Islom dinining asl mazmun-mohiyatini teran anglashda, ijtimoiy axloqiy masalalarni targʻib etishda, yoshlar tarbiyasini milliy va diniy qadriyatlar asosida olib borishda Imom Buxoriy merosining ahamiyati katta. Bugungi tahlikali davrda, yaʼni dindan niqob sifatida foydalanish, asliyatdan uzoq boʻlgan fikrlarni islomga oid qilib talqin etish, umuman, madaniyatsizlikni “madaniyat” qilib koʻrsatishga bu meros maʼrifiy kurashning muhim asoslaridan boʻladi.
Imom Buxoriy hayoti va uning ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etishda u kishining ustozlarini oʻrganish ham foydalidir. Tarixchilar manbalarda Imom Buxoriyning ustozlari soni haqida qiziqarli maʼlumotlar keltirib oʻtgan. Jumladan, tarixchi Muhammad ibn Abu Hotamning yozishicha, Imom Buxoriy suhbatlarning birida unga “bir ming saksonta shayx (ustoz)dan yozganman”, deb aytgan gapini keltirgan. X asrda yashagan isfahonlik olim Muhammad ibn Isʼhoq ibn Manda Isfahoniy (922-1005) Imom Buxoriyning ustozlari haqida maxsus asar bitib, alifbo tartibida ularni nomma-nom keltirgan.
Maʼlumki, Imom Buxoriy yoshligidan ilm va hadis talabida juda koʻp safar qilgan. Tabiyki, safarlar u kishining ustozlari safi kengayishiga ham sabab boʻldi. Buyuk muhaddis Yana bir manbada oʻz vatanida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustoz-shayx[1]dan hadis rivoyat qilganini eʼtirof etib, bu haqda: “Men mingdan koʻp kishidan hadis yozib oldim”[2], degan.
Dastlab Imom Buxoriyga Buxoroda koʻzga koʻringan muhaddislardan Muhammad ibn Salom Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy, Ibrohim ibn Ashʼaslar taʼlim bergan. Shu ustozlar tufayli alloma oʻn olti yoshga yetmasdan koʻp hadislarni oʻzlashtirgan. Abdulloh ibn Muborakning kitoblarini yod olgan. Shu palladan Buxoriyning noyob qobiliyati va zukkoligi koʻpchilik ulamolar tomonidan yuksak baholana boshladi.
Buyuk muhaddis oʻn olti yoshga yetgach, onasi va akasi bilan haj safariga chiqdi. 825 yili Makkai mukarramaga yetib keldi. Haj ibodatini ado etgandan keyin onasi va akasini Buxoroga qaytarib yuborib, oʻzi Makkada qoldi. U yerda Abu Valid ibn Arzaqiy, Abdulloh ibn Yazid Muqriy,
Ismoil ibn Solim Soigʻ, Abdulloh ibn Zubayr Humaydiydan hadis ilmi boʻyicha saboq oldi. Bir muddat yashagandan keyin Madina munavvara tomon yoʻl oldi. 827 yilda u yerga borib, Ibrohim ibn Munzir, Mutorrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza, Abu Sobit Muhammad ibn Ubaydulloh, Abdulaziz ibn Abdulloh Uvaysiy, Yahyo ibn Qazaʼa kabi mashhur ulamolardan dars oldi.
Bundan tashqari, Shom, Buxoro, Marv, Balx, Hirot, Naysabur, Ray, Bagʻdod, Basra, Vosit, Kufa, Misr va Jazira kabi shaharlarga safar qilib, mashhur muhaddislardan hadis oʻrgandi.
Imom Buxoriyning muhaddis tabaqalari boʻyicha ham ustozlari koʻpdir. Bu haqda Abulfazl Maqdisiy va boshqa ulamolar bunday fikr bergan: “Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”da keltirgan hadislarni besh tabaqa ustozlaridan olgan.
Birinchi tabaqa: Imom Buxoriy bilan hadisni rivoyat qiluvchi tobeʼiy orasida faqat bir rivoyatchi bor xolos. Ulardan biri Muhammad ibn Abdulloh Ansoriydir. Imom Buxoriy u orqali Humayddan, u Anasdan rivoyat qilgan.
Makkiy ibn Ibrohim va Abu Osim Nubayl ham birinchi tabaqaga kiradi. Imom Buxoriy ular orqali Yaziyd ibn Abu Ubayddan, u Salama ibn Akvaʼdan rivoyat qilgan.
Ulardan yana biri Ubaydulloh ibn Musodir. Imom Buxoriy u orqali Maʼrufdan, u esa Abu Tufayl va Alidan rivoyat qilgan.
Ikkinchi tabaqa: Tobeʼiylardan hadis olgan mujtahid imomlardan rivoyat qiluvchi kishilar. Ular quyidagilar:
Hijozliklardan – Ibn Jurayj, Molik, Ibn Abu Zeʼb, Ibn Uyaynalar.
Shomliklardan – Shuaʼyb, Avzoʼiy va ikkisining tabaqasidagilar.
Iroqliklardan – Savriy, Shoʻba, Hammod, Abu Avona, Hammod.
Misrliklardan – Lays, Yaʼqub ibn Abdurrohman va boshqa juda ham koʻp kishilar.
Uchinchi tabaqa: Imom Buxoriy oʻzlarini koʻrgan boʻlsa ham ulardan hadis eshitmagan kishilar. Bu tabaqaga Yazid ibn Horun va Abdurrazzoq misol boʻladi.
Toʻrtinchi tabaqa: Imom Buxoriyning tengdoshlari boʻlib, ular orqali oʻz ustozlarining rivoyatlarini olgan. Bularga Abu Hotim Muhammad ibn Idris misol boʻladi.
Beshinchi tabaqa: Sanadni bilishda, yosh, vafot va maʼrifatda Imom Buxoriydan keyin turadigan kishilar. Ularga Abdulloh ibn Hammod Omuliy va Husayn Qabboniy misol boʻladi. Maqdisiyning aytishicha, Imom Buxoriyning oʻzlari: “Muhaddis toki oʻzidan yuqori, oʻzi tengi va oʻzidan kichiklardan rivoyat qilmaguncha komil boʻla olmaydi”, degan.
Imom Buxoriyning ushbu soʻzidan maʼlum boʻladiki, inson ustozning yoshi katta yo kichikligiga qaramasdan undagi ilmni olmogʻi har bir kishidan talab qilinadigan zarur ishdir. Bu oʻrinda keltirilgan maʼlumotlarda buyuk alloma hadis eshitgan roviylarning bir qismigina keltirildi, xolos. Aytilganidek, ularning umumiy soni mingdan oshadi. Bu esa buyuk muhaddis hadis ilmiga, hadis yozib qoldirishga qanchalar katta masʼuliyat bilan yondoshganidan dalolat beradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi