Ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan allomalarning maʼlum guruhi Turkiston zaminida yetishib chiqqanligi bizga gʻurur va kuch beradi. Buning zamirida ilm-maʼrifat, tarbiya maskani boʻlmish maktab va madrasalar katta oʻrin tutgani barchamizga ayon. Azaldan jaholatga qarshi qurol maʼrifat ekanligini anglagan Turkiston ilm peshvolari taʼlim tizimini isloh etib, bolalarni zamona ilmidan bahramand qilish uchun kuch va gʻayratini ayamagan. Turkiston maʼrifatparvarlari oʻtmishda ham hozirda keng qoʻllanilayotgan Oʻzbekiston porloq kelajagi uchun: “Farzandlarimiz bizdan koʻra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli boʻlishlari shart!” [1: 13] – degan gʻoyaga amal qilganliklarini kuzatamiz.
XX asr boshlarida ona zaminimizda voyaga yetgan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulhamid Choʻlpon, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abduqodir Shakuriy, Abdullo Avloniy, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Obidjon Mahmudov, Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi maʼrifatparvarlar maorif tizimidagi muammolarni oldindan tushunib sohani qayta isloh qilgan holda, jamiyat ravnaqi va kelajagi yoʻlida olgʻa qadam tashlash lozimligini anglagan. Hozirda ularning ilmiy ijodlariga oid risolalar tarixiy dalil va arxiv hujjatlari asosida qayta tahlil qilinib, nashr etilmoqda.
Oʻtmishda xalq maorif tizimida amalga oshirilgan ishlar, oʻtkazilgan islohotlar, qoʻlga kiritilgan yutuq va kamchiliklarning tahlili bir qator olimlarlar[1] ilmiy tadqiqotlarida oʻrganilgan. Ular oʻz asarlarida Turkistondagi musulmon maktablari va taʼlim berish uslublari, boshlangʻich taʼlim tizimidagi ahvol, Turkiston hayotidagi konfessional-diniy maktablarning jamiyatdagi oʻrni, darslarning olib borilishi, Turkiston madaniy hayoti tarixida islom madrasalarining Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib tashkil topganligi va shu kabi muammo va yechimlarni yoritib bergan. Ammo ushbu maqolani XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab, ilm-fan yutuqlari va kamchiliklarini kuzatgan adiblarimiz munosabatlari misolida yoritmoqchimiz.
Imperiya hukumatining Turkiston oʻlkasida olib borgan mustamlaka siyosati maorif tizimida ham kuzatiladi. Xalq intellektual salohiyatini jilovlash uchun maktab, madrasa va qorixonalar qattiq nazorat ostiga olingan. Misol: “Turkistonda ezilgan xalqlar bor. Ezilgan sinflar bor, ezguvchi xalqlar, ezguvchi sinflar bor. Siyosatni olib borgʻanda ezguvchilar bilan ezilguvchilarni ayrib olib bormoq kerak…”[2: 202] – deb Abdulhamid Choʻlpon oʻsha davrning siyosiy yuzini koʻrsatib oʻtgan. Mahalliy bolalar siyosiy jihatdan kelajakda xavf solishini anglagan hukumat vakillari ularni rusiyzabon bolalar bilan birgalikda tarbiyalab intellektual qobiliyat va tartiblarini nazorat ostiga olgan. Shu tariqa XIX asr oxiri Turkiston oʻlkasida: “aholining umumiy soni – 3.792.774, maktablar soni – 6.027, oʻquvchilar soni – 64015, aholining umumiy soniga nisbatan oʻquvchilar – 1,7 foizni tashkil etgan holda aholining savodxonligi – 19,55 foiz boʻlgan[3: 232]. Oktyabr inqilobigacha Turkiston oʻlkasida 70000 oʻquvchisi bilan 6600 ta maktab va 9000 talabasi bilan 311 ta madrasa faoliyat yuritgan[ 4: 2].
Tarixiy manbalardan maʼlumki, ilgari mahalliy xalq Turkistonda fors va turkiy-oʻzbek tillardan keng foydalanishgan. Maktablarda fors, arab va turkiy-oʻzbek tili asosiy oʻqish tili boʻlgan. Ammo ruslar oʻlkani oʻz hukumronliklari ostiga olishlari natijasida barcha savdo, sanoat va davlat ishlari rus tilida yuritila boshlangan. Rus tilini biladigan kishilar kamligi bu sohadagi mutaxassislarni Turkiston mahalliy xalqi orasida yetishmasligiga olib kelgan. Shuningdek, maorif tizimi sohasida ham bu holat kuzatila boshlangan. Vaziyatni toʻgʻri baholagan jadidchilik harakatining rahnamosi Mahmudxoʻja Behbudiy: “Har bir taraqqiyparvar bilsunki, bizni sababi takomili hayoti ijtimoiyamiz usuli jadida maktablari ruscha oʻqimoq va hukumat maktablarigʻa bola bermoq va madrasadagi usuli tadrisni Misr madrasalaridek va Hijoz jomeʼlaridek isloh qilmoq ila boʻlur…” [5: 374] – deb zamona ilm-fanidan xabardor boʻlishga chaqirgan.
