Alouddin Abdulaziz ibn Ahmad ibn Muhammad Buxoriy fiqhga oid asarlari bilan islom olamiga tanilgan mashhur allomalardan boʻlib, u haqda tarixiy manbalarda juda kam maʼlumot keltirilgan.
U fiqh ilmini Faxriddin Muhammad Maymurgʻiy va Hofiziddin Muhammad Buxoriydan oʻrgangan.
Alloma koʻplab shogirdlar yetishtirgan boʻlib, ular orasidan Qivomiddin Muhammad Kakiy va Jamoliddin Umar Habboziy katta shuhrat qozongan.
Alouddin Buxoriy qalamiga mansub Faxrulislom Pazdaviyning (482/1089 yil vafot etgan) “Kashful asror” asariga “Kashful asror fi sharhi Usulil Bazdaviy” nomi bilan sharh yozgan. Davrining olimlari orasida mashhur boʻlib, ketgan bu asar Pazdaviydan soʻng hanafiy mazhabida yozilgan eng mukammal sharhlardan biridir.
Alloma ushbu asarni yozishda faqih olimlarning, xususan, Abdulhamid Gʻazzoliyning “Mustasfa” kitobi uslubidan foydalangan. “Kashful asror fi sharhi Usulil Bazdaviy” oʻz uslubining aniqligi va chiroyli maʼnosi, oson tushuniladigan boʻlgani uchun keyingi avlod olimlariga juda foydali va muhim tadqiqot manbai boʻlib xizmat qilgan. Xususan Saʼduddin Taftazoniy “Talvih” asarida bu sharhdan koʻp iqtibos keltirgan.
“Kashful asror fi sharhi Usulil Bazdaviy” Qohira (1307 yil) va Istanbulda (1307-1308 yillar) toʻrt jildda nashr etilgan.
Alouddin Buxoriyning fiqh usuliga bagʻishlangan yana bir asari Hisomiddin Axsikatiyning (644/1247 yil vafot etgan) “Muntahab” yozilgan sharh boʻlib, “Tahqiq” (Gʻoyatut tahqiq va sharhul Hisomiy) deb nomlangan. Asar Lakhnavda (Hindiston) 1871 va 1876 yillarda nashr qilingan.
Shuningdek, “Risola fi taxrij masail zavil arham fil faraiz”, “Al-Arbaʼun fil hadis”, “Kitabul Afniya” – uy, masjid, shahar atroflariga oid hukmlarni oʻz ichiga olgan fatvolar, faroiz ilmiga oid risolalar bitgan. Bugungi kunda allomaning yuqorida keltirilgan asarlari Turkiya, Qohira, Bayrut kutubxona fondlarida saqlanmoqda.
Alloma Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asariga sharh yozishni boshlagan, ammo bu sharhni tugatmasdan “Kitabun nikah” bobiga yetganda vafot etgan.