Home / MAQOLALAR / Gʻaflatda qolmang! Taqdirlar belgilanadigan kecha – Laylatul qadr kechasi

Gʻaflatda qolmang! Taqdirlar belgilanadigan kecha – Laylatul qadr kechasi

Laylatul Qadr qanday kecha? Laylatul Qadr – “belgilash kechasi”, yaʼni yil davomida qilinadigan turli amallar, topiladigan rizq, bir soʻz bilan aytganda taqdirlar belgilanadigan kechadir.

Bu kecha “… ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).

1000 oy – 83 yilga teng.

83 yil – 30295 kunga teng.

 Laylatul Qadr kechasi qachon boʻladi? Abul Oliya roziyallohu anhu aytadilar: “Bir aʼrobiy Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon boʻladi?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng soʻnggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi oʻn kunligidan qidiringlar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham koʻp boʻladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

 Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham boʻlmagan kecha. Uning tongida quyosh qizgʻish, zaif boʻlib chiqadi”, dedilar (Ibn Xuzayma rivoyati).

Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar yerga tushib, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qurʼoni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyat).

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday oʻtkazar edilar? Oysha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi oʻn kunligi kelsa, kechalari uxlamasdilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uygʻotar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).

 Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?

  1. Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan oʻqing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xufton namozini jamoat bilan oʻqisa, goʻyo kechaning yarmini bedor oʻtkazibdi. Kim bamdod namozini jamoat ila ado qilsa, goʻyo kechaning barchasida namoz oʻqibdi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
  2. Duo qiling. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq boʻlsam nima deb duo qilay?” deb soʻradilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni oʻqishni aytdilar:

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

“Allohumma innaka aʼfuvvun kariymun tuhibbul aʼfva faʼfu aʼnniy”

“Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi koʻrasan. Gunohlarimni kechirgin” (Imom Termiziy rivoyati).

Muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat, xayru ehson va boshqa yaxshi amallar bilan oʻtkazish lozim.

 Bu kecha gunohlar magʻfirat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor oʻtkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari magʻfirat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)

Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan roʻzalarimizni, kechalari qoim boʻlib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qurʼonlarimizni Oʻzining lutfu karami ila qabul qilsin. Oʻzi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni magʻfirat qiluvchi Zotdir.

Davron NURMUHAMMAD
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …