Oʻzbekistonda ziyorat turizmining muhim obyektlaridan biri hisoblangan Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuida ham Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi davom ettirildi. Jumladan, majmuaga tutash hududdan 5,8 gektar yer maydoni ochilib, alloma nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va uning qarshisida 3 ta ikki qavatli turar-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Amalga oshirilgan shu va boshqa tadbirlar natijasida bu borada salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritildi. Jumladan, 2017 yilning 10 oyi davomida mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2,2 mln kishini tashkil etgan boʻlsa, 2018 yilning shu davri mobaynida bu raqam 4,4 mln ga yetdi.[1]. Yil mobaynida esa 5 mln. 346 ming 219 nafarni tashkil qildi[2].
Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi tadbirlar 2019 yilda ham davom ettirildi. Jumladan, Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy va diniy maʼnaviy merosi hamda anʼanalarini oʻrganish uchun tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolar uchun 2 oygacha boʻlgan muddatga ziyorat vizasi joriy etildi[3]. Shu bilan birga, Ziyorat turizmini rivojlantirish va dunyo jamoatchiligiga tanishtirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy konferensiyalar oʻtkazildi. Jumladan, 2019 yil 21-23 fevral kunlari Buxoro shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqaro maydonda mamlakatning ziyorat turizmi boʻyicha mavqeini oshirish maqsadida Ziyorat turizmi boʻyicha I Xalqaro forum oʻtkazildi. Uning doirasida Oʻzbekistonning ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilishiga doir Buxoro deklaratsiyasi imzolanishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi[4]. Bundan tashqari, 2019 yilning 24-25 may kunlari Samarqand shahrida Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Polsha, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning yetakchi olimlari, turizm sohasi mutaxassislari ishtirokida “Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida ziyorat turizmining renessansi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi[5].
Shu va boshqa omillar musulmon mamlakatlardan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Jumladan, 2019 yilning noyabr oyi koʻrsatkichlari 2018 yildagisi bilan solishtirganda buni yaqqol koʻrishimiz mumkin. Xususan, 2018 yil noyabr oyida Pokistondan 287 nafar sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2019 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 424 nafarni tashkil qilib, oʻsish surʼati 47,7 foizni tashkil etdi. Saudiya Arabistoni boʻyicha esa, bundan ham kattaroq raqamni koʻrishimiz mumkin. Jumladan, 2018 yilning noyabr oyida podshohlikdan kelganlar 36 nafar, 2019 yilning shu davrida 124 nafarni tashkil qildi.[6].
Soʻnggi paytlarda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni qabul qilindi. Unda turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yoʻnalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targʻib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan vazifalar belgilab berildi[7].
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, Oʻzbekistonda 2016 yildan eʼtiboran turizm sohasi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri deb eʼlon qilindi. Shu tariqa turizm va uning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari olib borildi. Bu borada tegishli farmon va qarorlar eʼlon qilindi. Shu asosda tegishli tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish, xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida turli tadbirlar, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil qilindi. Xorijiy mamlakatlar firma kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonga, xususan, mamlakatimizdagi muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun kelayotgan ziyoratchilar sonini sezilarli darajada oshishiga olib keldi.