Home / YANGILIKLAR / ZIYORAT TURIZMI: IMKONIYAT KOʻP, TASHABBUSLAR YETARLI, NAVBAT – NATIJAGA

ZIYORAT TURIZMI: IMKONIYAT KOʻP, TASHABBUSLAR YETARLI, NAVBAT – NATIJAGA

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ziyorat turizmini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan alohida eʼtiborga molik. Farmonda ziyorat turizmini taraqqiy ettirish va uning istiqbollari boʻyicha qator muhim masalalar oʻrin olganki, bu sohaning aniq va tizimli rivojlanish tendensiyalarini belgilab beradi.

Jumladan, buyuk alloma va ulamolarimiz, ayniqsa, Imom Buxoriyning bebaho merosini keng ommalashtirish hamda targʻib qilish maqsadida indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu, pushtu kabi xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yoʻldosh telekanalini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat yuritishini taʼminlash, rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish masalasi qoʻyilgan.

Albatta, bu hozirgi kunda juda muhim masala. Sababi, Oʻzbekiston tarixiy qadamjolari koʻpligi boʻyicha dunyodagi yetakchi oʻnta mamlakatdan biridir. Shuning uchun yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha keng imkoniyatlar mavjud. Lekin oldimizda mana shu boy tarixni dunyo hamjamiyatiga turli tillarda, turli rakursda koʻrsatish masalasi turibdi. Agar yoʻldosh telekanal orqali bu boy madaniy meros va obyektlarimizni butun dunyoga namoyish etsak, shubhasiz, sayyohlar oqimining koʻpayishiga asos boʻladi.

Yaqin kunlarda masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamo qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasini, uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqamiz. Bu ham juda muhim masalalardan biri hisoblanadi hamda ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli va oʻz vaqtida samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, moturidiya taʼlimotiga ergashuvchi millionlab insonlarning ziyorat markaziga aylanishiga zamin yaratadi.

Samarqand shahrida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros obyektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobonni yaratish tashabbusi ham yurtimizga kelgan har qanday sayyohda boy tariximiz, buyuk allomalarimiz haqida tugal maʼlumot olishi uchun muhim maskan boʻladi.

Buxoro shahrida islom dini tarixi va musulmon olamida mashhur boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi innovatsion muzeyni qurish hamda uni rivojlantirish masalasi ham tom maʼnoda tarix va bugunning uygʻunligini oʻzida aks ettiradigan loyiha boʻladi.

Bugun dunyo shiddat bilan rivojlanyapti, oʻsib kelayotgan yoshlarimiz fan-texnikaning eng soʻnggi imkoniyatlaridan foydalanmoqda va ushbu tendensiya bilan hamohang yashamoqda. Bu innovatsion muzey ana shu jihatlarni oʻzida mujassam etishi bilan nafaqat yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar uchun ham qiziqarli va maʼnaviy ozuqa oladigan joyga aylanishiga shubha yoʻq.

Bizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha boshqa mamlakatlarda mavjud boʻlmagan keng imkoniyatlar bor. Bugun shu imkoniyatlar eshigini ochish, dunyoga tarannum etish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Ayniqsa, “Umra+” yoʻnalishi (umra ibodatini amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoniga Oʻzbekiston orqali safar qilish) yurtimizning geografik joylashuvi va islom sivilizatsiyasi tarixidagi oʻrni sababli yirik potensialga ega loyihalardan biridir.

Bu borada Indoneziya, Malayziya, Pokiston va Turkiyaning tegishli vazirlik hamda idoralari bilan jadal ishlar olib borilmoqda. Koronavirus pandemiyasi dunyo boʻylab tarqalib, Saudiya Arabistoni chegaralarini yopgunga qadar Indoneziya va Malayziyadan ilk ziyoratchi guruhlarning Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi tarixiy qadamjolarga tashriflari tashkil etildi. Ushbu ziyoratchilar “Umra+” dasturiga binoan yurtimizdagi 3-4 kunlik ziyoratdan soʻng Saudiya Arabistoniga joʻnab ketishi yoʻlga qoʻyildi. Albatta, bu ishlar Saudiya Arabistoni umra dasturini tiklagandan keyin davom ettiriladi.

Kezi kelganda aytish joizki, gid-mutaxassislarimizdan dinshunoslik, islomshunoslik, islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasi kabi fanlardan bilimlar talab etiladi. Gidlar xorijiy ziyoratchilarning qaysi davlatdan ekani, ularning madaniyati, eʼtiqodiy qarashi, mazhabi va tariqatini inobatga olgan holda maʼlumotlarni mazmunli yetkazishi zarur.

Xuddi shu yoʻnalishda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ham mutaxassislar tayyorlamoqda. Jumladan, ushbu oliy oʻquv yurtida “Ziyorat turizmi” yoʻnalishida talabalar qabuli tashkil etilgan boʻlib, islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish — ISESCO hamda UNESCO va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish kafedralari faoliyat yuritmoqda. Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti ham bu sohada malakali kadrlar zaxirasini yetishtirmoqda.

2020 yilda pandemiya sababli ziyorat turizmini rivojlantirish borasida belgilangan qator chora-tadbirlar amalga oshmay qoldi, lekin 2021 yilda buni yanada kengroq koʻlamda bajarish boʻyicha ishlar jadal boshlangan.

Jumladan, yurtimizdagi yirik ziyoratgohlar, shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Nasafiy, Naqshbandiy va Yassaviy kabi ulugʻ allomalarning boy ilmiy meroslarini dunyoga keng targʻib qilish maqsadida tajribali imom-xatiblarimizdan iborat targʻibot guruhi shakllantirildi. Endilikda ushbu guruh reja asosida Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Malayziya, Indoneziya va Pokiston kabi davlatlarga joʻnatiladi. Hozirgacha ziyorat turizmi va allomalarimiz merosini targʻib qilishga oid bir qancha albom-prospektlar, ilmiy asoslangan kitoblar, risolalar tayyorlandi hamda nashr ishlari boshlab yuborildi. Albatta, bu materiallar turli tadbirlar va koʻrgazmalarda namoyish etishga moʻljallangan, lekin targʻibotchilarimiz faoliyati uchun ham muhim dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

Bugungi kunda ichki ziyorat turizmini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, yoshlarimizni oʻz ajdodlari kim ekanidan toʻliq xabardor qilish, tanitish, shonli tariximizni oʻrgatish, buyuk bobolarimizga munosib voris boʻlib voyaga yetkazish uchun mintaqaviy ziyoratgohlar dasturi doirasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, hozirgi kunda ishchi guruh tomonidan mamlakatimizning har bir hududida ziyorat turizmiga xizmat qiluvchi sayyohlik firmalarini ochish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Bu kabi saʼy-harakatlar Prezidentimiz farmonidan keyin yanada jonlanadi va turizmni rivojlantirish orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti boyib boradi.

Abdugʻofur AHMЕDOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 12 fevral, №31 (287)

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …