Buyuk alloma va muhaddislar yurti boʻlgan jannatmakon vatanimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar kabi diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Dunyo ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz hayoti va maʼnaviy merosini oʻrganish, islom dinining mazmun-mohiyatini teran anglash, maʼrifiy islom asosida “Jaholatga qarshi — maʼrifat” shiori bilan harakat qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, buyuk allomalarimiz nomi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir arab oliy madrasasi, Termizda islom taʼlim muassasalarining tashkil etilishi buyuk ajdodlar merosini oʻrganishda muhim amaliy qadam boʻldi. Bu maʼrifat maskanlari va ularning faoliyat samaradorligi nafaqat yurtimiz, balki dunyo ekspertlari tomonidan ham munosib eʼtirof etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yili Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligini taʼkidlab: “Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib boʻlishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsa ham, qulay sharoit boʻlishi zarur”, — degan edi.
Oʻtgan vaqt mobaynida majmuaning butunlay yangi loyihasi yaratildi. Prezidentimiz huzurida bir necha bor taqdimot qilinib, u kishining koʻrsatmalari asosida takomillashtirildi. Goʻzal niyatning natijasi oʻlaroq davlatimiz rahbari muborak Ramazon kunlaridagi navbatdagi tashrifida Imom Buxoriy majmuasida yangi loyiha asosida bunyodkorlik ishlari boshlanganligiga eʼtibor qaratib, “Ramazon oyi — ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli boʻladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch”, deya taʼkidlab oʻtdi.
Darhaqiqat, Ramazon oyi baraka va mehr-saxovat oyi. Bu oyda qilingan ishlarning ajr-mukofoti boshqa oylardan koʻra koʻpaytirib beriladigan fursat hisoblanadi. Yaxshi niyatlar bilan boshlangan bu katta inshoot buyuk muhaddisning musulmon olamida tutgan hurmat-eʼtiboriga xos ulugʻ ish boʻladi. Butun dunyo ahli Imom Buxoriyning yurti boʻlgan Oʻzbekistonga oshiqadi, bu makonga kelib, muhaddislar yurtini ziyorat etishni doim oʻziga maqsad qiladi.
Xalqaro konferensiyalarning birida xorijlik olimlardan biri: “Imom Buxoriy maʼrifati oldida butun dunyo ahli birga harakat qilsa ham, bu buyuk muhaddisning hadis ilmi borasida qilgan xizmatini oqlay olmaydi”, degan edi. Buyuk muhaddisga berilgan ushbu taʼrifdan uning abadiy qoʻnim topgan maskanini obod etish, majmuaning xalqaro andozalarga mos meʼmorchiligini, uning jozibadorligini oshirib, dunyo ahliga tarannum etishda muhim ishga qoʻl urildi. Bu xayrli tashabbusning ayni ulugʻ kunlarda boshlanishida ham ramziy maʼno bor. Zero, koʻplab allomalarimiz asarlarining tasnif etilishi, uni oxiriga yetkazishlari Ramazon oyida amalga oshirilgani yoki ular doim roʻza holda boʻlgani taʼkidlanadi.
Majmuadagi yangi loyiha boʻyicha qurilish ishlarining shu muborak kunlarda boshlanishi ham ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan rioya etib kelingan qoidaga muvofiq keladi. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Ramazon oyining olijanob gʻoyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni roʻyobga chiqarishda mustahkam zamin boʻladi”.
Majmuada boshlangan bu xayrli ishlarning bardavom boʻlishini soʻrab nuroniy oqsoqollarimiz duo qildilar. Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrif buyurganining asosiy sababi – bu makonda ulugʻ muhaddis Imom Buxoriyning xotirasi borligini quyidagicha taʼkidladi: “Prezident nega aynan Samarqandga keldi, dersiz. Biz shu ulugʻ ayyom kunlarida Samarqand uchun rejalar tuzamiz. Bu yerda ulugʻ bobomiz Imom Buxoriy xotirasi bor. 600 ming hadisni piyoda yurib toʻplagan. Uning merosini butun musulmon dunyosiga tarannum etsak arziydi. Bobomizga munosib maqbaralar, masjidlar qurishni boshlaganmiz. Bu yerga kelgan moʻmin-musulmonlarga sharoit yaratsak, ular ham buyuk tarixli davlat ekanimizga, shu tarixni elga, ayniqsa, yoshlarga yetkazishni istayotganimizga guvoh boʻladi. Oʻzimizga ham bu ishlarimiz insof, diyonat, shukronalik hissiyotlarini beradi”.
Darhaqiqat, bu ishlar ulugʻvor maqsadlarni koʻzlab amalga oshirilmoqda. Hayoti davomida olti yuz ming hadis toʻplab, umrining qirq yilini ilm safarida oʻtkazgan muhaddis oʻzining shoh asari “Sahih al-Buxoriy”dagi birinchi hadisda “Albatta amallar uning niyatiga qarab boʻladi” deb taʼkidlagan. Bugun davlatimiz rahbarining niyatlari chiroyli, albatta, bu ezgu niyatlarning natijasi ham bundan-da goʻzal boʻladi. Bu butun yurtimiz ahlining buyuk ajdodlari oldidagi vorislik burchi hisoblanadi. Shuningdek, millatimiz gʻurur-iftixori boʻlgan bu buyuk muhaddisga haqiqiy ehtirom namunasi boʻlib xizmat qiladi. Albatta, bu majmuaning qurilishi dunyo ahlini hayratga soladi, Amir Temur davridagi muhtasham binolar kabi tarixda qoladi.