Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bogʻliq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga koʻtarilishida ona yurtimizda tugʻilib kamolga yetgan ulugʻ allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda buyuk neʼatlarini kimga berishligini hamda uning maqomi naqadar yuksak ekanligi haqida marhamat qiladi: “Alloh kimni hidoyatga yoʻllashni iroda etsa, uning koʻksi (qalbi)ni Islom uchun (keng) ochib qoʻyadi. Kimni adashtirishni iroda qilsa, koʻksini goʻyo osmonga koʻtarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qoʻyadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo koʻrgay”[1].
Bu borada Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va vallam: “Albatta Alloh taolo ummatimni zalolatda birlashtirmaydi”[2] deb, aytadilar.
Binobarin Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida: “Alloh bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”[3], dedilar”.
Alloh taolo Qurʼoni karimda marhamat qiladi: “U Oʻzi xohlagan kishilarga hikmat (paygʻambarlik yoki Qurʼon ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan boʻlsa, demak, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar”[4].
Mazkur oyat tafsiri haqida buyuk mufassir Ibn Abbos roziyallohu anhumo fikr va mulohazalar bildirib: “Ushbu oyatdagi hikmat soʻzidan murod, halol va harom ilmini bilishdir”, deganlar.
Tarixdan maʼlumki, har bir zamon va jamiyatning qudrati, salohiyati va ravnaqi uning ilmga boʻlgan munosabati bilan oʻlchangan. Shu sababli bizning yurtimizda qadimdan ilmu maʼrifatga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Islom olamida IX-XII asrlarni ilm-faning oltin davri deb eʼtirof etilgan.
Yurtimizdan yetishib chiqqan Abul Muʼin Nasafiy (1027-1114), Najmuddin Umar Nasafiy (1068-1142), Hofizuddin Abul Barakot Nasafiy (vaf. 710/1310), Abu-l-Fazl Muhammad ibn Muhammad Nasafiy, Lutfulloh Nasafiy (vaf. 750/1349)[5] va Abdulaziz Nasafiy (vaf. 533/1138) kabi koʻplab diniy va dunyoviy ilmlarning dargʻalarini tarbiyalab voyaga yetkazgan. Mazkur olimlar orasida munosib maqomga ega boʻlgan mashhur alloma Makhul Nasafiy boʻlib, u nafaqat arab tili grammatikasi, balki oʻz davrining mutakallim allomasi sifatida ham shuhrat qozongan siymolaridan biridir.
Olimning toʻliq ismi Abu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiy boʻlib, uning tavallud sanasi haqida hozircha manbalarda biror maʼlumot uchramaydi. Ammo vafot etgan yili haqida barcha adabiyot va yozma asarlarda 318/930 sana koʻrsatilgan. Makhul Nasafiy yuksak ilmu maʼrifati bilan tanilib, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan sulolalaning asoschisi sifatida ham mashhurdir[6].
Allohga ming qatla shukr boʻlsinki, yurtimiz mustaqilligi sharofati bilan milliy va diniy qadriyatlarimizning tiklanishi va uzoq oʻtmishda yashab, sermahsul ijodi bilan islom dinining turli sohalariga bagʻishlab koʻplab asarlar yozib qoldirgan ajdodlarimizning hayotlari va sermazmun ilmiy meroslarini har tomonlama chuqur oʻrganish eng dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Shu bilan birga aytish joizki, shu davrda islom dinining eng muhim, eng nozik hisoblangan aqidaviy masalalar bilan shugʻullangan bir qator olimlar ham yetishib chiqdiki, ular mutakallim nomi bilan yuritiladi. Movarounnahrda yashab ijod etgan buyuk mutakallimlarning hayoti va asarlarini oʻrganish borasida bir talay ilmiy izlanishlar amalga oshirilganligi ham barchaga maʼlum. Diniy-aqidaviy masalalarni ilmiy asosda chuqur oʻrganish hozirgi davr uchun ham ilmiy va amaliy ahamiyatga ega ekanligi ushbu mavzuning naqadar muhimligini koʻrsatadi.
Shuningdek, yurtimizdan chiqqan allomalar ilmiy-maʼnaviy, diniy merosida barcha diniy va dunyoviy bilimlarga oid namunalarni kuzatish mumkin.
Eʼtiborlisi, ular orasida kalom – aqida ilmiga bagʻishlangan asarlar ham salmoqli oʻrin egallaydi. Xalqimizning bebaho maʼnaviy xazinasi hisoblangan mazkur asarlarni ilmiy tahlil va tadqiq etgan holda tarjima qilish, ulardan keng xalq ommasi, ayniqsa, yoshlarni xabardor qilish hozirgi davr uchun eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Xalqimizning ilmiy-maʼnaviy merosi, islom va uning gʻoyalari, diniy, milliy-maʼnaviy qadriyatlarimiz, yurtimizdan yetishib chiqib, butun dunyoda mashhur boʻlgan buyuk allomalarning hayoti va kalom ilmiga bagʻishlangan ilmiy meroslariga asoslangan holdagina islom dini gʻoyalarini buzib talqin qilishga urinayotgan oqimlarning asl maqsadlarini fosh qilish mumkin boʻladi.
Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanishida buyuk mutakallim Abu Mansur Moturidiyning oʻrni nihoyatda katta boʻlgan boʻlsa-da, Abu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiyning ham xizmati beqiyosdir.
Allomaning “Kitobu radd ala ahlil-bidaʼi val-ahva” (“Bidʼatchi, adashgan va adashtiruvchi botil firqalarga raddiyalar kitobi”) nomli uchinchi risolasi bevosita kalom ilmiga aloqador boʻlib keng shuhrat topgan[7]. Ushbu asar kalom ilmi tarixida alohida oʻrin egallagan boʻlib, shu yoʻnalish poydevorini tashkil etgan noyob asarlardan hisoblanadi jumladan diniy-aqidaviy masalalarni ilmiy asosda chuqur oʻrganish hozirgi davr uchun ham ilmiy va amaliy ahamiyatga ega ekanligi ushbu mavzuning naqadar muhimligini koʻrsatadi. Shu bois, bu yerda biz ularning bidʼatini bayon qilishni maqsad qildik va oʻzimizning pok aqidamizni asrab-avaylashimiz har birimizning boʻynimizdagi asosiy burch ekanligini yana bir bor taʼkidlaymiz.
Makhul Nasafiyning mazkur asari, birinchidan, firqalarning har birini mohiyatini bayon qilib, soʻng, ahli sunna va-l-jamoaning ularga boʻlgan javobini bayon qilgan, ularning notoʻgʻri gʻoyalarini ochib tashlab ularga nisbatan raddiyalar keltirgan. Alloma oʻz asarida oltita – haruriylar, qadariylar, jahmiylar, rofiziylar, jabariylar va murjiʼiylar kabi asosiy oqimlarga raddiya bergan hamda jami boʻlib 72 adashgan firqalarning mohiyatini toʻliqligicha aytib oʻtgan. Ushbu 72 ta botil firqalar soxta taʼlimot vakillari boʻlib, biz ularning mohiyatini oqilona anglashimizda mazkur asarning ahamiyati kattadir.
Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, masalaning ijobiy tus olishiga maʼlum maʼnoda bir qator adashgan toifalarning harakatlari jonlanib, islom dini asoslariga taʼsir qiladigan darajada xavfli tus ola boshlagani ham sabab boʻlib, naqlning asl mohiyatini insonlarga toʻgʻri yetkazib beradigan aqida ilmiga ehtiyoj kuchaydi. Oʻsha davrlarda paydo boʻlgan oqimlar oʻz qarashlarini Qurʼon va hadis bilan dalillashga uringani ham masalani birqadar chigallashtirar edi. Chunki oddiy insonlarning aksariyati aytilgan oyatlar va hadisi shariflarga soʻzsiz ishonadi hamda ularga amal qilishga shoshiladi. Xullas, Qurʼon tafsiri, hadislar sharhini toʻgʻri amalga oshirish va ularni keng xalq ommasiga yetkazib berish davr talabi edi.
Bu davr olimlari, Qurʼon va hadislarda islom dini taʼlimoti, eʼtiqod masalalari mufassal bayon etib berilgani uchun kalom ahliga ehtiyoj yoʻqligini taʼkidlaydigan avvalgi asr allomalaridan farq qilib, kalom ilmiga ham alohida hurmat bilan qaray boshladilar.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
- Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004.
- Isfahoniy. Saljuqiylar davlati tarixi, 52-bet.
- Imom Termiziy rivoyati. Sunanu-t-Termiziy №2167 Hadis.
- Abdusattor Jumanazar. Nasaf. -T.: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2006. -B. 167-183.
- Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sihoh” asarlari.
- Mirziyoyev Sh.M. 2016 yil, oktyabr, Iso Termiziy ziyoratgohidagi suhbat. Surxondaryo viloyati.
- Abdulloh Abdulhamid Saad. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi, 2007.
- Abdulloh Saʼad. Oʻrta Osiyo olimlari katalogi”dan). Arab tilidan N.Jabborov tarjimasi. // Imom al-Buxoriy saboqlari. 2006/3. –B. 174.
- Abu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiy. Bidʼatchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi. Arab tilidan H.Muhidinov tarjimasi. -T.: Toshkent islom universiteti, 2012. -B. 69.
- Abu Saʼd Samʼoniy. Al-Ansob. –Bayrut: Doru-l-janon, 1988. T. 3. –B. 375,376;
- Daminov I.I. Abu-l-Muin Nasafiy. –Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2013. – 108 b.
- Rudolf U. Al-Moturidiy va Samarkand sunniylik ilohiyoti. -T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi, 2001. -B. 86.