Yurtimizdan dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshgan minglab allomalar yetishib chiqqan. Manbalarga tayanadigan boʻlsak, birgina hadis ilmi boʻyicha uch mingdan ziyod olimning nomini sanab oʻtish mumkin. Dunyo hadis ilmi ustozlari sanalgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Abdulhamid Keshiy, Ibn Hibbon kabi muhaddislarning buyuk xizmatlari tufayli yurtimiz “Ulugʻ muhaddislar yurti” deb eʼtirof etilib, ularning noyob asarlari tarixning barcha davrlarida keng oʻrganilgan. Buyuk allomalarimizning bizgacha yetib kelgan asarlari hozirgi kunda ham ulkan maʼnaviy kuch-quvvat manbaidir.
Hadis ilmi rivojida, avvalo, Imom Buxoriy hazratlarining xizmati beqiyos. Shu bois, alloma hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini keng tadqiq etish yuzasidan nafaqat yurtimiz, balki butun musulmon olamida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ikki yil muqaddam tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bugungi kunda nafaqat muhaddislar sultoni, balki Movarounnahr hududidan yetishib chiqqan koʻplab boshqa alloma va mutafakkirlarning ilmiy-merosini toʻplash va tadqiq etish bilan shugʻullanmoqda.
Davlatimiz rahbari 2019 yili Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligini taʼkidlab, “Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmi va islom olamidagi maqomiga munosib boʻlishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yerdir”, degan edi. Shunga muvofiq, majmuaning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Prezidentimiz huzurida bir necha bor taqdimoti oʻtkazilib, takomillashtirildi.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu ziyoratgoh qurilishi boshlandi. Shu munosabat bilan tabarruk qadamjoda nuroniylar va ziyolilar bilan uchrashuv boʻldi. Prezidentimiz xalqimizni qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etarkan: “Ramazon — ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz xayrli, xosiyatli boʻladi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan, ezgu amallar bilan bildirishdir. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch”, dedi.
Taomilga binoan, ulkan xayrli ish oldidan Qurʼon tilovat qilinib, Tangri taolodan barcha ezgu niyatlarning ijobati soʻraldi.
Yangi majmuada katta masjid, toʻrtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yoʻldan kirib kelishda xiyobon boʻladi. Koʻp sonli ziyoratchilar uchun zamonaviy qulayliklar yaratiladi. Jumladan, yettita mehmonxona, uchta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandlik buyumlari rastasi kabi yondosh shoxobchalar qurilishi belgilangan.
Qad rostlaydigan yangi majmua bu yerdagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan mutanosiblikda oʻzaro uygʻunlashgan ulkan ansamblni hosil qiladi.
Oʻtgan yili pandemiya tufayli ramazon oyida yurtdoshlarimiz diniy amallarni uyda bajardi. Bu yil, Yaratganga shukrki, masjidlarimiz ochiq, moʻmin-musulmonlar karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda, barcha ibodatlarni toʻla-toʻkis ado etmoqda. Keksalar, nogiron va yordamga muhtoj insonlar, kam taʼminlagan oilalarga begʻaraz yordam berilyapti. Butun dunyo qaytadan lokdaunga choʻkayotgan, ogʻir inqirozni boshdan kechirayotgan hozirgi murakkab sharoitda bu juda muhim ahamiyat kasb etadi.