XX asr boshlarida siyosiy va harbiy sohani bolsheviklar egallab olgach dinga qarshi kurashni kuchaytirgan. Maorif sohasida hukumatning olib borgan bu qatʼiy nazorat va cheklov siyosati maʼrifatparvarlarning noroziliklarga sabab boʻlgan. Misol uchun, Abdulhamid Choʻlpon Xoʻjandda Narkompros tomonidan belgilangan sakkiz maktab oʻrnida oʻn toʻrt maktab ochilgani uchun qattiq hayfsan olgan holatni nazarga tutib quyidagi sherini [6: 150] bitgan:
Ogʻir turmush, oiladagi moliyaviy yetishmovchilik, qatʼiy tartib va nazorat yoshlarni maorifdan yiroqlashishini taʼminlagan. Bu jarayonlarni kuzatib, achinish bilan tilga olgan jadidchilik harakatining atoqli rahnamosi Mahmudxoʻja Behbudiy: “Har kimgʻa maʼlumki, bizni Turkiston musulmonlarini yuzin 99 i butun ilmsizdir” [5: 367] – deb yozgan. Mahmudxoʻja Behbudiy ilmsizlikning qishloq va sahrolardagi ahvoli bundanda achinarli boʻlganligini alohida taʼkidlab, xotin qizlar haqida: “Vale bu kun Turkiston muslimalarini yuzidan birini zaruriyoti diniyani bilishi maʼlum yoʻq” [5: 368] – deb taʼkidlagan.
Abdulhamid Choʻlpon yosh bolalarni kelajak mevasi bilib, bizdan soʻng qilolmagan ishimizni amalga oshiradigan shular deb quyidagi sherini [6: 67] yozgan:
Jadid rahnamolari mavjud zamona holatini achinish bilan tilga olib, bu illatlarning oldini olish uchun matbuot va teatr tamosholari asnosida xalq dunyoqarashini oʻzgartirishga qatʼiy bel bogʻlaganlar. Abdulla Avloniy: “Emdi ochiq maʼlum boʻldiki, tarbiyani tugʻulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi goʻzallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi” [7: 4] – deb zamona taʼlim-tarbiyasini isloh etish zaruriyatini taʼkidlagan. Ammo oʻz zamonasining oʻquvsiz – ona; toʻychi, dumburachi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni koʻzlari qiymagan – ota; maqsadi pul, maslagi shuhrat – muallim; maqsadlari chopon, darslari beimtihon – mudarrislarni tanqid ostiga olgan.
1917 yil mahalliy musulmon xalqi uchun Turkiston oʻlkasida 3 xil tipdagi taʼlim muassasalari:1. Konfessional – eski maktab, madrasa va qorixona; 2. Jadid maktablari – konfessional va dunyoviy taʼlim oʻrtasidagi maktablar; 3. Dunyoviy – rus-tuzem maktablari [8: 4] mavjud boʻlgan. 1918 yilga kelib podsho hukumati davrida faoliyat olib borgan taʼlim muassasalari (gimnaziyalar, maktab-uchilishlar, rus maktablari, oʻqituvchilar seminariyalari va jadid maktablari)ni tugatib barcha jihoz, oʻquv qoʻllanmalari va xodimlar bilan birga mahalliy xalq taʼlimi boʻlimlari tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisida qonun qabul qilinadi. Ammo bu jarayon uzoqqa choʻzilmaydi, chunki 1918-1921 yillarda barpo etilgan Sovet maktablari tarmogʻi Yangi iqtisodiy siyosat davomida parchalana boshlangan. Bu hol konfessional taʼlim tizimining rivojlanishiga olib keladi. Natijada: “1924 yil Turkistondagi konfessional taʼlim muassasalari soni 2403 ga yetdi”[8: 17]. Shuni ham nazarga tutish lozimki, Sovet hukumati bunday maktablarning koʻpayishiga doimo qarshi boʻlgan. Siyosiy va iqtisodiy vaziyatning murakkabligi qarshiliklarning soʻnishiga xizmat qilgan.
Quyidagi jadval asosida Turkistonda joylashgan 1908 yil faoliyat koʻrsatgan maktab va madrasalar [9: 37] hamda 1924 yilda mavjud diniy maktablarning roʻyxatini [8: 18] taqqoslashimiz mumkin:
Ayrim chekka dehqonchilik va hunarmandchilik bilan band qishloq hududlarida maktab taʼlimi qish fasli davomida faoliyat yuritgan. Sababi aholi bahor va kuz oylari ekin ekish va yigʻishtirish bilan shugʻullangan. Misol, Choʻlpon Xoʻjaobod qishloq maktabi toʻgʻrisida: “…Bitta maktab ham bor dedilar. Lekin uning oʻzidan koʻproq “oti” bor, shekillik… Koʻklamdan tortib to kuzgacha maktab taʼtil ekan, dehqonlar bolalarini faqat qishdagʻina oʻqita olurlar ekan”,[2: 246] deb yozib qoldirgan. Bu maʼlumotni garchi butun oʻlka chekka maktablariga nisbatan qoʻllamasakda, ammo bu achinarli hol edi. Bunga sabab Turkiston qishloq hududlarida sanoati qoloq rivojlangan, asosan agrar mamlakat boʻlib qolganida. Ustiga-ustak, dehqonlar mavsumiy ekin ekish va yigʻishtirishni asosan qoʻl mehnatida amalga oshirib, koʻp vaqt va jismoniy mehnat sarflashgan.
Bu davrning eng dolzarb muammolaridan yana biri oʻquv jihozlarining yetishmasligi boʻlgan. Maktab taʼlimini kitobsiz tasavvur etib boʻlmasligi barchaga ayon. Tadqiqot davomida XX asr boshlarida darslik va adabiyotlar masalasi hali yetarlicha hal etilmagani kuzatildi. Misol, Choʻlpon “Fargʻona” gazetasining 1924 yil 3 may – 169 sonida: “Hozirgi zamonda bizga eng keraklik kitoblar: boshlab maktab kitoblari (darsliklar)dur. Xalqimizga bilimga ragʻbat ortib, yangi maktablar koʻpaygani sari maktab kitoblariga juda zoʻr ehtiyoj seziladur. U ehtiyojni daf qilish yoʻlida bizning Turkiston davlat nashriyoti (hozirgi: Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti!), gapning toʻgʻrisi, juda oz ishladi. Xunuk va yanglish bosilishda bir-biri bilan poyga quyushaturgʻan bir necha darsliklar dardimizga hech shifo boʻlolmaydur.” [2: 260] – deb kitob va darsliklarga boʻlgan ehtiyojni qondirish zaruriyati taʼkidlagan. Shuningdek, qaysi kitob va adabiyotlarni nashr qilish oʻta zarur va lozimligi haqida tavsiya ham bergan.
1930 yillar boshlarida esa diniy soha xodimlariga nisbatan repressiya (kuch bilan bostirish) va Sibirga surgun qilish avj olgan. Maktab va madrasalar yoppasiga yopila boshlangan. Jamiyat ilm-fan rivojiga nisbatan taqiq va zoʻravonliklar aholi intellektual salohiyatining pasaytirilishiga ham qaratilgani shubhasiz.
Xulosa oʻrnida eʼtirof etish lozimki, oʻtmishda dunyo ilm-fan taraqqiyotiga taʼsir qilgan ona Vatanimiz maorif tizimi XX asr boshlarida sunʼiy tarzda tamomila susaytirilgan. Ammo, Turkiston oʻlkasida xalq taʼlimi doimo jamiyat ilm ahli diqqat markazida boʻlgan. Holat qanchalik ogʻir sharoitda boʻlishiga qaramay imkoniyatga ega yoshlar bilim olishga intilgan. Maʼrifatparvarlar barchani maktablarda fors, arab va turkiy-oʻzbek tillarida tahsil olish bilan birga xorij tillarini xususan, rus tilini ham oʻrganib zamona siyosiy va madaniy hayotidan xabardor boʻlishga chaqirganlar. Xalqning ilmiy salohiyatini oshirmay jamiyatning illatini bartaraf etolmasliklarini shuningdek, oʻsha davrda oʻta qaltis boʻlsada mustaqil davlat tuza olmasliklarni bilishgan.
-
Shavkat Mirziyoyev. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – T.: Oʻzbekiston, 2016.
-
Choʻlpon, Abdulhamid. Asarlar. 4 jildlik J. 4/A. Choʻlpon;. – T.: Akademnashr, 2016.
-
Vatan tarixi (XII-XX asr boshlari). K.2. /Mualliflar: R. Shamsuddinov, Sh. Karimov, Oʻ. Ubaydullayev; masʼul muharrirlar: Oʻ. Mavlonov, Q. Usmonov. Taqrizchilar I. Alimov va boshq. – T.: Sharq, 2010.
-
wikipedia.org/wiki/Medrese_Sredney_Azii.
-
Behbudiy, Mahmudxoʻja. Tanlangan asarlar. J.1. – T.: Akademnashr, 2018.
-
Choʻlpon, Abdulhamid. Asarlar. 4 jildlik J. 1/ Choʻlpon – qayta nashr; . – T.: Akademnashr, 2016.
-
Abdulla Avloniy. Turkiy Guliston yoxud axloq. www.ziyouz.com kutubxonasi.
-
Konfessionalnaya (islamskaya) shkola v Uzbekistane (1917-1929) /Shigabdinov, R. /Uzbekistan.( shkola v uzbekistane (1917-1929) www.ayk.gov.tr › wp-content › uploads.
-
Imom Buxoriy saboqlari maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnal. –T.: 2020 yil 3 son.