Home / ALLOMALAR / Samarqand ziyoratgohlari turkumidan / MAVLONO MIRMUHAMMAD IBROHIM XOJA

MAVLONO MIRMUHAMMAD IBROHIM XOJA

Mahalliy aholi orasida “xalifa Ibrohim” nomi bilan ataluvchi Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja Samarqandiy ziyoratgohi Samarqand shahridagi Abu Darun mozori yaqinida joylashgan.

U kishi oʻz zamonida yetuk tasavvuf murshidlaridan biri boʻlgan. Mavlononing hayot yoʻli va tasavvuf taʼlimotida olib borgan faoliyati hozirgacha mukammal tadqiq etilmagan. Qayd etilgan yozishmalarda u haqida oz boʻlsada, maʼlumotlarni uchratish mumkin[1].

Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja Samarqandiyning naqshbandiya-mujaddidiya tariqatidagi ustozi Mavlono Muhammad Husayndir.

Mavlono Nuriddin Mahjuriy oʻz asarida bunday deydi: “Obid, zohid, olimlarning yoʻlboshlovchisi, qutbi olam, soliklarning maslagi, naqshbandiya suluki muqtadosi, asli shahzodalardan boʻlib, Kobul, Balx, Hirot va Badaxshon[2] shaharlaridan, Samarqandga kelgan.

2018 yili ziyoratgohda katta obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Katta darvoza, unga hamohang tarzda mahobatli ayvon va qadimiy inshoot davomidan hujra, tahoratxona va qiroatxona barpo etilgan.

Ayvon peshtoqida “Baqara” surasining 285-286 oyatlari bitilgan.

Ziyoratgohdagi maqbaraning ichki va tashqi qismlari ham nozik did bilan taʼmirlangan. Ichki qismiga arabiy yozuv bilan naqshinli usulda berilgan.

Maqbara (pishiq gʻishtli mustahkam poydevor ustiga) olti metrlar chamasi balandlikni tashkil etib, toʻrtburchak shaklda qad koʻtargan va uning ustida sakkiz qirrali gumbaz mahkamlangan. Shuningdek, maqbaraning yuqori toʻrt tomonidan havo aylanishi uchun derazalar joylashtirilgan.

Maqbaraning shimol tomonida, keyinchalik boʻlsa kerak, yonma-yon 7 ta hujra barpo etilgan. Bir-biriga monand bu hujralarning eni 3,5 metr boʻyi 2,5 metr boʻlib, bugungi kunda ikkitasi saqlanib qolgan.

U kishining qabriga oʻrnatilgan marmar qabrtoshda yozilgan maʼlumotga koʻra Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja Samarqandiy 1296/1878 yilda[3] “Iyd oyining juma oqshomida”[4] vafot etgan va uning maqbarasi 1300/1882 yilda afgʻon shahzodasi Sardor Muhammad Isʼhoqxon tomonidan barpo etil (va qabr tosh qoʻyil)gan.

Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja maqbarasining sharq va janub tomonidagi mozorda uning avlodlari va afgʻon amiri xonadoni vakillari dafn etilgani, u yerda qoʻyilgan qabr toshlardan maʼlum boʻldi. Jumladan, Sultonxon (vaf. 1345/1926), Mullo Sayyid Ali ibn Xoja mullo Abdulloh (vaf. 1337/1918), Sardor Said Muhammadxon qizi Bibi Ku (vaf. 1327/1909. Muhammad Isʼhoqxonning xotini), Sardor Muhammad Shuaybxon (vaf. 1327/1908. Muhammad Isʼhoqxon oʻgʻli), Muhammadxon (vaf. 1325/1906. Muhammad Isʼhoqxon oʻgʻli)ga tegishli qabrtoshdagi epigrafika yozuvlari orqali qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldik.

Amir Muhammad Isʼhoqxon qabri Xoja Ahrori Vali ziyoratgohida joylashgan. Uning qabrtoshida otasi Amir Muhammad Aʼzamxon va bobosi Afgʻoniston hukmdori Amir Doʻst Muhammadxon ekanligi aytilib, uning vafoti abjad hisobiga koʻra مغفورا” – م-40, غ-1000, ف-80, و-6, ر-200ا -1 =1327/1908 yilda ekanligi aniqlandi.

Amir Abdurahmonxon (1880-1901) Muhammad Afzalxon oʻgʻli edi. U bobosi Doʻst Muhammad vafot etgan 1863 yilda Samarqandga sardor Isʼhoqxon bilan birga kelgan. Ular Amir Abdurahmonxonning hukmronligi boshlangan (1880 yil)ga qadar shu yerda boʻlishgan. Ayni vaqtda Amir Abdurahmonxon oʻz hukmronligini oʻrnatgach, oʻzining amakivachchasi Muhammad Isʼhoqxon (Muhammad Aʼzamxon oʻgʻli) hukmronligini tan olmagach, Muhammad Isʼhoqxon Hirot-Balx shaharlari orqali Samarqandga qaytib kelishiga majbur boʻlgan. Bu yerda unga izzat ikrom koʻrsatilib, hozirgi Xoja Abdu Darun, Xoja Ahrori Vali va Xoja Avliyo ziyoratgohlari atrofidan joy berilgan.

Istiqomatni Samarqandda davom ettirgan Sardor Muhammad Isʼhoqxon 1908 yilda shu yerda vafot etganligi tarixiy manbalardan maʼlum boʻldi. Sardor Muhammad Ismoilxon bu davr (1908 yil)larda hayot ekanligi va Sardor Muhammad Shuaybxon va Shahidxon vafot etganligi mazkur qabr toshlardagi epigrafik maʼlumotlardan maʼlum boʻldi[5].

Koʻpgina shayxu buzurglar qatorida boʻlgan Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xojaning Muhammad Aminxoja Dahbediy[6], Abdumalik xoja Gʻaziragiy, Eshoni Valixon Urgutiy va Soʻfi xoja[7] kabi mashhur toʻrt xalifa shogirdlari boʻlgan.

Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xojaning birinchi shogirdi Muhammad Aminxoja Dahbediy 1339/1920 yilda vafot etgan va Qusam ibn Abbos Shohizinda qabristonida[8] dafn etilgan. Muhammad Aminxoja Dahbediyning shogirdi Eshoni Kattaxonoja Dahbediydir (1868-1969)[9].

Abdumalikxoja Gʻaziragiy (vaf. 1931) yassaviya tariqatining mashhur murshidlaridan biri shayx Xudoydodi Vali avlodidan.

Eshoni Valixon Urgutiy Chorchinor mavzeʼida faoliyat koʻrsatgan koʻplab va shogirdlar tarbiyalagan.

Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xojaning Mirmuhammad Nasriddinxon, Mirmuhammad Fayzulloh Maxdum va Mirmuhammad Sayid Gʻani Maxdum ismli oʻgʻillari boʻlgani qoʻlyozma manbalar va tarixiy hujjatlardan maʼlum boʻldi.

Mexrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1]Kattayev K. Maxdumi Aʼzam tarixi va mukammal Dahbediylar tariqati (1994 yilda chop etilgan “Maxdumi Aʼzam va Dahbed tarixi” kitobining toʻldirilgani). Samarqand. 2011.; Hoji Safoi Vali hazratlarining maʼnaviyati va fazilatli hislatlari, faoliyati namunasi ruhida yoshlarni tarbiyalashning dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy-nazariy va amaliy, anjuman materiallari. Samarqand. 2013.
[2] Mavlono Nuriddin Mahjuriy Samarqandiy. Tazkirai olimoni Samarqand. Qoʻlyozma. Tojikcha. Samarqand Davlat muzeyi qoʻlyozmalar fondi inv № 5653/2. 145b varaq.
[3] Baʼzi maqolalarda 1879 yilda vafot etgan deyiladi. Qarang: Hoji Abdulgʻafur Razzoq Buxoriy. Tariqatga yoʻllanma. T.: Movarounnahr, 2003. – B. 98.
[4] Mavlono Nuriddin Mahjuriy Samarqandiy. Tazkirai olimoni Samarqand. Qoʻlyozma. Tojikcha. Samarqand Davlat muzeyi qoʻlyozmalar fondi inv № 5653/2. 91a varaq.
[5] Bu boradagi izlanishlar davom etmoqda
[6] Dahbediy avlodlar orasida Muhammad Amin xoja ismi koʻp uchraydi. Adashtirilmasin.
[7] Irshodnoma. Qoʻlyozma. Forscha. XIX asr. Samarqandlik S. Qayumova shaxsiy kutubxonasida.
[8] Mavlono Nuriddin Mahjuriy Samarqandiy. Tazkirai olimoni Samarqand. Qoʻlyozma. Tojikcha. Samarqand Davlat muzeyi qoʻlyozmalar fondi inv № 5653/2. 130b varaq.
[9] Batafsil qarang: Kattayev K. Tasavvuf allomalari. T.: Gʻafur Gʻulom, 2017. – B. 188

Check Also

SHAYX XUDOYDOD VALIY – OSHIQLAR SARDORI

Subhidam har kimki Haqqa aylar roz, Haq Subhon qutlugʻ yoʻl aylar sarafroz. Shayx Xudoydod Valiy …