Home / MAQOLALAR / “SHARHUL VIQOYA” – OʻZBЕK TILIDA YOZILGAN ENG KATTA HUQUQIY MANBALARDAN BIRI

“SHARHUL VIQOYA” – OʻZBЕK TILIDA YOZILGAN ENG KATTA HUQUQIY MANBALARDAN BIRI

Bugun maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati mazkur yoʻnalishdagi ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni talab etmoqda. Bu borada nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida gʻoyat noyob hisoblangan, YUNЕSKOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan qoʻlyozmalar fondiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, shuningdek, qadimiy yozma manbalar fondiga ega boʻlgan muassasalar faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, ushbu nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari oldida qoʻlyozmalarni saqlash, taʼmirlash, mavjud fondlarni boyitib borish, tarixiy manbalar bilan ishlash uchun mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga qulay sharoitlar yaratish zaru­rati turibdi. Shuningdek, tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini har tomonlama chuqur oʻrganish, buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasini targʻib etish talab etiladi. Shu asosda yurtdoshlarimiz, avvalo, yosh avlodni xalqimizning buyuk maʼnaviy merosiga hurmat, ona yurtimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarni tubdan oshirish boʻyicha dolzarb vazifalar mavjudligini alohida taʼkidlash lozim.

Ana shu vazifalarni samarali hal etish maqsadida 2017 yil 24 may kuni Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub qoʻlyozma asarlarni oʻrganib, tadqiq va tarjima qilish va keng jamoatchilikka yetkazish tadqiqotchi va ilmiy xodimlar zimmasidagi muhim vazifaga aylandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining manbalar xazinasi fondida movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub koʻplab asarlarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Jumladan, Ubaydulloh ibn Masʼud (vaf. 747/1346.) qalamiga mansub bir necha asar mavjud. Ular orasida “Sharhul viqoya” asarining arab va fors tillaridagi qoʻlyozma nusxalari ham bor. “Sharhul viqoya” hanafiya yoʻnalishida yozilgan fiqhiy kitoblar orasida 61-oʻrinda turadi. Mazkur asarga yetmishdan ortiq sharh yozilgan. Chunki talabalar uni yodlaganidan soʻng mazmun-mohiyatini anglash va toʻliq tushunish uchun sharhga ehtiyoj sezadilar. Fikrimizcha, bu asar Abu Hanifa mazhabi boʻyicha oʻzbek tilida yozilgan eng katta huquqiy manbalardan biridir.

Hozir “Sharhul viqoya” asarining “Tahorat” kitobi tarjima qilindi hamda alloma Ubaydul­loh ibn Masʼud hayoti va ilmiy merosi tadqiqi bilan birga nashrga tayyorlandi. “Sharhul viqoya”ning mazkur qoʻlyozma nusxasi arab tili nastaʼliq xatida yozilgan boʻlib, 1871 yilda xattot Mullajon Muhammad ibn Erkaboy ibn Xoʻja Pardaboy tomonidan koʻchirilgan.

Ubaydulloh ibn Masʼud “Sharhul viqoya”dan tashqari, Abu Hanifa mazhabining asoslariga tayanib, “usulul-fiqh”, “furuʼul-fiqh” sohasida ham turli asarlarga sharhlar yozgan. Alloma haqida maʼlumot bergan tadqiqotchilar “faqihun hanafiyun” (hanafiy fiqhining olimi yo hanafiy mazhabidagi huquqshunos olim) iborasini uning ismi bilan yozib kelganlar. Ayniqsa, mazkur asarning qisqartmasi sifatida tanilgan “Muxtasarul-viqoya”ning turli tillarda yozilgan sharh va tarjimalari Abu Hanifa mazhabi asosida yuzaga kelgan Movarounnahr huquqshunosligi rivojiga katta hissa qoʻshdi. “Hidoya”ning magʻzini oʻz ichiga olgani uchun asrlar davomida u “Kichik Hidoya” nomi bilan mashhur boʻlib keldi.

Sodrush shariʼa Ubaydulloh ibn Masʼudning barcha asarlari hanafiy mazhabining ishonchli manbalaridan. Hozirgi kunda ham respublikamizdagi diniy taʼlim muassasalarida unga hanafiy fiqhini oʻrganish uchun asosiy manba sifatida murojaat qilinadi.

Manbalarda keltirilishicha, allomaning fikri teran va soʻzi oʻtkir boʻlgani bois, har qanday olim u kishi bilan ilmiy bahs va munozara qilishga jurʼat eta olmagan. Har bir masalaga sharʼiy dalillar va raddiyalarni kerakli oʻrinlarda daqiq tarzda yetkazib bera olgan. Toshkoʻprilizodadan hikoya qilinadi: “Alloma Qutbiddin Roziy Sodrush shariʼa bilan ilmiy munozara qilmoq istagida shogirdlaridan biri mavlono Muborakshohni u kishining huzurlariga yuboradi. Sodrush shariʼa u vaqtda Hirotda edi. Muborakshoh allomani Ibn Sinoning “Ishorat” kitobidan talabalarga dars aytib turgan holida uchratadi. Muborakshoh dars jarayonida Sodrush shariʼaning kitob musannifi Ibn Sino va uning shorihi Muhammad Tusiyga ergashmay, kuchli va yorqin dalillar bilan raddiya berayotganini koʻrib aqli lol qoladi va ustozi Qutbiddin Roziyga bunday maktub yoʻllaydi: “Bu kishi “narun vaqqodun”, yaʼni “yondiruvchi olov”dir. U kishi bilan munozara qilishingiz sizga malomat olib kelishi mumkin. Alloma oʻz fikri va ijtihodi ila ish koʻrar ekan…”. Shu bilan alloma Roziy shogirdining eʼtirofini qabul etib, maqsadidan qaytadi.

Millatimizning yetuk fiqhiy arbobi, oʻzidan soʻng avlodlarga munosib meros qoldirgan Ubaydulloh ibn Masʼud rahmatullohi alayh 747 hijriy, milodiy hisob boʻyicha 1346 yili bu foniy hayotdan koʻz yumadi. U kishining va oʻzlaridan keyingi barcha avlodlarining qabrlari Buxoro viloyatining Sherobod mavzesida joylashgan.

Abduvohid OʻROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 6 fevral, №27 (283)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …