Home / YANGILIKLAR / Alixonto‘ra Sog‘uniyning Amir Temur haqida matbuotda e’lon qilinmagan she’ri

Alixonto‘ra Sog‘uniyning Amir Temur haqida matbuotda e’lon qilinmagan she’ri

Alixonto‘ra Sog‘uniy  “Temur tuzuklari” tarjimoni      

Ikki satrli ushbu she’r hech qayerda chop etilmagan, yangi topilma, Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘g‘illarining arxividan olindi.  

Insoniyat tarixini o‘zgartira olgan, Sharqda Yangi Renessansni boshlab bergan buyuk davlat arbobi va islohotchi Temurdek daho bobomizni  mustaqillikka qadar faqat qora bo‘yoqlarga bo‘yab, “qonxo‘r hukmdor” deb ruhimizga singdirib yuborishgandi.

Lekin ana shunday mustabid tuzum davrida ham xalqimiz ichida buyuk ajdodlarimiz haqida to‘g‘ri so‘z aytishga jur’at qila olgan millatparvar insonlar bo‘lgan. Buyuk ulamo – Alixonto‘ra Sog‘uniy ana shunday shaxslardan biri. 

Uy qamog‘ida saqlangan, sobiq KGBning 24 soat tazyiqi ostida yashagan paytlarida ham Alixonto‘ra Sog‘uniy haq so‘zni baralla ayta olganlar. Xususan, 1958 yili “Temur tuzuklari”ning saqlanib qolgan qolgan forscha variantini o‘zbek tiliga mukammal tarjima qilganlar. 

KGBning doimiy nazoratida bo‘lsada, 1960 yilda  Buyuk Temur haqida she’r yozib, uni avlodlarga qoldirib ketganlar.

“Temur tuzuklari” tarjimonidan” deb shartli sarlavha qo‘yilgan mazkur she’r  “Temurdek jahonda kishi o‘tmadi,  Aningdek o‘g‘ilni ona tug‘madi” satrlari bilan boshlanadi. Sho‘rolarning barcha tarixchilari, jumladan, o‘zbek olimlari ham,  Temurning buyuk bunyodkorlik ishlari, adolatli shaxs bo‘lganligi   haqida birorta ijobiy so‘z aytmay, uni “vahshiy va qonxo‘r podsho bo‘lgan” deb, jar solib turgan pallada  Temurning aslida “jahonda tengi yo‘q kishi, bunday o‘g‘ilni ona tug‘magan” (ya’ni “onalar  bunday o‘g‘ilni boshqa  tug‘magan”, ma’nosida)   ekanligini ayta olish jasorat edi!

Alixonto‘ra Sog‘uniyning mazkur she’rlarini  kenja o‘g‘illari Qutlug‘xonto‘ra Sog‘uniy saqlab qo‘ygan ekanlar. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi, iqtisod fanlari doktori, professor Odil Olimjonovning  astoydil ko‘magida ushbu she’rni  e’lon qilishga Qutlug‘xonto‘ra Sog‘uniyning roziligi olindi.

She’r hozirgacha matbuotda e’lon qilinmagan ekan. 

Buyuk Temur bobomizning tavallud topgan kunlarida bu she’r boshqa bir buyuk ajdodimiz – Alixonto‘ra Sog‘uniydan xalqimizga munosib sovg‘a bo‘ladi, degan umiddamiz.

                    “Temur tuzuklari” tarjimonidan       

Temurdek jahonda kishi o‘tmadi,
Aningdek o‘g‘ilni ona tug‘madi.
 
Yigirma yetti poytaxt oldi ul,
          “Barang‘ar”, “jarang‘ar”, “yasol” qildi ul.
 
Aning haqida yaxshi so‘z ko‘p erur,
Yomonlikni aytquvchilar ham bo‘lur.
 
Birov yaxshi dersa, birov der yomon,
Ulus so‘zidin kim qolibdir omon?
 
Kishi bo‘lsa har so‘zni u sezgudek,
Kelur xotiriga ko‘p ish ko‘zgudek.
 
Yozib bu kitob ichra qilmishlarin,
Bayon aylamishdir qomus ishlarin.
 
”Temur tuzugi” deb atalmish erdi,
Aning so‘zlarin turkcha yozmish erdi,                                                          
 
Biza yetmamishdir asl nusxasi,
          Vale yetdi forschasi, bosmasi.   
 
Aniq bilmadim, kimdir olmish uni,
Qabul etdim, o‘rniga oldim buni.
 
Tilin turkiy qildim, yuzin oqladim,
Vatan ahliga mangulik saqladim.
 
O‘qir bo‘lsalar bu kitob so‘zlarin,
Gumondan chiqarg‘usidir o‘zlarin,
 
Temur kim edi deb gumon qilmag‘ay, 
          Yomon-yaxshisin u o‘qib anglag‘ay.        
 
Ming uch yuz dag‘i birda sakson[1] edi,
Muharram oyi o‘rtalashgan edi.
         Buni Sog‘uniy nazm etib yozdi ul,
         Vatan ahlina tuhfa qilg‘izdi ul.       
 
Tug‘ilgan kishi bir kun yo‘q bo‘lur,
Asar qolmasa ani kim yod qilur?
 
        Vafot sakkiz yuz dag‘i yetti[2] yil,
        Hisobini tarixi hijriya bil. 
 
      Ota Sog‘uniy nazm etibdir, biling, 
      Buni o‘qig‘anda ani eskaring.

                                              

                                        9-iyul, 1960-yil, Toshkent 
Manba: UzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …