Barcha yurtdoshlarimizni ham samimiy muborakbod etib, Yaratgan Mehribon Parvardigorimizdan muborak oylarning fayzu ilohiy, xayru barakotlaridan xalqimizni bahramand etishligini Mehribon Parvardigorimizdan soʻrab qolamiz…
Alloh Taboraka va Taolo Oʻzining buyuk irodasi va cheksiz hikmati taqozosiga koʻra, Oʻzi yaratgan maxluqotlarini fazl va ustunlikda bir-biridan farqli va tafovut qiladigan qilib yaratgan. Baʼzi makonlarni boshqasidan, ayrim zamonlarni oʻzgasidan ortiq va afzal qilib qoʻygan. Bu ham boʻlsa, Xudoi Taoloning biz bandalariga marhamatli zot ekanligidandir! Alloh Taolo kunlar orasidan baʼzilarini tanlab olib, ularni ezgulik mavsumlari, toat va ibodat kunlari, qurbat hosil qilish vaqtlari qilib belgiladi. Bular yil mobaynida hadya tariqasida berilgan kunlardir! Bular – Parvardigori olam Alloh Taolo tomonidan bandalarga ato etilgan rahmat shabbodalaridir! Kim ularga eʼtibor berib, yaxshiliklaridan bahramand boʻlib qolsa, oʻsha ikki dunyoda ham haqiqiy baxtiyor kishidir!
Jumladan, Alloh Taboraka va Taolo muborak Ramazon oyini boshqa barcha oylardan oliy va mufazzal qildi. Uni koʻplab buyuk fazilatlar va ulugʻ imtiyozlar bilan xosladi. Masalan, islomning besh asosiy va fazilati ulugʻ, buyuk ruknlaridan biri boʻlgan roʻza ibodati aynan shu oyda amalga oshiriladi, dinimizning eng moʻtabar manbasi Qurʼoni karim ham muborak Ramazon oyida nozil qilingan. Bu haqida Alloh Taboraka va Taolo Baqara surasining 185 oyati karimasida shunday marhamat qiladi:
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (oʻz yashash joyida) hozir boʻlsa, roʻzasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda boʻlsa, (tuta olmagan kunlarining) sanogʻi boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, ogʻirlikni xohlamaydi”.
Demak, ushbu oyning eng ulugʻ fazilati bu oyda roʻza tutish orqali Alloh Taologa qurbat hosil qilinar ekan. Zero, roʻza ibodati bilan nafs tarbiyalanadi, shahvoniy hoyu-havaslar jilovlanadi. Roʻza tutib, inson komil xulqlarga ega boʻladi. Komil xulqli insonlar yashagan jamiyatda osuda va tinch-osoyishta hayot hukm suradi.
Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy va Imom Ahmadlarday buyuk zotlar Janob Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan Hadisi qudsiyda Alloh Taolo: “Odam bolasining hamma amali oʻzi uchun, faqat roʻza Men uchundir va uning mukofotini Men – Oʻzim berurman”, – deb marhamat qilgan. Alloh taolo barcha solih, xayrli, savobli, yaxshi va chiroyli amallar ichidan faqatgina roʻzani Oʻzi uchun tanlagani bu ibodatning nechogʻlik ulugʻ ekanligiga dalolat qiladi.
Janob Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: “Kimki Ramazon roʻzasini imon-eʼtiqod va Allohdan savob umid qilib tutsa, uning oʻtgan gunohlari kechiriladi”, deganlari ham bu oyda tutilgan roʻzaning ajri, Xudoi Taolo tomonidan beriladigan savobi va uning ahamiyati naqadar ulugʻligini anglatadi.
Janob Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor oʻtkazsa, jannat unga vojib boʻladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va Shaʼbonning oʻn beshinchi kechalaridir”, – dedilar.
Xudoi Taboraka va Taolo hech bir narsani behikmat yaratmagan… Odam bolasi toʻqqiz oy deganda mukammal inson boʻlib dunyoga keladi.
Islom dinimizning bosh manbai, insoniyatning Qiyomatgacha hayot dasturi – Qurʼoni karim – Ramazon oyida nozil boʻlgan. Shu sabab ham Ramazon – Qurʼon oyidir! Qurʼon karim bilan roʻza oyi orasidagi mustahkam aloqa va bogʻliqlikni muborak Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi oʻz qalbining tub-tubidan his etadi. Va oʻta kuchli muhabbat va katta qiziqish bilan Alloh Taoloning ulugʻ Kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, Unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi. Masjidlar namozxonlar va Qurʼon tilovat qiluvchilar bilan toʻlib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qurʼoni karim xatmi boshlanadi. Yurtimizda ham, ayniqsa tarovehlarda, Qurʼon xatmiga alohida ahamiyat beriladi. Va bu holat butun olamga muborak Ramazon oyi Qurʼon oyi ekanligini baralla eʼlon qiladi.
Tafsir kitoblarida kelishicha, Qurʼoni karim muborak Ramazon oyining muborak Qadr kechasida Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga tushirilgan. Soʻngra, yigirma uch yil davomida voqea hodisalar rivojiga muvofiq ravishda boʻlib-boʻlib Janob Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga indirilgan.
Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qurʼonni Jabroil alayhissalom nazoratlaridan toʻliq oʻtkazib olar edilar. Bu ulugʻ farishta bilan birgalikda Qurʼoni karimni dars qilardilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qurʼoni karimni Jabroil alayhissalomdan ikki marta oʻtkazib olganlar.
Oʻtgan ulugʻ zotlarimiz ham bu muborak oyda Qurʼoni karim uchun alohida eʼtibor va vaqt ajratganlar. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shugʻullanishni butunlay yigʻishtirib yoki kamaytirib, Qurʼon mutolaasiga iqbol etganlar. Manbalarda kelishicha, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu Qurʼoni karimni har kuni oʻqib tushirar edilar. Boshqa baʼzilar Qurʼoni karim qiroatini uch kunda nihoyasiga yetkazar edilar. Yana birlari bir haftada xatm qilsalar, boshqalar oʻn kunda oʻqib bitirar edilar. Qatoda rahimahulloh Qurʼonni doimo har yetti kunda xatm qilsalar, muborak Ramazon kelganda har uch kunda oʻqib tushirar, oxirgi oʻn kunlik kirganda esa har kechada xatm qilardilar. Imom Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayh muborak Ramazon oyida Qurʼoni karimni oltmish marta xatm qilardilar. Imom Molik rahmatullohi alayh Ramazon oyi kirganda hadis ilmi va ulamolar bilan boʻlgan ilm majlislarini toʻxtatib, Qurʼon qiroatiga yuzlanar edilar.
Shunday ekan, biz ham bu gʻanimat oy davomida xatmi Qurʼonga oshno, tilovatini eshituvchi boʻlsak, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Muborak Ramazon oyi qadimdan oʻzaro mehr-oqibat, koʻmak va yordam oyi hisoblanib kelgan. Muborak Ramazoni sharif har bir ezgu amal uchun savoblar bir necha barobar koʻpaytirib beriladigan oy ekanligi bois har bir moʻmin-musulmon banda bu fursatlardan foydalanishga harakat qiladi, muhtoj kishilarga qoʻlidan kelgancha koʻmak beradi. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand boʻlib, moʻminlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda beradilar.
Salmon Forsiy raziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Ey insonlar, buyuk va muborak oy sizlarga yaqin keldi… Bu oyda kim Allohga yaqinlashtiradigan ezgulik qilsa, undan boshqa oyda ado etgan bir farz darajasini topadi va bu oyda bir farzni ado etgan kishi boshqa oyda yetmish farzni ado etgan kabi boʻladi… Bu – koʻmak va yordam oyidir! Bu oyda moʻminnig rizqi koʻpaytiriladi. Bu oyda kim bir roʻzadorga iftorlik bersa, gunohlariga magʻfirat boʻladi, doʻzax oʻtidan oʻzini qutqaradi va roʻzadorning ajridek ajrga ega boʻladi. Roʻzadorning ajridan esa hech narsa kamaymaydi”.
Shunga binoan, har birimiz avvalo ahli oilamizga, soʻng yaqinlarimiz, qoʻni-qoʻshnilarimiz orasidagi ehtiyojmand kishilarga saxovat koʻrsatsak, fazilati yanada ulugʻ boʻladi.
Alloh Taboraka va Taoloning farishtalarining eng ulugʻlari Jabroil alayxissalom aytadilar:
Bizning jonajon diyorimizda har yili muborak Ramazon oyi munosabati bilan uni munosib oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida muhtaram Prezidentimizning maxsus qarorlari chiqadi. Joylarda ushbu qarorning ijrosi yuzasidan qator amaliy ishlar qilinadi. Jumladan, tv va radio orqali yurtdoshlarimizga bu muborak va ulug oyning fazilatlari haqida keng maʼlumotlar berilishi, ehtiyojmand kishilarning holidan xabar olinishi, saxovatpesha xalqimiz ham yaxshilik qilishga bel bogʻlab, muhtojlar holidan xabar olishlari ham shu jumlasidandir.