Home / YANGILIKLAR / HAR QARICH TUPPOFI MUQADDAS ZAMIN

HAR QARICH TUPPOFI MUQADDAS ZAMIN

Koʻhna Movarounnahr ham dunyoviy, ham diniy ilmlarda yuksak choʻqqilarni zabt etgan yuzlab zabardast allomalar yetishib chiqqan zamin. Afsuski, Chor Rossiyasi, undan keyin shoʻrolar saltanatining iskanjasida qolgan xalkimiz bir yarim asr davomida ulugʻ ajdodlar merosidan mosuvo boʻlib qoldi.

Istiqlolgacha xalqimiz faqat dunyoviy ilmlarda bemisl gʻayrat-shijoat koʻrsatgan allomalarimizni tanir, ular haqida ozmi-koʻpmi tasavvurga ega edi. Oyni etak bilan yopib boʻlmaganidek, ularning tadqiqot va kashfiyotlarini inkor etishning yoki maxfiy tutishning imkoni yoʻqligi sababligina shunday boʻldi. Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” yoki Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy” asari avval ruscha nashr etilgani, keyin noiloj oʻzbek tiliga oʻgirilgani shundan dalolat beradi.

Ilmiy merosga bunday yondashuv xalqni yupatib, oz-oz xoʻrak bilan aldashga urinishdan boshqa narsa emas. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari oʻzbek tiliga tarjima qilinmagani, rus tilidagi nusxasi yurtimizda sotuvga chiqarilmaganini boshqacha izohlash mumkin emas.

Ayniqsa, keyingi yillarda maʼnaviy-maʼrifiy merosimizni tiklash, oʻrganish, hayotimizga tatbiq etish va dunyoga tartib qilishga davlat eʼtibori kuchaydi.

Insonning maʼnaviy dunyosini boyitmay turib, koʻzlangan natijaga erishib boʻlmasligi tarixdan barchaga yaxshi maʼlum. Zero, dunyoviy ilmlarni puxta egallagan, lekin insoniy fazilatlarga ega boʻlmagan kishi bashariyat tamaddunini hayoldan faromush qilib, oʻz qobigʻidagi tor manfaatlarga chalgʻib qolishi mumkin.

Shuni inobatga olgan holda, davlatimiz rahbari yangi-yangi kasb-hunar va bilimlarni oʻrgatadigan taʼlim muassasalarini, xorijdagi nufuzli akademiya, universitet va institutlarning filiallarini ochish bilan birga, boy maʼnaviy-maʼrifiy merosimizni tadqiq etib, keng afkor ommaga yetkazadigan markazlarni taʼsis etmoqda, ulugʻ ajdodlarimiz qoʻnim topgan muqaddas qadamjolarni tiklab, atrofini obodonlashtirmoqda.

Ochiq eʼtirof etish kerakki, xalqimiz Buxoriy, Moturidiy, Termiziy nomlarini eshitgan, lekin ularning xayoti va ilmiy jasoratidan mutlaqo bexabar edi. Dunyo musulmonlarining aksar qismi eʼzozlab ulugʻlaydigan, nomlarini chuqur hurmat bilan tilga oladigan allomalar oʻz ona Vatanida eʼtibordan chetda qolib kelayotgan edi.

Endilikda yangi tashkil etilgan ilmiy markazlar shu buyuk merosni yangidan kashf qilib, teleradio va matbuot orqali, risola va kitoblar bilan jamoatchilikka yetkazmoqda. “Imom Buxoriy saboqlari” dasturi anʼanaga aylandi, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy”, Moturidiyning shoh asari – “Taʼvilot al-Qurʼon” ilk bor oʻzbek tiliga oʻgirildi va nashr qilindi.

Shunday xayrli ishlarning samarasi oʻlaroq, bugun “Hadis ilmida Amirul moʻminin” kimu “Imomul hudo” kim ekanini, ular qanday xizmatlari uchun milliarddan ziyod inson oldida shunday yuksak martabaga koʻtarilib turganini bilamiz.

Bu yoʻnalishdagi ishlar mantiqan bir-biriga bogʻlanib, uzviy silsilani hosil qilib bormoqda. Davlatimiz rahbarining bu borada belgilagan yoʻli oʻz vaqtida odillik va oqillik bilan tanlanganini hayotning oʻzi tasdiqlamokda.

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi Sultan Uvays Qaraniy ziyoratgohi ham uzoq yillar davomida qarovsiz qolgan, atrofi koʻrimsiz chakalakzor edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu maskanni obod qilish, ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoit yaratish tashabbusini ilgari surganidan soʻng katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Hech qancha vaqt oʻtmay, kishi koʻzini yashnatib, koʻnglini koʻtaradigan, ruhiy xotirjamlik baxsh etib, yaxshilikka undaydigan moʻtabar ziyoratgoh, barpo boʻldi.

Endilikda xalqimiz Sultan Uvays Qaraniyni ham yaqindan tanib, uning merosidan boxabar boʻladi. Manbalarda keltirilishicha, islom olamining tabarruk avliyolaridan biri sifatida eʼtirof etib kelinadigan, tarixiy kitoblarda “Ikki jahon kuyoshi”, “Yaman yulduzi”, deya ulugʻlangan Sultan Uvays Qaraniy paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom bilan zamondosh boʻlgan. Paygʻambarimiz oʻzlarining muborak chakmonlarini Qaraniyga meros qilib qoldirgan, sahobalarni uning duosini olishga chaqirganlar. Shundan ham uning martabasi naqadar ulugʻ ekanini anglash mumkin.

Ikkinchi xayotini boshlayotgan ziyoratgoh bugun tamomila oʻzgacha qiyofa kasb etgan. Maqbara butunlay qayta qurildi. 1400 oʻringa moʻljallangan masjid va tahoratxona, muzey va kutubxona, favvoralar, dam olish ayvonchalari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etildi. Bir vaqtda qadamjodan janubiy tomondagi Hazratning onasi xoki koʻyilgan “Bibi-Naima ona” ziyoratgohi ham toʻliq qayta qurildi.

Sultan Uvays Qaraniy ziyoratgohining ochilish marosimida ishtirok etgan olimlar, dinshunoslar, ulamolar, xorijlik tadqiqotchilar va yoshlar ham qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlardan benihoya katta taassurot olganini taʼkidladi. Yaxshi niyat bilan majmuaga Namangan viloyatining yangi “tashrif qogʻozi” deya taʼrif berildi.

Biz oldimizga baland va ulkan marralarni qoʻyganmiz. Mamlakatimizda “Uchinchi Renessans” poydevori yaratilmoqda. “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasi hayotimizning bosh mezoniga aylangan. Taraqqiyotni esa ilm-maʼrifatsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Shunday ekan, ajdodlarning boy merosi, yuksak maʼnaviyat va yetuk ilmu maʼrifati barchamiz uchun porloq istiqbolga boshlovchi yorqin va soʻnmas mayoq boʻlib qolaveradi.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 3 mart, №44 (300)

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …