Home / YANGILIKLAR / ULUGʻ ZOTGA MUNOSIB MASKAN

ULUGʻ ZOTGA MUNOSIB MASKAN

Ilm-fan — inson kamolotiga poydevor. Maʼrifat va maʼnaviyat esa barkamollik ustunlaridir. Zero, qadim Sharqda taʼlim va tarbiya hech vaqt ayro yoki biri ikkinchisidan ustun baholanmagan. Bu esa dunyo tamadduniga tamal toshlarini qoʻygan Imom Buxoriy, Xorazmiy, Imom Nasafiy, Fargʻoniy kabi ne-ne dovrugʻi dunyoga doston ulugʻ qomusiy allomalarning bebaho merosida ham namoyon.

Ulugʻ ajdodlarning donishmandlik anʼanalariga amal qilib, bugun mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Buni yangi Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalardagi tub islohotlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Davlatimiz rahbari tashabbusi va xalqimiz birdamligida qabul qilingan “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi” asosidagi yangilanishlar tom maʼnoda xalqimiz hayotidagi farovonlikni, mamlakat taraqqiyotida boʻy-bastini koʻrsata boshladi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda barcha jabhalar qatori diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mintaqa, xalqaro hamjamiyatning ham munosib eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surilgan global va mintaqaviy tashabbuslar dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qoʻllab-quvvatlanyapti.

2017 yili 19 sentyabrda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev katta minbarda buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy nomini ilk bor tilga olib, shunday degan edi: “Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining koʻplab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan”.

Darhaqiqat, Imom Buxoriyning bashariyat uchun qoldirgan boy maʼnaviy-ilmiy merosi yuksak eʼtirofga loyiq. Shu maqsadda davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida alloma nomiga munosib mahobat kasb etadigan yodgorlik majmuasining qurilish ishlarini boshlab berdi. Shubhasiz, bu maskan yurtimiz, xususan, Samarqandning, qolaversa butun dunyoning eng goʻzal goʻshasi, mintaqaning Toj Mahali boʻlishiga ishonchimiz komil.

Bu, oʻz navbatida, ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, xususan, buyuk alloma va ulamolarimiz, ayniqsa, Imom Buxoriyning bebaho merosini keng koʻlamda ommalashtirish va targʻib qilish tendensiyasini yangi bosqichga olib chiqishda asosiy omil boʻladi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston tarixiy qadamjolari koʻpligi boʻyicha dunyodagi yetakchi oʻnta mamlakatdan biri hisoblanadi. Ana shu jihatdan, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha keng imkoniyatlar mavjud. Ishonamanki, mazkur majmuaga dunyoning turli mamlakatlaridan minglab, millionlab sayyohlar tashrif buyuradi, tom maʼnoda ulugʻ bobomizning maʼnaviy quvvatlari musulmon mamlakatlari ziyoratchilarini do­imo oʻziga tortib turadi.

Kezi kelganda, yurtimiz azaldan maʼrifat markazi sifatida tanilganini qayd etish lozim. Shu bois, bugungi kunda ilmiy-maʼrifiy markazlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida koʻp asrlik maʼrifat xazinasini oʻzida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostlayapti. Shuningdek, keyingi uch-toʻrt yil oraligʻida Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy va Toshkent shahrida Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hozirda ushbu ilmiy markazlarda aniq fanlar qatorida Hadis, Ka­lom, Aqida, Tasavvuf, Fiqh kabi ilmlar boʻyicha chuqur tadqiqot va izlanishlar olib borilmoqda. Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent islom instituti va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi singari oliy oʻquv yurtlarida ham yetuk malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi ham bu borada oʻz oldiga qator ezgu maqsadlar qoʻygani quvonarli.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Imom Buxoriy majmuasini kengaytirish boʻyicha boshlangan bu qadamlar sohadagi islohotlarning uzviy davomidir. Taʼkidlanganidek, majmua atrofi obodonlashtiriladi, bu yerga tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga barcha qulayliklar yaratiladi. Ishga tushgach, shubhasiz, Imom Buxoriy bobomizning meroslarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga yetkazishda majmuaning oʻrni gʻoyat katta boʻladi. Prezidentimiz: “Bugun bu toʻgʻri taʼlimotni yoshlar oʻrgansa, adashganlar boʻlmaydi, notoʻgʻri yoʻlga kirib ketmaydi. Shuning uchun Imom Buxoriy bobomiz toʻgʻrisida ommabop, kichik hajmli kitoblar yozib, elga, ayniqsa, yoshlarga tarqatish kerak”, deya bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini alohida qayd etdi.

Bugungi globallashuv davrida ilm-maʼrifat barcha masalaga yagona yechimdir. Zero, ajdodlarimiz ham ilm bilan najot topdilar, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashdi, ilmni najot bilib, barchani unga daʼvat qildi. Shunday ekan, oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biri — ulugʻ ajdodimizning boy ilmiy merosini sodda, tushunarli, xalqchil tarzda yozilgan kitoblar orqali aholi, xususan, yoshlarga yetkazishdir.

Umuman, Oʻzbekiston ming yillar davomida Buyuk Ipak yoʻlining muhim qismi boʻlib kelgan. Bu yerda savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat, maʼrifat markazlari hamisha taraqqiy etgan. Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-maʼrifat sohada olib borilayotgan ezgu tashabbuslar ham tom maʼnoda dunyo mamlakatlarida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik hamda maʼrifiy tarqatishning asosi boʻlib xizmat qiladi.

Sodiq TOSHBOYEV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 22 aprel, №80 (336)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …