Home / MAQOLALAR / ISLOM DINI ILMNI TARGʻIB QILADI

ISLOM DINI ILMNI TARGʻIB QILADI

Ilm olish dinimizda ulugʻ ibodatlardan sanaladi. Ilk nozil boʻlgan vahiyning “Oʻqi!” deb boshlanishi buning yorqin dalilidir. Shuning uchun ham islom dinining moʻtabar manbalarida ilm targʻib qilingan va ilm sohibi uchun baland darajalar vaʼda qilingan. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur” (Mujodala surasi, 11-oyat), degan.

Boshqa oyatda: “Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: “Allohdan oʻzga iloh yoʻqdir”, farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta) Undan oʻzga iloh yoʻq. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir” (Oli Imron surasi, 18-oyat), deb marhamat qilingan. Bu oyatda Alloh taolo avval Oʻzini, keyin farishtalarni, soʻngra ilm ahlini zikr etdi. Mana shuning oʻzi ilmning sharafli, fazilatli va nechogʻli ulugʻ ekanini anglashga kifoya qiladi.

Paygʻambar alayhissalomning hayot yoʻllari va aytgan soʻzlari ham ilm targʻiboti bilan toʻladir. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilish yoʻlida yursa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini yoyadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Albatta, olimlar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Albatta, paygʻambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi”, deganlar” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Ilm targʻibi va ilmning inson hayotidagi oʻrni haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning umr yoʻllarida bizga namuna boʻladigan misollar juda koʻp.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon kishi va muslima ayolga farzdir”, deganlar. Ushbu hadisdan maʼlum boʻladiki, islom dini ayol kishiga ham ilmni farz qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanmoqchi boʻlganlarida, hazrati Umar islom ummatiga yuksak bir fazilatni koʻrsatdi. U ham boʻlsa, otalik masʼuliyatini his qilgan holda, qizi Hafsani turmushga berish oldidan unga oʻqish, yozish va dinga doir ilmlarni oʻrgatdi. Buning uchun Banu Adiy qabilasidan bir ayolni yolladi. Hafsa onamiz haligi ayoldan yetarlicha ilm olganidan soʻng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdi. Toʻydan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati Umardan haligi ayol kelib, Hafsaga dars berishni davom ettirishini soʻradilar. U: “Ey Rasululloh! Hafsa ilmni yaxshi egallab oldi”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hafsa ilmni mukammalroq egallashini xohlayman”, dedilar.

Islom ilm talab qilishni ibodat darajasiga koʻtardi. Ulamolarning siyohini shahidlarning qoniga tenglashtirdi. Hasan Basriy: “Olimlar qalamining siyohi shahidlar qoni bilan oʻlchanadi. Shunda olimlar qalamining siyohi shahidlar qonidan ogʻir keladi”, degan. Zero, hech kim olim boʻlib tugʻilmaydi. Olimlik martabasi ilm oʻrganish va taʼlim olish bilan egallanadi.

Ilm – hikmat, poklik ramzi, ilmsizlik esa johillikdir. Ilm dinning asosi, ustunidir. Ilm ulugʻ xislat, eng yorqin fazilat boʻlib, insonning barkamol boʻlishini taʼminlaydi. Ilmni oʻqish, takrorlash, yozish bilan mustahkamlash lozim. Lekin ilmga amal qilinmasa, foydasiz boʻlib qolishini ham unutmaslik kerak.

Islomda ilm-fan egallash, maʼrifatli boʻlish juda savobli ish sanaladi. Hadisda: “Sadaqaning eng afzali ilm oʻrganib, soʻng uni boshqalarga oʻrgatishdir”, deyiladi.

Ilm olish borasida yurtimizdan ibrat boʻlarli allomalar juda ham koʻp boʻlgan. Ulardan biri Imom Buxoriydir. U haqda Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma bunday degan: “Bu dunyoda hadis ilmida Muhammad ibn Ismoildan koʻra bilimliroq va xotirasi kuchliroq biror kishini koʻrmadim”.

Imom Buxoriy: “Yuz ming sahih, ikki yuz ming sahih boʻlmagan hadisni yod oldim. “Sahih” kitobimga har bir hadisni yozishdan oldin gʻusl qilib, ikki rakat namoz oʻqidim. U sahih hadislarni olti yuz ming rivoyat orasidan saralab oldim va kitobni oʻn olti yilda yozib tugatdim. Soʻng uni oʻzim bilan Rabbim oʻrtasida hujjat qildim”, degan. Allomaning bu soʻzlarini eshitgan, oʻqigan, koʻrgan har qanday insonda ilm olishga ragʻbat va ishtiyoq paydo boʻladi va muttasil kuchayadi.

Ilm – hayotda orttirilgan tajribaning amaliy va nazariy natijasi. Inson ilm tufayli har qanday qiyinchilikdan osonlik bilan chiqib ketishi mumkin.

Shu bois yoshlarga ilm-maʼrifatli boʻlish va zamonaviy hunarlarni mukammal egallashni targʻib qilish eng muhim masalalardan sanaladi. Hazrati Ali roziyallohu anhu har bir davrda oʻziga xos boʻlgan ilmlarni oʻrganishga ishora qilib: “Farzandlaringizga oʻzi yashayotgan davr ilmlarini oʻrgating, chunki ular sizning davringizdan boshqa davrda dunyoga kelgan”, degan. Insonning solih va barkamol boʻlishi yoshligida olgan odob-axloqi va ilm-maʼrifatiga bogʻliqdir. Shuning uchun ham islom dini hamisha insoniyatni ilmga chorlab kelgan.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TOʻYLARIMIZ HAQIDA OʻYLARIMIZ

Oʻzbek xalqining uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan ayrim toʻy, oilaviy tantana, maʼraka …