliq oʻqilmay, faqat saylanmasi oʻqilsa, yoki hadislar terib, faqat hanafiy mazhabiga dalil boʻlgan hadislargina oʻqitilsa, talabalar tasavvuri bir tomonlama boʻlib qolishi mumkin. Natijada hanafiy mazhabiga dalil boʻlmagan, balki zohiran qarshi boʻlgan hadislarga duch kelganda, toʻgʻri javob topa olmaslik, asosli raddiya berolmaslik holatlar vujudga kelishi mumkin.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, “Sahihul Buxoriy” oʻz yoʻnalishida tengsiz boʻlgan asardir. Muallif ajdodimiz ekanligi bizga iftixor bagʻishlaydi. Shuning uchun asarni oʻrganish, undagi hadislarni yosh avlodga mazhabimizga muvofiq tarzda sharhlab oʻrgatishimiz, kishilarning maʼnaviyatini bu bilan sugʻorishimiz, asarni notoʻgʻri talqin qilayotganlarga asosli raddiya bera olishimiz va ayni vaqtda Imom Buxoriyning mazkur asarini oʻrganayotganlar ichida barchaga namuna boʻlishimiz ham Parvardigor va ham xalq oldidagi majburiyatimizdir.

[1] Nahl surasi, 44-oyat.
[2] Xatib Tabriziy. Mishkotul masobeh. – Bayrut. Dorul fikr, 1991. B. 100.
Uygʻun GʻAFUROV
Toshkent islom instituti rektori,
 Faxriddin MAMANOSIROV
Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta oʻqituvchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …