Aksariyat buyuk ajdodlarimiz yozma manbalarda ulugʻvor nomlar bilan sharaflangan. Masalan, Abu Nasr Forobiy “ikkinchi muallim”, Mahmud Zamaxshariy “Allohning qoʻshnisi”, Imom Moturidiy “barcha musulmonlar eʼtiqodini tuzatuvchi”, Abu Muin Nasafiy “haqiqat qilichi”… Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Shuningdek, Imom Buxoriy ham islom olamida “muhaddislar imomi”, “hadis ilmining sultoni” kabi bir qator sharafli nomlar bilan mashhur boʻlgan.
Uning eng ishonchli hadislar jamlangan “Jome us-sahih” asari islom olamida muqaddas Qurʼoni karimdan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi manba sifatida eʼtirof etiladi. Imom Buxoriy oʻz oldiga qoʻygan ushbu masʼuliyatli vazifani amalga oshirish uchun oʻsha davrdagi Balx, Basra, Bagʻdod, Misr, Madina, Makka kabi ilmiy-maʼnaviy markazlarga safar qilgan. Imom Buxoriyning qisqa muddat ichida bunday ulkan geografik hududni piyoda kezib, ilm oʻrganishi, jumladan, olti yuz mingta hadisni yod olishini baayni moʻjiza deb baholash mumkin.
Bugungi kunda hadislar ustida ilmiy izlanish olib borayotgan har bir tadqiqotchi Imom Buxoriyning nomi yuqorida zikr etilgan asariga murojaat qiladi. Muhaddisning hayoti va ilmiy faoliyatini tadqiq qilgan olimlar inson qisqa umri davomida bu qadar salmoqli ishlarni amalga oshirishi uchun ulkan isteʼdod talab etilishini taʼkidlaydi.
Shu bilan bir qatorda, mana shunday buyuk alloma hayotda oddiy inson, sertavoze va goʻzal axloqqa ega boʻlgani diqqatga sazovor. Imom Buxoriy biror hadisda kamchilik yoki illat mavjud ekanini koʻrsa, uni darrov tanqid qilmas, aksincha, “bu xususda avval oʻtganlar hech narsa demaganlar”, “bu haqda boshqa mulohaza ham mavjud”, degan kamtarona, yumshoq hamda samimiy iboralarni qoʻllash bilan kifoyalangan. Kamdan-kam hollarda uning eng qattiq ayblovi “munkir-ul hadis” (“hadisi inkor qilingan”) degan tanqiddan iborat boʻlgan. Keyinchalik ushbu ibora hadis ilmida maxsus qoidaga aylangan. Natijada Imom Buxoriy biror roviy haqida “munkir ul-hadis” iborasini ishlatgan boʻlsa, undan hadis rivoyat qilinmagan.
Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Imom Buxoriy siymosini oʻrganish va targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muhaddis dafn etilgan maqbara hududida ushbu maqsadga xizmat qiladigan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi oliy maktabi faoliyat olib bormoqda. Muborak ramazon oyining ilk kunlarida davlatimiz rahbarining mazkur majmuaga tashrifini ham buyuk ajdodimizga koʻrsatilayotgan ehtiromning mantiqiy davomi deb baholash oʻrinli.
Ayni vaqtda majmuada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari muhaddisning nomi va saviyasiga munosib boʻlish bilan bir qatorda, zamon talablariga monand tarzda ham amalga oshirilmoqda. Xalqimiz azaldan xayrli ishlar barakali boʻlishi uchun ularni ulugʻ kunlar bilan bogʻlagan. Mohi ramazon mehr-muhabbat, savob va ezgu amallar qilish vaqtidir. Imom Buxoriyning Buxorodan Samarqandga tashrif buyurishi ham ramazon va undan oldingi shaʼbon oyiga toʻgʻri kelgan.
Shu oʻrinda “bugungi kunda ajdodlarimiz merosiga alohida eʼtibor qaratilayotganining sababi nima?” degan haqli savol tugʻiladi. Buning sababi sifatida uchta omilni keltirish mumkin:
birinchidan, Uchinchi Renessans ostonasida turgan mamlakatimiz tarixda ikkita olamshumul tamaddunni boshdan kechirgan. Ularning yuzaga kelishida mutafakkir allomalarimizning oʻrni va roli, ilmiy faoliyati muhim oʻrin tutgan. Bir soʻz bilan aytganda, ular sivilizatsiyaga — umumtaraqqiyotga ilm-fan orqali erishgan. Bu esa har qanday rivojlanish negizida ilm yotishini koʻrsatadi. Ajdodlarimiz merosini oʻrganish orqali yuksak taraqqiyotga erishishda ilmning ahamiyati qanchalik muhim ekanini tahlil qilish imkoni tugʻiladi.
Ikkinchidan, globallashuv jarayonida oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning eng samarali usullaridan biri asrlar osha anʼanaga aylangan tarbiyaviy qadriyatlarimizda namoyon boʻladi. Bir vaqtlar dunyo ilm-fani beshigini tebratgan ajdodlarimizdan oʻrganishimiz kerak boʻlgan jihatlar bir talay.
Uchinchidan, ular bizning ajdodlarimiz, biz esa ularning avlodlari hamda davomchilarimiz. Bugungi kunda Imom Buxoriy merosi nafaqat islom olamida, balki Gʻarbda ham keng oʻrganilmoqda. Uning nomidagi maktablar, madrasalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, stipendiya va ilmiy grantlar taʼsis etilgan. Jumladan, Angliyaning Oksford universiteti Islomshunoslik tadqiqot institutida Imom Buxoriy nomidagi stipendiya joriy qilingan. Arab mamlakatlarida, Afrika qitʼasidagi davlatlarda Buxoriy nomi bilan ataladigan mavzelar mavjud. Bu yerlardan yetishib chiqqan olimlar oʻzlariga Buxoriy nisbasini olishni sharaf deb biladi. Shuning sababidan ismlari oxiriga faxr bilan “Buxoriy” soʻzini qoʻshib aytadi.
Ammo taʼkidlash lozimki, dunyo eʼtirof etgan, turli millatlar ergashadigan, ibrat oladigan allomalarimizning ishlarini davom ettirishga hammadan koʻra, biz haqliroqmiz.
Qurilishi boshlangan mahobatli bu inshootning ilmiy, amaliy, hayotiy mohiyatini ayni shu ishlarning uzviy davomi sifatida qabul qilish oʻrinli boʻladi. Haqiqatan, inshoot Prezidentimiz taʼkidlaganidek, zamonaviy, shu bilan birga, buyuk ajdodimiz nomiga munosib ulugʻvor boʻladi. Bu esa yosh avlod uchun ibrat namunasi, qolaversa, ichki va ziyorat turizmining rivojlanishiga, allomalarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosida aks etgan olamshumul kashfiyotlarni xalqaro maydonda targʻib qilishga imkon yaratadi.